مِن شَرِّ ٱلْوَسْوَاسِ ٱلْخَنَّاسِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Berkinib, ko`rinib turuvchi vasvasachining...Беркиниб, кўриниб турувчи васвасачининг...Alauddin Mansour: (Qachon Allohning nomi zikr qilinganida) yashirinib oladigan vasvasachi (shayton)ning yomonligidan panoh berishini soʻrab iltijo qilurmanki,(Қачон Аллоҳнинг номи зикр қилинганида) яшириниб оладиган васвасачи (шайтон)нинг ёмонлигидан паноҳ беришини сўраб илтижо қилурманки,
«Naas» surasi oyati karimalari maʼnosi tarjimalarini tushunarli boʻlishi uchun birdaniga keltirib olganimizdan keyin, endi, Alloh taolodan madad soʻragan holimizda yakka-yakka tafsir qilishga oʻtaylik.
«Odamlar Robbisidan...»
Yaʼni, odamlar Robbisidan panoh soʻrayman.
Alloh taoloning Robb sifati oʻzida koʻp maʼnoni mujassam qilgandir: Xoliq, Murabbiy va Mudabbir... U zot odamlarni yoʻqdan bor qilib yaratgan Xoliq, turli neʼmatlar ila neʼmatlantirib oʻstirgan Murabbiy va doimo ishlarni yuritib turuvchi Mudabbirdir. Albatta, Alloh taolo barcha maxluqotlarning Robbisi boʻlsa ham, bu yerda odamlarning xos zikr qilinishi bandalarni sharaflash va ikrom qilish uchundir. Alloh taolo borliqdagi barcha narsalarni odamlar uchun yaratgandir. Ularga aql, ilm, kitob va shariat bergandir. Ularga farishtalarni sajda qildirgandir. Binobarin, odamlar maxluqotlarning afzalidirlar.
«Odamlar podshohidan...»
Yaʼni, odamlarning podshohidan, egasidan panoh soʻrayman.
Alloh taolo hamma xaloyiqning Maliki–podshohi va egasidir. Alloh taoloning egaligi toʻliq, shomil va komildir. Shuning uchun ham, Alloh taolo ularning hayotini toʻla boshqarib, Oʻz hukmini yuritib turadi. Demak, panoh tilash faqatgina oʻsha Zotning Oʻzidangina boʻlishi lozim.
«Odamlar Ilohidan panoh soʻrayman...»
Yaʼni, odamlarning ibodatiga sazovor yagona Zotdan panoh soʻrayman.
Ha, barcha odamlarning ibodatiga sazovor yagona iloh, maʼbud– Alloh taoloning Oʻzidir. Binobarin, odamlar U zotning Oʻzidangina panoh soʻrashlari, faqat Uninggina panohiga qochishlari kerak.
Ushbu uch oyat haqida alloma Ismoil ibn Kasir quyidagilarni yozadilar: «Ushbular Robb jalla jalaluhuning sifatlaridan uch sifatdir: Robblik, Maliklik va Ilohlik. U har bir narsaning Robbi, Egasi va Ilohidir. Hamma narsalar Uning maxluqi va mulkidirlar. Bas, panoh tilovchi ushbu sifatlar ila sifatlangan Zotdan panoh soʻrashga amr qilindi».
Endi esa, kelasi uch oyatda mazkur sifatlar ila mavsuf Alloh taoloning panohiga nimaning yomonligidan qochish kerakligi bayon qilinadi.
«Berkinib, koʻrinib turuvchi vasvasachining...»
Ushbu oyatda zikr qilingan «berkinib, koʻrinib turuvchi»dan murod shaytondir. Chunki, inson Robbisini zikr qilib turganda, shayton qochib, berkinib oladi. Shuningdek, banda oʻz Robbisini unutsa, shayton darhol koʻrinadi va uni vasvasa qilishni boshlaydi.
Al-Hofiz al-Musiliy rivoyat qilgan hadisda: «Albatta shayton burnini odam bolasi qalbiga qoʻyuvchidir. Qachon u Robbisini zikr qilsa shayton berkinadi. Qachon u Robbisini unutsa, qalbini rom etib, vasvasa qila boshlaydi», deyilgan.
«Odamlar qalblariga vasvasa soladiganning...»
Shaytonning vasvasasi maʼlum va mashhur. U, inson qalbiga gunoh ishlar qilish, oʻziga ergashish, Alloh taologa osiy boʻlishni ziynatlab koʻrsatadi.
«Jinlar va odamlardan boʻlganning yomonligidan, deb ayt.»
Ushbu oyat shayton odamlardan ham, jinlardan ham boʻlishiga dalildir. Moʻmin, musulmon inson doimo ham ins shayton, ham jin shayton vasvasasidan, yomonligidan panoh soʻrab Alloh taologa iltijo qilib turmogʻi lozim.
Jindan boʻlgan vavasachining ishi osonroq. Allohdan panoh soʻrasang, duolarni–ushbu suralarni oʻqisang, qaytadi. Ammo odamdan boʻlgan vasvasachi juda ham xatarli.
Imom Buxoriy Oisha onamizdan rivoyat qiladilar:
«Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotsalar, ikki kaftlariga «Qul huvallohu ahad», «Qul aʼuuzu birobbil falaq» va «Qul aʼuuzu birobbinnaasi» suralarini oʻqib, dam solib, badanlariga surtib yotardilar».
«Falaq» va «Naas» suralari bir-birlariga uzviy bogʻliqdir. Ularning nozil boʻlishi ham birga boʻlgan va doimo birga zikr qilinadi. Ushbu ikki sura birgalikda qoʻshilib «Muʼavvizatayni»– «ikki panoh tilovchi» deb nomlanadilar. Chunki, ikkovlari ham «aʼuuzu»–panoh tilayman–soʻzi ila boshlanadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham ikki muʼavvizatayni birgalikda zikr qilingan:
Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho: «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam, qachon toblari qochsa, muʼavvizataynni oʻqib dam solar edilar. Ul zotning dardlari ogʻirlashganda, men qiroat qilib, barakasi umidida qoʻllarini surtar edim», deganlar.
Imom Muslim va imom Termiziy Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech koʻrilmagan. «Qul aʼuuzu birobbil falaqi», «Qul aʼuuzu birobbinnaasi», dedilar.
Imom Abu Dovud va imom Nasaiy Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini safarda yetaklab borardim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: «Ey Uqba, eng yaxshi ikki surani senga oʻrgatib qoʻyaymi?»–dedilar va «Qul aʼuuzu birobbil falaqi» va «Qul aʼuzu birobbinnaasi»ni oʻrgatdilar.»
Imom Abu Dovud va imom Nasaiy yana Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan al-Juhfa va al-Abvaʼ orasida yurib borar edim. Bizni yomgʻir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muʼavvizatayni ila panoh soʻray boshladilar va: «Ey Uqba, ikkovi ila panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkisichalik narsa ila panoh tilamagan», dedilar. Soʻngra, bizga imom boʻlib namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim».
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Diyorimiz Islom dini nuri ila munavvar boʻlganiga oʻn besh asr boʻldi. Bu davr mobaynida xalqimiz ichidan avlodlarga koʻplab madaniy meros qoldirgan buyuk allomalar, mufassirlar yetishib chiqdilar. Taassufki, «oliy maqsadlarga yetish» bahonasida ajdodlar imlosi bahridan oʻtish oqibatida mazkur tuganmas meroslardan uzilib qolgan xalqimiz hali hanuz ulardan toʻla bahramand boʻlolgani yoʻq. Oʻlkamizda soʻnggi marta Qurʼoni Karim tafsiri qachon bitilganini hech kim eslay olmaydi.
