إِۦلَـٰفِهِمْ رِحْلَةَ ٱلشِّتَآءِ وَٱلصَّيْفِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularning qish va yoz safarlarini lozim tutishi uchun!Уларнинг қиш ва ёз сафарларини лозим тутиши учун!Alauddin Mansour: — ularga qish va yoz safari oson qilib qoʻyilgani uchungina;— уларга қиш ва ёз сафари осон қилиб қўйилгани учунгина;
Qurayshliklar yozda bir, qishda bir karvon tuzib tijorat safari qilishga odatlanishgan va bu ishni oʻzlariga foyda manbasi sifatida lozim tutishgan edi. Ularning yozgi tijorat safarlari Shomga, qishki tijorat safarlari esa, Yamanga boʻlar edi. Bu ikki safarda qurayshliklar oʻz yurtlaridan tijorat uchun yaroqli narsalarni olib borib sotib, qaytishda qavmlariga kerak boʻlgan oziq- ovqat va kiyim-kechak kabi narsalarni olib kelar edilar. Ular ham borishda, ham kelishda tijoratlaridan katta foyda koʻrar edilar. Avvalo, ular xotirjam, hech narsadan qoʻrqmay safar qilar edilar. Ularga hech kim zarracha ham yomonlik sogʻinmas edi. Chunki, barcha odamlar ularni Baytullohning qoʻshnilari, Haromning aholisi, ular Kaʼbaning mutavallilari, deb hurmat qilishar edi. Hech kim ularga ozor bermasdi, yomonlik ham yetkazmasdi. Ayniqsa, Fil hodisasidan soʻng qurayshliklarning obroʻsi yana ham koʻtarilib ketdi. Ularni amirlar va podshohlar ham ulugʻlaydigan boʻlib qoldi. Binobarin, tijoratlaridan keladigan manfaat va foydalar ham mislsiz darajada oʻsdi. Ushbu oyati karimalarda qurayshliklarga oʻsha neʼmatlar eslatilmoqda.
Kelasi oyatlarda esa, mazkur neʼmatlar shukronasiga ular nima qilishlari lozimligi bayon etiladi.