فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَٱسْتَغْفِرْهُ ۚ إِنَّهُۥ كَانَ تَوَّابًۢا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bas, Robbingni poklab yod et va Unga istig`for ayt. Albatta, U tavbalarni ko`plab qabul etuvchidir.Бас, Роббингни поклаб ёд эт ва Унга истиғфор айт. Албатта, У тавбаларни кўплаб қабул этувчидир.Alauddin Mansour: Darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va U zotdan magʻfirat soʻrang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi boʻlgan Zotdir.Дарҳол Парвардигорингизга ҳамд айтиш билан (У зотни ҳар қандай «шерик»лардан) покланг ва У зотдан мағфират сўранг! Зеро, У тавбаларни қабул қилгувчи бўлган Зотдир.
Albatta, Alloh taoloning nusrati va fathning kelishi, odamlarning jamoa-jamoa boʻlib Allohning diniga kirishlari ulugʻ neʼmatdir. Unga munosib ravishda shukr qilish lozim. Bu, Alloh taoloni barcha nuqsonlardan poklab yod etish, U zotga hamdu sanolar aytish bilan boʻladi.
Ammo surai karimadagi Allohning nusrati va fath kelganida, odamlar toʻp-toʻp boʻlib Allohning diniga kirishganda istigʻfor aytish–gunohlarni kechishni soʻrash oʻziga yarasha hikmatga egadir. Banda Alloh taoloning nusrati va fath kelguncha oʻtgan kurash va jihod davrida, qiynalgan paytlarida tushkunlikka tushgan, noumid boʻlgan, xayoliga baʼzi salbiy fikrlar kelgan boʻlishi mumkin, ana shuning uchun gʻalaba paytida istigʻfor aytishga amr qilinmoqda. Shuningdek, nusrat va gʻalaba kelgandan keyin bandaning qalbida bir oz gʻururlanish paydo boʻlishi ham mumkin. Shuning uchun ham, oyatda bunday holatda istigʻfor aytishga amr qilinmoqda. Bu amrga itoat misolini Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy misollarida aniq koʻramiz. Ul zot sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni shaharga tavozeʼ qilib, muborak peshonalari egar qoshiga tegay deb, egilgan hollarida kirganlar.
Ushbu surai karimada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlariga ishora borligi uchun uni «Vidolashuv» surasi deb ham vasf qilinadi. Ushbu sura nozil boʻlganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga: «Shuni mening ajalim hozir boʻlgani deb bilaman», deganlar.
Imom Qurtubiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda: «Ushbu sura Vidolashuv hajida Minoda nozil boʻldi, soʻngra «Bugungi kunda diningizni mukammal qildim» oyati nozil boʻldi. Ikkovlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sakson kun yashadilar», deyilgan.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Umar meni Badr shayxlariga qoʻshar edi. Baʼzilariga bu yoqmas edi. Oʻshalar unga: «Nima uchun bolamiz tengi odamni bizga qoʻshasan?!»–dedilar. U esa:
«U oʻzingiz bilgan odam!»–dedi. Bir kuni u meni chaqirib, ularga qoʻshdi. Ularga mening kimligimni bildirib qoʻyish uchun qoʻshganini bilib turardim.
Keyin Umar:
«Alloh taoloning «Izaa jaaʼa nasrullohi val fathu» degan qavliga nima deysizlar?»–dedi. Ulardan baʼzilari:
«Qachon bizga nusrat yoki fath bersa, Allohga hamd va istigʻfor aytishga amr qilindik, deymiz», dedilar. Baʼzilari esa, sukut saqlab, biror narsa, demadilar. Shunda u menga:
«Sen ham shundoq deysanmi, ey, Ibn Abbos?!»–dedi.
«Yoʻq», dedim.
«Nima deysan?»–dedi.
«Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ajallaridir. Alloh buni u zotga bildirdi. «Agar Allohning nusrati va fath kelsa» oʻsha ajalning alomatidir. «Bas, Robbingni poklab yod et va Unga istigʻfor ayt. Albatta, U tavbalarni koʻplab qabul qiluvchidir», dedi», dedim. Shunda Umar:
«Allohga qasamki, men ham bu borada faqat sen aytgan narsanigina bilaman, xolos», dedi.
Oisha onamiz roziyallohu anho aytibdilarki: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrlarining oxirida «Subhanallohi va bi hamdihi, astagʻfirullohi va atubu ilayhi»ni koʻp takrorlaydigan boʻlib qoldilar va aytardilarki, Robbim kelajakda ummatimda bir alomat koʻrishimning xabarini bergan edi va shu alomatni koʻrganimda tasbeh, hamd va istigʻfor aytishga buyurgan edi, deb «Izaa jaaʼa»ni oʻqirdilar!»
Shu mazmundagi boshqa rivoyatlarni ham oʻrgangan ulamolar Alloh taolo bilan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam oralaridagi alomat «Nasr» surasining tushishi edi, deydilar.
Rivoyat qilinganki, «Nasr» surasi nozil boʻlganda Paygʻambarimizning amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib yigʻlagan ekanlar. Paygʻambar alayhissalom u kishidan, nimaga yigʻlayapsan, deb soʻraganlarida, Sizga vafotingiz xabari kelgani uchun yigʻlayapman, debdilar. Shunda u hazrat alayhissalom, ish sen aytganingdek, degan ekanlar.
Imom Nasaiy rivoyatlarida «Nasr» surasi Qurʼoni Karimning toʻrtdan biriga tengligi haqida xabar bor.