Bu muborak dasturimizning ona tilimizda maʼnolari tarjimasi, tafsiri boʻlmasa! Bir vaqtlar Islom nuri yogʻdusida yashagan xalq zulmatda qoldi. Alloh taologa shukrlar boʻlsinkim, endilikda zulmat chekinib, qora tun qaʼridan hilol yogʻdu sochmoqda. Shuning uchun ham, qoʻlingizdagi kitobni «Tafsiri Hilol» deb atadik. Xayrli ishning debochasi boʻlmish bu yozuvlar uch kunlik oy–hilol misoli xalqimiz maʼnaviyatiga nur sochib tursin. Inshoalloh, kelgusida koʻplab tafsirlar yozilajak, badr–oʻn toʻrt kunlik oy kabi qadriyatlarimiz osmonida yanada nurafshonroq nur taratib, porlab turajak.
Bu tafsir keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan boʻlib, dinimiz asoslarini oʻrganuvchi har bir moʻmin-musulmon undan isteʼfoda etib, manfaat topajak, inshoalloh. Alloh taolo har bir narsani bilguvchi zotdir.
«TAFSIRI HILOL» OʻQUVCHILARIGA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qurʼonni insoniyat uchun qiyomatgacha boqiy hidoyat mayogʻi, barchani ojiz qoldiruvchi bayoni va ikki dunyo saodatiga eltuvchi dasturul amal qilib nozil etgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar boʻlsin!
Qurʼonni Robbul olamiyndan qabul qilib olgan, uni butun olamlarga omonat ila yetkazgan, ham oʻqishni, ham uqishni oʻrgatgan, hayotga tamomiyla tatbiq etib koʻrsatgan sevimli paygʻambarimiz, Alloh taoloning habibi Muhammad al-Amiynga eng pok va eng yuksak salovotu durudlar boʻlsin!
Jannat yoʻlining yoʻlboshchisi, Paygʻambarlarning sayyidi, olamlarga rahmat qilib yuborilgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan Qurʼonni harfma-harf ixlos ila qabul etib olib, butun vujudlariga singdirib, unga oyatma-oyat amal qilib, zaminda ikki oyoq-la odim otib yuruvchi jonli qurʼonlarga aylangan sahobai kiromlardan Qurʼonni nozil etgan Zot–Alloh taolo rozi boʻlsin.
Oʻtgan jamiyki ahli Qurʼonlarni, Unga eʼtiqod qilgan ahli iymonlarni, Uni qalblari ila tasdiqlagan ahli irfonlarni, Unga amal qilgan ahli Islomlarni ularga Qurʼonni bergan Zot Oʻzidan boshqa molik yoʻq kunda Qurʼon shafoati ila Oʻz rahmati ila qamrab olsin!
Ammo baʼdu, aziz va muhtaram tafsirxon! Avvalo oʻz Robbisi afviga muhtoj, sizdek muxlislarning duosiga sohibi ehtiyoj kamina xodimingizga Siz janobni umringizdagi eng savobli, eng barakali va eng foydali faoliyatning ibtidosi ila muborakbod etishga lutfu karam ila ijozat bergaysiz.
Zotan, janobi oliyingiz Alloh taolo bergan muborak qoʻlingizga Alloh azza va jalla nozil etgan muborak kitobning tafsirini oldingiz. Endi, siz muhtaram, muborak koʻzingiz nurini toʻkadigan satrlar, yerdan chiqqan maʼnolarni anglatuvchi satrlar emas, balki yetti osmonning ustidan, Alloh subhanahu va taoloning dargohidan eng ishonchli va eng muqarrab farishta olib tushgan ilohiy kalomini, uning maʼnolarini, uning tafsirini anglatuvchi satrlar ekanligini bir lahza ham unutmasligingiz lozimu lobuddir.
Ha, aziz va muhtaram tafsirxon! Siz odatdagi oddiy faoliyatni amalga oshirayotganingiz yoʻq. Siz muhtaram, favqulodda bir faoliyatni boshlamoqdasiz, kalomi Robbul olamiynni oʻqimoqdasiz, Qurʼoni Karim oyatlari maʼnosini oʻqimoqdasiz, ilohiy dastur tafsirini oʻqimoqdasiz. Zoti oliylariga maʼlumki, favqulodda ishni bajarish uchun favqulodda hozirlik, favqulodda gʻayrat, favqulodda eʼtibor va favqulodda saʼy-harakat zarurdir. Mazkur narsalar roʻyxati ibtidosida tahorat(poklik) deb atalmish, juda ham ulugʻ va zarur narsa turadi. Ha, Tohir–pok sifati ila sifatlangan Zot–Alloh taoloning kalomi poki boʻlmish, Arshi aʼlodagi pok sahifalarga bitilmish, u yerdan samoi dunyoga pok farishtalar vositasi ila indirilmish Qurʼoni Karim ila boʻladigan har bir bogʻlanish, har bir aloqa faqatgina tahorat– poklik orqali boʻlmogʻi vojib. Ha, qadrli va moʻʼtabar tafsirxon, hozir siz boshlayotgan muborak faoliyat uchun poklik lozimu lobuddir. Poklik boʻlganda ham, toʻliq va toʻkis maʼnodagi poklik: ham moddiy maʼnodagi poklik, ham maʼnaviy maʼnodagi poklik lozimdir. Binobarin, ushbu kitobingizni har safar qoʻlingizga olishdan oldin tahoratli boʻlishga, kiyim-boshingiz, makoningiz pok boʻlishiga alohida eʼtibor berish masʼuliyatidadirsiz. Eng muhimi, maʼnaviy poklik, dil pokligidir. Bu ishga alohida gʻayrat sarflashingiz majburiyatingizdir. Chunki, pok Parvardigorning pok kalomini oʻqish-oʻrganish, uqish-singdirish uchun pok badan, pok libos, pok makon mavjudligi ila pok niyat, pok qalb, pok ong, pok eʼtiqod va pok maʼnaviyat asosiy shartdir. Zotan, pok narsani qabul qilib olish uchun pok joy kerakdir. Robbul olamiynning Oʻzi kalomi poki haqida:
«Uni poklanganlardan oʻzga tutmas», deb qoʻyibdir.
Qurʼoni Karim Alloh taoloning pok kalomi ekanligi haq. Agar bir banda mazkur kalomi pokni ixlos ila oʻrganishga harakat qilsa, albatta foyda topar. Mabodo, biror xalal yetsa, banda aybni oʻzidan axtarsin.
Aziz va muhtaram tafsirxon, siz Alloh taoloning kalomini oʻqish-oʻrganish baxtiga noil boʻlmoqdasiz. Hozirgacha oʻqib yurgan narsalaringiz bandalarning kalomi edi. Albatta, Allohning kalomi bilan bandaning kalomi orasida farq boʻlishi muqarrar. Ushbu muqarrar farq qanchalik deysizmi? Yaxshisi, bu savolni Kalomullohni birinchi bor Alloh taolodan qabul qilib olgan inson, Alloh taoloning kalomiga birinchi roʻbaroʻ boʻlgan zot, Kalomullohni insoniyatga yetkazgan zot–sevimli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan soʻraylik. Ul zot sollallohu alayhi vasallam bu savolga imom Termiziy Abu Saʼid al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislari ila:
«Kalomullohning boshqa kalomlardan fazli Alloh taoloning maxluqotlaridan fazlichadir», deb javob berurlar. Endi, qanchalik ulugʻ ishga qoʻl urayotganimizni anglab yetgan boʻlsak, ajab ermas. Ha, aziz tafsirxon, siz bilan biz oʻrganmoqchi boʻlayotgan Kalomullohning boshqa kalomlardan ortiqchaligi Allohning bandadan qancha ortiqchaligi boʻlsa, shuncha bordir. Ushbu ulkan haqiqatni tushunib yetganimizdan soʻng, oʻzimiz oʻrganayotgan kalomi sharifning oliy maqomiga munosib boʻlmoqqa intilishimiz lozim.
Hurmatli tafsirxon, Alloh taolo siz bilan bizga ushbu kitob orqali Oʻzining kalomi sharifiga oshno boʻlishni nasib etishi ila ulkan va benazir saodatni ato etdi. Siz bilan biz dunyodagi yakkayu yagona, bir harfi ham oʻzgarmay saqlanib kelayotgan, Alloh taoloning Oʻzi qiyomat qoyim boʻlguncha sof holida saqlashni zimmasiga olgan muqaddas kitobni oʻrganish baxtiga muyassar boʻldik. Dunyoda Qurʼoni Karimdan boshqa sof, oʻzgarishga uchramagan ilohiy, samoviy kitob yoʻq. Baʼzi bir ilohiy kitoblik nisbati berilayotgan kitoblar asl holidan boshqacha boʻlib, turli gʻarazgoʻy fikr va gapu soʻzlar qoʻshilib, buzuq holga kelib qolganlar. Agar, mabodo, ular buzilmay qolgan boʻlganda ham, baribir, Qurʼoni Karim kelganidan soʻng mansuhdirlar. Yaʼni, Qurʼon nozil boʻlgandan keyin avvalgi ilohiy kitoblarning bari bekor qilingan. Binobarin, siz bilan biz dunyodagi eng ulugʻ, eng muqaddas, eng pok, eng barakali kitobni oʻrganayotgan boʻlamiz.
Ha, aziz tafsirxon! Siz bilan biz oddiy kitobni oʻqiyotganimiz yoʻq. Siz bilan biz ilohiy kitobni oʻqimoqdamiz. Bu qilayotgan ishimiz uchun esa, sodiqul masduq sifatiga ega boʻlgan, har bir gaplari sidqdan iborat boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan koʻp bashoratli hadislar rivoyat etilgan. Chunonchi, imom Termiziy Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda habibi Robbul olamiyn sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Allohning kalomidan bir harf oʻqisa, unga oʻsha uchun yaxshilik yozilur. Bir yaxshilik esa, oʻn misliga koʻpaytirilur. Alif, Laam, Miym harf demasman. Lekin, Alif harfdir, Laam harfdir, Miym harfdir», deganlar.
Koʻrdingizmi azizim, bir suraning boshida kelgan Alif, Laam, Miym bir emas, uch harfdir. Ularga bittadan uchta savob beriladi. Soʻngra oʻn mislicha koʻpaytirilib oʻttizga yetkaziladi. Bu vaʼda oʻsha harflarni qiroat qilgan odamga. Ammo siz bilan biz ul muborak harflarni qiroat qilganimizdan soʻng maʼnolari tarjimasini, soʻng esa tafsirini, ularga amal qilishni ham oʻrganamiz. Bu ishlar mukofotiga Robbimiz subhanahu va taolodan beriladigan ajru savoblarni tushunib olsak boʻlaveradi. Demak, qoʻlimizdagi kitobimizning har bir harfini oʻqishimiz uchun alohida savob olamiz. Ana shu baxtni gʻanimat bilmoq esa bizning burchimizdir.
Siz muhtaram, oʻzingiz Kalomullohning tafsirini oʻqib oʻltiribsiz. Lekin siz yolgʻiz emassiz. Yoningizda oʻzingizga biriktirilgan ikki farishta bilan birga Qurʼoni Karim oʻrganayotganingiz sharofati ila nozil boʻlmish sakiyna ham bor. «Sakiyna» deganimiz oddiy koʻzga koʻrinmas bulutsimon narsa boʻlib, Alloh taoloning maxluqotlaridandir. Unda xotirjamlik, rahmat va sokinlik boʻlib, u ila farishtalar hamroh boʻladilar. Sakiyna ila qalb musaffo boʻlib, nurga toʻlgani uchun ham u «sakiyna» nomini olgan. Bu gaplar havodan olib aytilgan emas. Bu gaplar Rasuli Robbul olamiyn sollallohu alayhi vasallamning gaplaridir.
Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Termiziy Baroʼ roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Bir kishi surai «Kahf»ni qiroat qilardi. Uning oti oldiga ikki arqon ila bogʻlab qoʻyilgan edi. Uni bir bulut oʻrab olib, aylanib unga yaqinlasha boshladi. Oti esa, choʻchib, undan qocha boshladi. Tong otgandan soʻng, haligi odam Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga boʻlgan hodisani zikr etdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Ana oʻsha sakiynadir. Qurʼon uchun nozil boʻlibdir», dedilar».
Boshqa rivoyatlardan aniqlanishicha, mazkur sahobiy Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu boʻlganlar. Otning tipirchilashidan xavotirlanib qiroatni toʻxtatganlarida, haligi sakiyna ham toʻxtagan. Ot tinchlanib, qiroatni qayta boshlasalar, sakiyna ham yana tushishda davom etgan. Bu hol bir necha bor takror boʻlgan.
Endi muhtaram tafsirxonga qandoq kalomni oʻrganayotgani yana ham ravshan boʻlgandir. Siz bilan biz ana oʻsha oʻrganayotgan narsamizga munosib oʻrganuvchi boʻlishimiz darkor.
Ehtimolki, siz janobingiz Kalomullohni oʻqishda, oʻrganishda, uqishda qiynalarsiz. Tilingiz uncha kelishmas. Maʼnolarni tushunishingiz qiyin boʻlar. Chunki, avvallari tartibli diniy, Qurʼoniy taʼlim koʻrmagan kishilar uchun bu tabiiy bir hol. Lekin, agar shundoq boʻlganda ham, siz oʻksinmang. Yaxshiroq bilganimda tezroq, koʻproq oʻqir edim, savobni ham shunga yarasha olardim, deb hasratlanmang. Kalomullohni oʻqishda, oʻrganishda qiynalganning ham oʻziga yarasha savobi bor.
Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Dovud va imom Termiziy ummul moʻminiyn Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisi sharifda sevikli Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Qurʼonga mohir kishi elchi, hurmatlangan, itoatkor (farishta)lar bilandir. Qiroat qilsa-yu, bu uning uchun qiyin boʻlganga esa, ikki ajr bordir», deganlar.
Qurʼonni yaxshilab oʻrganib, unga mohir boʻlgan kishilar malakut olamida Qurʼon ishini yuritib turuvchi farishtalar bilan birga boʻlar ekanlar. Ammo, Qurʼon oʻrganishda qiynalayotganlarga ikki ajr bor ekan: Qurʼon oʻqigani uchun bir ajr, oʻqishda qiynalgani uchun bir ajr.
Qiyinchiliksiz bir narsaga erishib boʻlmasligi maʼlum. Odamlar boʻlgan-boʻlmaganga, harom-xarish ishlar uchun ham qanchadan- qancha qiyinchiliklarga dosh beradilar. Siz bilan biz eng sharafli, eng savobli, eng foydali ish uchun baʼzi bir qiyinchiliklarga duchor boʻlsak, nima qilibdi. Aslini olib koʻrganda, Kalomulloh yoʻlidagi har bir ish huzur-halovat va rohat-farogʻatdir. Asosiy qiyinchilik, asosiy qiynoq, asosiy baxtsizlik Kalomullohdan bexabar va bebahra qolishlikdir. Imom Termiziy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam:
«Ichida Qurʼondan biror narsa boʻlmagan kimsa xaroba uyga oʻxshaydir», deganlar.
Bunday boʻlishidan Alloh taoloning Oʻzi asrasin! Demak, siz bilan biz ushbu kitobimiz orqali oʻrganayotgan har bir narsa ila qalb uyimiz, iymon-eʼtiqod uyimiz, maʼnaviyat uyimiz obod boʻlib boradi. Ushbu baxtu saodat ham har kimga muyassar boʻlavermaydi.
Oʻzimiz urinib Kalomullohni oʻrganishimiz ila ajru savoblar berilishi, sakiyna tushishi, qalb uyimizning xarobalikdan chiqib obod boʻlishi va yana shunga oʻxshash ikki dunyomiz obodligi uchun koʻpgina narsalarga erishar ekanmiz. Bu muborak ishga iloji boricha koʻproq, ixlos bilan urinmogʻimiz darkor.
Yana bilib qoʻyishimiz lozim boʻlgan bir haqiqat bor. Bu haqiqat ham Alloh taoloning kalomini oʻrganish ila chambarchas bogʻliq. Qurʼoni Karimni oʻrganishni boshqalar bilan, koʻpchilik boʻlib amalga oshirish ila mazkur harakat uchun beriladigan ajru savob, xayru baraka va ulkan darajalar ham oshib boradi. Chunki, Qurʼoni Karim yolgʻiz shaxslarga emas, jamoatga atab nozil qilingan ilohiy dasturdir. Unga toʻliq amal qilish faqat koʻpchilik bilangina zohir boʻlishi mumkin. Qolaversa, koʻpchilikda baraka bor, oʻqish- oʻrganish jarayonida birov mulohaza qilmagan narsani boshqasi mulohaza qilishi, biri xatoga yoʻl qoʻysa, ikkinchisi toʻgʻrilashi mumkin. Shuning uchun ham, hadisi shariflarda koʻpchilik boʻlib Qurʼon oʻrganishga alohida ahamiyat bilan targʻib qilingan.
Imom Muslim va imom Abu Dovud Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Biz suffada oʻtirgan edik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:
«Sizlardan qay biringiz har kuni ertalab Buthonga yoki Aqiqqa borib, Allohga gunoh qilmasdan va qarindoshlik aloqasini uzmasdan, katta oʻrkachli ikkita tuyani olib kelishni xohlaysiz?» – dedilar.
«Ey, Allohning Rasuli, hammamiz buni xohlaymiz», dedik bizlar. Shunda u zot:
«Albatta, sizdan biringiz har kuni masjidga borib, Alloh azza va jallaning kitobidan ikki oyatni taʼlim olmoqligi uning uchun ikkita tuyadan yaxshiroqdir. Uchtasi uchtadan yaxshiroqdir. Toʻrttasi toʻrttadan yaxshiroqdir. Oyatlarning adadi qancha boʻlsa, oʻshancha tuyadan yaxshiroqdir», dedilar».
Oʻsha paytda har bir arab uchun katta oʻrkachli tuya qandoq katta boylik ekanligini, uni halol-pok yoʻl bilan, Alloh taologa gunoh qilmay, qarindoshlar haqqini poymol qilmay topish qanday baxt ekanligini bilsak, Qurʼoni Karimning har bir oyatini oʻrganish katta oʻrkachli tuya topishdan ham yaxshiroq mulk ekanining ahamiyatini tushunib yetgan boʻlamiz.
Ha, bizning muqaddas dinimiz Islomda ilm oʻrganish, ayniqsa, Alloh taoloning kitobi boʻlmish Qurʼoni Karimni tilovat qilish, uni dars qilib oʻqib, tafsirini oʻrganish ulugʻ ish hisoblanadi. Mazkur ishning qadr-qiymati va ulugʻvorligini, ayniqsa, koʻpchilik boʻlib oʻrganish qadr-qiymati va ulugʻvorligini yana ham aniqroq tushunib yetmoq uchun mahbub Paygʻambarimiz Sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak soʻzlariga quloq osaylik. U zoti bobarakot imom Muslim va imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi shariflarida quyidagilarni aytadilar:
«Kim talabi ilm yoʻlida yursa, Alloh unga jannat yoʻlini osonlashtirur. Qaysi bir qavm Allohning uylaridan bir uyda jamʼ boʻlib, Allohning kitobini tilovat qilsalar, uni oʻzaro dars qilib oʻrgansalar, albatta, ularning ustilaridan sakiynat nozil boʻlur, ularni rahmat qamrab olur, ularni maloikalar qurshab olur va ularni Alloh Oʻz huzuridagi kimsalar ichida zikr qilur».
Ushbu hadisi sharifni tadabbur ila tafakkur qilib koʻraylik. Dunyoda Alloh taoloning kitobini tilovat qilish uchun, uni dars qilib oʻqish uchun jamlangan kishilardan ham baxtliroq, saodatmandroq jamoa bormikan?! Yoʻq, albatta!
Hurmatli tafsirxon, siz bilan biz oʻzimiz erishgan baxtning salmogʻini bilish uchun boshqalar nima uchun jam boʻlishayotganiga bir nazar solaylik. Odamlar kufr, fisqu fujr, gʻiybat-boʻhton, gunohu isyon, harom-xarish ishlar uchun jam boʻlmoqdalar. Juda yaxshi deb hisob qilinayotganlari ham besh kunlik dunyo matohi uchun, mansab, boylik va bosh- qa oʻtkinchi narsalar ishtiyoqida jam boʻlmoqdalar. Shundoq ekan, Allohning kitobini oʻrganish uchun jam boʻlganlar eng afzal boʻlmay, kimlar afzal boʻlsin?! Keling, oʻsha afzallik tafsilotlarini yuqoridagi hadisi sharif qamrovidan kelib chiqib oʻrganib olaylik.
Allohning kitobini tilovat qilish va uni oʻzaro dars qilib oʻrganish uchun jamlangan qavmga quyidagi xayrotlar nasib etar ekan:
1. «Ularning ustidan sakiynat nozil boʻlur.»
Sakiynat–xotirjamlik, xayr-baraka, sokinlik va boshqa yaxshiliklardan iborat ekanligini, u Kalomullohni oʻrganayotganlar ustidan xuddi bulut kabi nozil boʻlishini avval ham oʻrganib oʻtdik. Ushbu nodir fazilat boshqa xayrli ishlarni bajo keltiruvchilar uchun vaʼda qilinmagan.
2. «Ularni rahmat qamrab olur.»
Albatta, Allohning kalomini oʻrganayotganlarni Alloh taoloning rahmati qamrab oladi. Har bir bandaning Robbisidan boʻladigan zarracha rahmatga qanchalar muhtoj ekanini eʼtiborga oladigan boʻlsak, Qurʼon oʻrganish yoʻlidagi harakatlari tufayli Alloh taoloning rahmati qamrab olgan baxtiyorlarning qanchalik ulugʻ martabaga noil boʻlganlarini tasavvur qilsak boʻlaveradi. Bundoq ulugʻ darajaga ham faqat Qurʼon tilovati va uni dars qilib oʻqish, yaʼni tafsirini oʻrganish bilangina erishish mumkin.
3. «Ularni maloikalar qurshab olur.»
Farishtalar qandoq mukarram zotlar ekani hammaga maʼlum. Farishta bor joyda xayr-baraka, yaxshilik, tinchlik-omonlik, fazilat va boshqa koʻplab ezguliklar boʻlur. Endi, bir emas, katta jamoa farishtalar oʻrab turgan, ularga havas bilan qarab turgan moʻminlar jamoasi qanchalik saodatmand ekanligini anglab olsak boʻlaveradi. Ushbu misli yoʻq oliy maqomga ham faqatgina Qurʼoni Karimni tilovat qilish, uning tafsirini oʻrganish bilangina muyassar boʻlinadi.
4. «Ularni Alloh Oʻz huzuridagi kimsalar ichida zikr qilur.»
Allohning huzuridagi kimsalar kimligini Alloh taoloning Oʻzi biladi. Ammo, Qurʼon tilovat qilgan va uni dars qilib oʻrgangan, yaʼni tafsir bilan mashgʻul boʻlgan kishilarni Alloh taolo «Oʻz huzuridagi kimsalar ichida», yaʼni oliy maqomlarda zikr qilishini endi biz ham bilamiz. Bu naqadar ulugʻ baxt! Bu naqadar buyuk saodat! Bu ulugʻ baxtga va buyuk saodatga faqat Qurʼoni Karim tilovati va uni dars qilib oʻrganish bilangina erishish mumkin.
Qimmatli tafsirxon, endi janobingiz ushbu kitobingizni mutolaa qilish ila qanchalik buyuk ishni qilayotganingiz, qanchalik oliy martabaga erishayotganingizni chuqur his qilayotgan boʻlsangiz kerak?!
Qadrli tafsirxon, oʻzingiz oʻrganmoqchi boʻlib turgan, vasfiga soʻz ojiz ushbu ilohiy dasturning mohiyatini yana ham aniqroq tushunib olishimiz uchun butun vujudimizni eʼtibor va ehtimom nuqtasiga aylantirgan holda, ushbu kitobni Alloh taolodan qabul qilib olgan zotga murojaat qilib, uni vasf etib berishlarini soʻraylik. U zoti bobarakot bizning bu savolimizga imom Termiziy al-Horis al-Aʼvar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharif orqali javob beradilar. Oʻsha hadisda al-Horis al Aʼvar quyidagilarni aytadilar:
«Masjiddan oʻtdim. Qarasam, odamlar turli gaplarga shoʻngʻishmoqda. Shunda Ali roziyallohu anhuning oldilariga kirib:
«Ey, amiral moʻminin, koʻrmaysizmi, odamlar turli gaplarga shoʻngʻibdilar», dedim.
«Darhaqiqat, shuni qilibdilarmi?»–dedilar u kishi.
«Ha», dedim. U kishi quyidagilarni aytdilar:
«Ammo men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Ogoh boʻlingizkim, albatta, fitna boʻlur!»–deganlarini eshitdim va:
«Undan chiqish ne ila boʻlur, ey, Allohning Rasuli?»–dedim.
«Allohning kitobi ila. Unda sizdan oldin boʻlgan narsalarning axbori va sizdan keyingi narsalarning xabari va sizning orangizdagi narsalarning hukmi bor. U fosil qiluvchidir, hazil emasdir. Kim bir jabbordan qoʻrqib, Uni tark qilsa, Alloh uning umurtqasini sindirur. Kim Undan boshqadan hidoyat izlasa, Alloh uni zalolatga ketkazur. U–Allohning metin arqonidir. U–hikmatli zikrdir. U–sirotul mustaqiymdir. U–uning ila havoyi nafslar toymaydigan, U–uning ila tillar iltibosga tushmaydigan, U–ulamolar undan toʻymaydigan, U–koʻp takrorlash bilan eskirmaydigan va ajoyiblari tugamaydigan narsadir. U–jinlar uni eshitishlari bilan, darhol: «Albatta, biz ajib Qurʼonni eshitdik, u rushdga hidoyat qilur», degan narsadir. Kim u bilan gapirsa, sodiq boʻlur. Kim unga amal qilsa, ajr olur. Kim uning ila hukm qilsa, adolat qilur. Kim uning ila daʼvat qilsa, sirotul mustaqiymga hidoyat qilinur», dedilar. Soʻngra u kishi: «Mana bularni olgin, ey, Aʼvar», dedilar».
Hazrati Ali roziyallohu anhu aytib bergan bu hadisi sharifda Qurʼoni Karimning vasfi batafsil bayon qilinmoqda. Aziz tafsirxon, keling ushbu nabaviy vasfni qoʻlimizdan kelgancha oʻrganib chiqaylik.
Ushbu hadisda sevikli Paygʻambarimiz, yoʻlboshchimiz va shafoatchimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam oʻz zamonlaridan keyingi davrlarda fitna chiqishidan ummatlarini ogohlantirmoqdalar.
Hazrati Alidek ulugʻ zot va olim sahobiy esa, odamlarning masjidda oʻtirib olib turli gaplarga shoʻngʻishlarini Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ogohlantirgan oʻsha fitna, deb tushuntirmoqdalar. Endi oʻsha holat bilan bizning holatimizni solishtirib koʻraylik. Bizdagi fitna hazrati Ali roziyallohu anhu xavf qilgan fitnadan yuz million marta ortiq emasmi?! Islom, Qurʼon taʼlimotlari butunlay tark qilinib, odamlar necha zamonlardan beri nafaqat turli gaplarga, balki dunyoda borki gunohlarga, harom-xarishlarga, fisqu fujurlarga, kufru nifoqlarga shoʻngʻigandanshoʻngʻib yurishmayaptimi?!
Hazrati Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan fitna haqidagi ogohlantirishni eshitishlari bilanoq oʻsha fitnadan chiqish yoʻlini soʻradilar. U kishi bu najot yoʻliga bir marta muhtoj boʻlsalar, bugungi kunda siz bilan biz bu yoʻlga yuz million marta muhtojmiz.
Kelajakda musulmonlar fitnaga uchrashidan ogohlantirgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam fitnadan chiqish yoʻlini ham koʻrsatib berdilar. Hazrati Ali roziyallohu anhuning:
«Undan chiqish ne ila boʻlur, ey, Allohning Rasuli», degan savoliga
«Allohning kitobi ila», deb javob berdilar.
Bugungi kunda musulmonlar fitnaga uchraganlari shubhasiz. Ha, bugun musulmonlar oʻzlarining uzoq tarixlarida hech uchramagan fitnaga uchrab turibdilar. Bugungi kun musulmonlari iymonu eʼtiqod, dinu diyonat, Qurʼonu shariatdan misli koʻrilmagan daraja uzoqlashib turibdilar. Ular, adadlari koʻp boʻlishlariga qaramay, yer yuzining biror nuqtasida Alloh taolo ularga ishonib topshirgan omonatni uddalay olmayaptilar. Zaminning biror parchasida Alloh taoloning shariatini Alloh azza va jalla aytganidek qoim qila olmayaptilar. Dunyoning hammasini hidoyatga boshlab, yetakchilik qilishi lozim boʻlgan musulmonlar xoru zor boʻlib, hammadan keyin qolib, birovlarning yetovida yuribdilar. Gapning qisqasi, musulmonlar har tomonlama fitnaga uchraganlar. Ular ushbu fitnadan qutulib chiqmoqlari lozim. Fitnadan chiqish esa, Alloh taoloning sevikli Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida taʼkidlaganlaridek, faqatgina Alloh taoloning kitobi ila boʻladi. Ha, bu ulkan fitnadan chiqish uchun har bir musulmon va barcha musulmonlar birgalikda Alloh azza va jallaning kitobi Qurʼoni Karimga qaytishlari, uni mahkam tutishlari lozim. Buning uchun esa, Qurʼoni Karimga boʻlgan iymonni mustahkamlash, uning har bir harfini qunt bilan oʻrganish, eng muhimi, Qurʼonga toʻlaligicha ogʻishmay amal qilish lozim. Ana shundagina fitnadan chiqib, saodat yoʻlini topish va oliy maqsadga erishish mumkin. Ha, musulmonlar Qurʼoni Karimga toʻlaligicha ogʻishmay amal qilsalargina oʻzlarining oliy maqsadlariga erishishlari, bugungi fitnadan chiqishlari mumkin. Musulmonlarning Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ularga qilgan tavsiyalari shu. Ul zot sollallohu alayhi vasallam nima uchun Qurʼoni Karim fitnadan chiqish yoʻli boʻlishini ham batafsil bayon qilib, sharhlab tushuntirib bermoqdalar. Ul zot oʻz ummatlariga bu haqda quyidagilarni aytmoqdalar:
1. «Unda sizdan oldin boʻlgan narsalarning axbori...» bor.
Ha, Qurʼoni Karimda musulmon ummatidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatidan oldingi oʻtgan narsalarning xabarlari bor. Boʻlganda ham, eng ishonchli, eng toʻgʻri, eng ibratli xabarlar bor. Musulmonlar Qurʼoni Karimdagi oʻsha, oʻzlaridan oldin boʻlgan narsalarning xabarini oʻqib, oʻrganib, ulardan ibrat olishlari zarur. Mazkur xabarlarda kofir, fosiq, mushrik, osiy, munofiq va sarkashlarning albatta halokatga uchrashi haqida soʻz yuritiladi. Musulmonlar ulardan ibrat olib, oʻsha halokatga uchraganlarning qilmishlaridan birortasining ham yaqiniga yoʻlamasliklari lozim.
Mazkur xabarlarda Alloh taologa, U zot yuborgan Paygʻambarlarga, U zot nozil qilgan kitoblarga iymon keltirib, U zot joriy qilgan shariatlarga amal qilganlar ikki dunyo baxtu saodatiga erishganlari taʼkidlanadi. Moʻmin-musulmonlar bu haqiqatlardan ibrat olib, Alloh taologa, U zotning oxirgi Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Robbul olamiynning oxirgi va abadiy kitobi Qurʼonga boʻlgan iymonlarini mustahkamlashlari va soʻnggi, mukammal, barkamol ilohiy shariat–Islomga toʻla-toʻkis amal qilmoqlari lozimdir.
Qurʼoni Karimdagi bizdan oldin boʻlgan narsalarning xabarlarida iymon-Islom yoʻli oson emasligi, u yoʻlga poyandoz toʻshalib, gullar sochilib qoʻyilmaganligi, balki bu yoʻlda havoyi nafsning, bu dunyo muhabbatining, kofir, mushrik, munofiq va boshqa dinu diyonat dushmanlarining qarshiligini, turli toʻsiq va mashaqqatlarni yengib yurish lozim ekanligi taʼkidlanadi.
Muhtaram tafsirxon, siz bilan biz mazkur xabarlardan ham ibrat olishimiz lozim. Iymon-eʼtiqod, dinu diyonat va shariat tatbiqi yoʻlida uchrashimiz mumkin boʻlgan har bir qiyinchiliklarga ham tayyor boʻlmogʻimiz lozim.
Aziz va qadrli tafsirxon, avval oʻtgan hodisalardan ibrat olish lozimligini har bir xalq, har bir millat, har bir qavm qayta- qayta taʼkidlaydi. Lekin ibrat olinishi lozim boʻlgan oʻsha qissalar bir-biridan farqli. Dunyoda faqatgina siz bilan bizning, yaʼni moʻmin-musulmonlarninggina ibrat olishimiz lozim boʻlgan oʻtmish haqidagi qissalarimiz eng toʻgʻri va eng ishonchlidir. Biz ibrat oladigan oʻtmish qissalarini oʻtmishning, hozirning hamda kelajakning egasi Alloh taoloning Oʻzi aytib bergan. Bizdan boshqalar oʻtmish qissalaridan ibrat olaman desa, yolgʻon-yashiq, bidʼat- xurofot, turli afsona va diydiyolarga duchor boʻladilar. Hozirgi kunda Injil va Tavrot nomli ilohiy kitobga ega ekanliklarini, ularda ham oldin boʻlgan narsalarning xabarlari borligini daʼvo qilayotganlar bor. Ammo, hozirgi Injil va Tavrotlar Alloh taolodan qandoq nozil boʻlgan boʻlsa, oʻshandoq holida emas, ularda koʻplab buzilishlar sodir boʻlib, asl ilohiylik hollari qolmagan. Ayniqsa, aynan oʻtmishdagi boʻlib oʻtgan hodisalarga taalluqli joylarida buzilish katta boʻlgan. Shuning uchun ham, oʻtmishdagi tarixiy hodisalarni ilmiy asosda oʻrganib, Tavrot, Injil va Qurʼonga solishtirib chiqqan gʻarblik olimlar Tavrot va Injilning buzilganligini tushunib yetib, ulardan yuz oʻgirib, Qurʼonga iymon keltirmoqdalar.
Ha, muhtaram tafsirxon, dunyoda faqat siz bilan bizgina oldin boʻlib oʻtgan narsalar haqida toʻgʻri maʼlumotga va ulardan foydali ibrat olish imkoniga egamiz. Buning uchun Alloh taologa shukr qilaylik va Robbimizning kitobini qunt bilan oʻrganaylik.
Qimmatli tafsirxon, Sizga maʼlum boʻlsinkim, Qurʼoni Karimdagi bor narsalar faqat bizdan oldin oʻtgan Paygʻambarlar va ularning qavmlari qissasidan iborat emas. Mazkur xabarlar ichida Alloh taolo butun borliqni yoʻqdan bor qilib yaratgani, butun mavjudotlarni yaratgani, Odamni Oʻz qoʻli bilan yaratib, uni Oʻzining yer yuzidagi xalifasi qilib qoʻygani, Odamdan uning juftini yaratgani, Odam alayhissalom bilan shayton alayhi laʼna orasida boʻlib oʻtgan mojarolar va yana boshqa koʻpgina narsalar ham bor. Mazkur narsalar bilan batafsil tanishish, ulardan ibrat olish va boshqa ishlar ushbu «Tafsiri Hilol»ingizni qunt bilan oʻqib, zehn solib tushunish, doʻstlar bilan muhokama-munozara qilish orqali boʻladi.
2. «... sizdan keyingi narsalarning xabari...» bor.
Qurʼoni Karimdagi bizdan–ummati Muhammadiyadan keyingi narsalar xabari, qiyomat qoim boʻlishi, hamma oʻlganlar qayta tirilishi, mahsharga toʻplanishi, bu dunyoda qilgan ishlari zarracha ham qoldirilmay, hisob-kitob qilinishi, iymon keltirib, solih amallar qilganlar xursand, kufr keltirgan va fisqu-fujur qilganlar xafa boʻlishi, mezon, koʻprik, jannat va doʻzax hamda shunga oʻxshash boshqa narsalar haqidagi xabarlardir. Bu xabarlarga iymon keltirish moʻmin-musulmon shaxs uchun iymonning arkonlaridan bir rukndir. Mazkur xabarlarning Qurʼoni Karimda zikr qilinishi, ularning iymon ruknlaridan biriga aylantirilishidan maqsad, kishilarni iymon, Islomga chaqirishdir. Alloh taoloning kalomidan qiyomat va unga tegishli narsalar haqida maʼlumot olgan, unga iymon keltirgan kishi oʻsha kunga tayyorgarlik koʻrib yashashga oʻtadi. Moʻminlarga Alloh taolo buyurgan hamma narsalarga ogʻishmay amal qiladi va Alloh taolo qaytargan hamma narsalardan qaytadi.
Ha, muhtaram dindoshim, faqat siz bilan biz musulmonlargina oʻzimizni oldinda nimalar kutayotganini bilamiz, ularga iymon keltiramiz va hozirdan tayyorgarligimizni koʻrib boramiz. Bu ishda bizga Qurʼoni Karim yordamchi boʻladi. Biz bu bilan qanchalar faxrlansak oz. Chunki, bizdan boshqalar–musulmon boʻlmaganlar bu imkoniyatga ega emaslar. U bechoralarning Qurʼonlari yoʻq. Oldilarida nima borligini aniq bilmaydilar. Shuning uchun ham, ular zalolatning turli yoʻllarida adashib yuribdilar. Bizga esa, bu masalani Alloh taoloning Oʻzi yechib bergan. Siz bilan biz oʻsha ilohiy yechimni oʻrgansak boʻldi, boshqa ovoragarchilikning keragi yoʻq. Buning uchun Robbimizning kalomini oʻrganishimiz, qunt va ixlos bilan dars qilib oʻqishimiz lozim va lobuddir.
3. «...va sizning orangizdagi narsalarning hukmi bor.»
Ha, Qurʼoni Karimda siz bilan biz musulmonlarning oramizdagi barcha narsalarning hukmi bordir. Oʻsha narsalar haqidagi hukmning yoʻl-yoʻriqlari, qonun-qoidalari bordir. Moʻmin-musulmon oʻz hayotining har bir sohasida, kattayu kichik har bir ishida faqatgina Islom shariati hukmi bilan ish tutmogʻi ham farz, ham qarz. Moʻmin-musulmonlik daʼvosini qilib turib oʻz hayotidagi biror narsada Islomning hukmidan boshqaning hukmi bilan ish tutmoq mutlaqo mumkin emas. Bu nafaqat shariatga, Qurʼonga va Sunnatga, balki, sogʻlom aqlga ham toʻgʻri kelmaydi.
Xoʻsh, azizim, ayting-chi, har bir moʻmin-musulmon oʻzining har bir ishini muqaddas dinimiz hukmiga mos qilishi lozimu lobud ekan, bu maqsadga erishish uchun eng avval nima qilish kerak? Albatta, avvalo oʻsha hukmlarni oʻrganish kerak. Bu esa, diniy taʼlimotlarni oʻrganish bilan yuzaga keladi. Demak, siz bilan biz «Tafsiri Hilol» orqali Alloh taoloning kalomini oʻrganar ekanmiz, aynan oʻsha oliymaqom ishni amalga oshirayotgan boʻlamiz.
4. «U fosil qiluvchidir, hazil emasdir.»
Ha, sodiqul masduq sifati sohibi boʻlmish, Muhammad al-Sodiq laqabini olmish rostgoʻy Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining bu qavllarida ham sodiq–rostgoʻydirlar.
Zotan, Robbul olamiynning Oʻzi ham «Toriq» surasida Kalomi Sharifni vasf qila turib:
«Innahu laqovlun fasl va maa huva bilhazl», yaʼni «Albatta u fosil qiluvchi qavldir, U hazil emasdir», deb marhamat qilgan.
Qurʼoni Karimning fosil qiluvchiligi–ajratuvchiligi haqiqiydir. U har bir narsani ajratib-ajratib koʻrsatib bergan. Jumladan, haqni botildan, yaxshini yomondan, foydani zarardan, halolni haromdan, savobni gunohdan, moʻminni kofirdan, muxlisni munofiqdan ajratib qoʻygan. Ana oʻsha ajrimlarni, oddiy ajrim emas, ilohiy–Qurʼoniy ajrimlarni bilib olishimiz uchun Qurʼoni Karimni yaxshilab, zehn va ixlos ila oʻrganmogʻimiz zarurdir.
Ha, Qurʼon hazil emas, Unda birorta ham befoyda, kammaʼno, hikmatsiz soʻz yoʻq. Qurʼoni Karimdagi har bir soʻz oʻta jiddiy, oʻta foydali, oʻta purmaʼno va oʻta hikmatlidir. Siz bilan biz Alloh taoloning kalomini oʻrganar ekanmiz, ushbu haqiqatlarni ham doimo yodimizda tutmogʻimiz lozimdir. Ana shunda oʻrganayotgan narsamizning qadr-qiymatini oʻz joyiga qoʻygan boʻlamiz.
5. «Kim bir jabbordan qoʻrqib Uni tark qilsa, Alloh uning umurtqasini sindirur.»
Yaʼni, kim biror tomonning jabru zulmidan qoʻrqib Qurʼoni Karimni tark qilsa, Alloh taolo Qurʼonni tark qiluvchini oʻsha kimsaning umurtqa pogʻonasini sindirib, hech narsaga yaramay, qimirlay olmay yotadigan qilib qoʻyadi. Bu, albatta, majoziy maʼnodagi gapdir. Biror jabbordan qoʻrqib Qurʼonni tark qilganlarning bellaridagi umurtqa suyaklari sinib yotib qolmaydilar. Balki, ular bu dunyoyu u dunyo ishlarida ularni toʻgʻri yoʻlga boshlab, bellariga quvvat boʻlgan omildan ajragan boʻladilar. Mayda-chuyda narsalarni gapirib oʻtirmasdan, koʻz oʻngimizdagi olamshumul miqyosdagi holatni olaylik. Qurʼoni Karimga amal qilib butun dunyoga rahbarlik qilayotgan musulmon ummati asta-sekin Qurʼon taʼlimotlaridan uzoqlashish oqibatida oʻz mavqeini yoʻqotdi. Keyin esa, turli jabborlardan, xususan, gʻarblik mustamlakachi jabborlardan qoʻrqib Qurʼonni tark etdi. Shuning uchun, Alloh taolo bu ummatni jinoyatiga munosib ravishda jazolab, umurtqa pogʻonasini sindirdi. Shundan buyon bu ummat osmonga qaraganicha koʻzini moʻltiratib qimirlay olmay yotibdi. Bu ummatning soni koʻp, boyliklari koʻp, dunyoning eng qulay va eng boy yerlariga joylashgan, lekin boyliklarini boshqalar tashib ketmoqda. U esa, hech narsa qila olmay yotibdi. Xoʻsh, bu ogʻir dardning davosi bormi? Islom ummati qandoq qilib oʻz umurtqa pogʻonasini qayta ishga tushira oladi? Javob bitta. Bularning hammasi Qurʼon bilan tuzaladi. Shuning uchun, aziz tafsirxon, Qurʼonni yaxshiroq oʻrganmogʻimiz lozim.
6. «Kim Undan boshqadan hidoyat izlasa, Alloh uni zalolatga ketkazur.»
Qurʼoni Karim bandalarni ikki dunyo saodatiga boshlovchi ilohiy hidoyatdir. Alloh taoloning Oʻzi bir qancha oyatlarda Qurʼon barcha olamlar uchun hidoyat ekanligini qayta-qayta taʼkidlab aytgan. Buni boshqalar bilmasa ham musulmonlar yaxshi biladi. Bundoq ulkan haqiqatni bilib turib, yaʼni Qurʼon Alloh taoloning hidoyati ekanligini anglab turib, undan boshqadan hidoyat izlash sogʻlom aqlga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Lekin, ming afsuski, shundoq boʻldi. Musulmonlar turli omillarga koʻra, eng achinarlisi, oʻzlariga yetgan jaholatga koʻra Qurʼondan boshqadan hidoyat izlashga oʻtdilar. Oʻz yurtlarida, oʻz hayotlarida turli qavm, turli davlatlarning dasturlari, mafkuralari, «izm»larini tatbiq qilishga oʻtdilar. Ushbu ulkan jinoyat jazosiga Alloh taolo ularni zalolatga ketkazdi. Mana, qancha muddatki, turli-tuman «izm»larga va begona dasturlarga, modellarga taqlid qilayotgan musulmonlar hech narsaga ega boʻla olmayaptilar. Hatto, oʻzlari taqlid qilayotganlarning baʼzi bir narsalariga yaqinlasha olmayaptilar.
Xoʻsh, bu ayanchli holdan qandoq qilib chiqish mumkin? Qandoq qilib musulmonlar oʻzlarining oldingi mavqelarini tiklashlari mumkin? Qandoq qilib musulmonlar yana dunyo xalqlarining peshqadami boʻlishlari mumkin? Javob bitta. Musulmonlar faqatgina Qurʼoni Karim hidoyatiga yurish bilangina hozirgi ayanchli holdan chiqishlari, oʻzlarining oldingi mavqelarini tiklashlari va yana qaytadan dunyo xalqlarining peshqadamlari boʻlishlari mumkin. Buning uchun esa, aziz dindoshim, Qurʼoni Karimni qunt va ixlos ila oʻrganmogʻimiz lozim. Siz bilan bizning «Tafsiri Hilol»ni oʻqiboʻrganishimiz oʻsha muborak yoʻldagi bosilgan bir muhim qadamdir.
7. «U–Allohning metin arqonidir.»
Inson hayotning asov daryosidan najot qirgʻogʻiga eson-omon chiqib olmogʻi uchun biror arqonga osilmogʻi lozim. Ana oʻsha najot arqoni Alloh taoloning metin arqonidir. Bu metin arqon hech qachon uzilmaydi, hech qachon pand bermaydi. Kim unga osilsa, hayot daryosining har qanday asovligidan, xavf-xataridan oʻtib najot qirgʻogʻiga eson-omon chiqishi turgan gap. Allohning metin arqonidan boshqa hech bir arqon hech kimni najot qirgʻogʻiga olib chiqa olmasligi ham turgan gap. Modomiki, najot qirgʻogʻiga eson-omon chiqib olish niyatimiz bor ekan, Allohning metin arqoni–Qurʼoni Karimni mahkam tutaylik. Uni mahkam tutishlik uchun esa, yaxshilab oʻrganaylik. «Tafsiri Hilol»ni oʻrganishimiz oʻsha muborak yoʻldagi muhim bir qadamdir.
8. «U–hikmatli zikrdir.»
«Hikmat»ning maʼnosi, har bir narsani oʻz joyiga qoʻyish, bayon qilishdir. «Zikr» esa, eslatma maʼnosidadir.
Qurʼoni Karim Alloh taolo tomonidan joriy qilingan «hikmatli zikr»dir. Undagi zikrning hammasi oʻta hikmatlidir. Odamlar bu dunyoda hikmatga ehtiyojli boʻlib yuradilar. Hikmatli gap- soʻzlarni oʻqib-oʻrganib, eshitib-yodlab, yana boshqa ishlar ham qilib yuradilar. Ular ana oʻsha hikmatlarning oʻzlariga, oʻzgalarga eslatma boʻlishini, hayotdagi ishlarida yoʻl koʻrsatuvchi, tanbeh beruvchi boʻlishini xohlaydilar.
Siz bilan biz–musulmonlar naqadar baxtlimiz, ana oʻsha yuqorida zikr qilingan holatlar uchun siz va bizga Robbul olamiynning Oʻzi hikmatli zikrni tushirib qoʻyibdi. Albatta, Alloh taoloning hikmati ila bandalarning hikmati orasida Alloh bilan bandachalik farq bor. Qani Qurʼoniy hikmatlar bilan tanishishga mushtoqlar? Qurʼondagi hikmatlar misli yoʻq hikmatlardir. Qurʼondagi hikmatlar ilohiy hikmatlardir. Qurʼoni Karim boshdan-oyoq hikmatli zikrga toʻladir. Zotan, Qurʼoni Karimning nomlaridan biri Qurʼoni Hakiymdir. Qurʼoni Karimning nomlaridan yana biri Zikrdir. Mahbub Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa, oʻzlarining ushbu hadisi shariflarida Qurʼoni Karimni «Hikmatli zikr» deb nomlabdilar.
Dunyodagi eng yaxshi hikmatlarni oʻrganay, ulardan oʻrnak olay, ularga amal qilay, degan odam boʻlsa, Qurʼoni Karimni yaxshilab oʻrgansin. Dunyodagi eng yaxshi eslatmani oʻrganay, undan oʻrnak olay, unga amal qilay, degan odam boʻlsa, Qurʼoni Karimni oʻrgansin.
Hurmatli tafsirxon, «Tafsiri Hilol»ni oʻqib oʻrganish ila biz dunyodagi eng yaxshi hikmatli zikrni oʻrganayotganimizni unutmaylik.
9. «U–sirotul mustaqiymdir.»
Ha, Qurʼoni Karim–sirotul mustaqiym–toʻgʻri yoʻldir. U, Alloh taoloning toʻgʻri yoʻlidir. Har bir banda har bir maqsadga erishish uchun sirotul mustaqiymga muhtojdir. Sirotul mustaqiymsiz hech kim maqsadga erisha olmaydi. Sirotul mustaqiymda yurmagan odam, notoʻgʻri yoʻldan yurib adashadi, koʻzlagan manziliga yeta olmay, halokatga uchraydi. Sirotul mustaqiymga yurmagan odam notekis yoʻldan yurib, qoqiladi, yiqiladi, burni qonaydi, boʻyni sinadi, koʻzlagan manziliga yeta olmay, sarson-sargardon boʻlib halok boʻladi. Shuning uchun ham, har bir banda oʻzi uchun sirotul mustaqiymni izlaydi. Siz bilan biz–musulmonlar naqadar baxtlimizki, Robbimiz Oʻzi bizga sirotul mustaqiymni berib qoʻyibdi. Ikki dunyoda koʻzlangan saodat manziliga eltadigan sirotul mustaqiymni shundoq xizmatimizga tayyor qilib qoʻyibdi. Bizdan boʻladigani oʻsha ilohiy sirotul mustaqiymdan yurib ketish, xolos. U esa, bizlarni ikki dunyodagi saodatli muqsadlarimizga eltadi. Ana oʻsha sirotul mustaqiymda yurishni amalga oshirish uchun uni oʻrganish lozim. Siz bilan biz «Tafsiri Hilol»ni oʻqish, oʻrganish ila shu maqsadda ish qilgan boʻlamiz.
10. «U–uning ila havoyi nafslar toymaydigan...» narsadir.
Ha, Qurʼoni Karimga aloqador boʻlgan havoyi nafs hech qachon haq yoʻldan toymaydi. Chunki, Qurʼoni Karim barcha havoyi nafslarni xalq qilgan Xoliq tomonidan ularni jilovlab, toyib ketmaydigan qilib ushlab turuvchi qoʻllanmadir. Dunyodagi barcha bandalarning bu dunyodagi asosiy muammolaridan biri havoyi nafslari bilan boʻladigan muammolaridir. Kishilarni yomonlikka boshlayotgan narsa ham asosan havoyi nafsdir. Qachonki bandaning havoyi nafsiga shayton koʻrsatma bersa, bandaning oʻzi koʻrsatma bersa yoki oʻsha bandaga oʻxshash boshqa bandalar koʻrsatma bersa, albatta, u havoyi nafs haq yoʻldan toyadi va oʻz egasini halokatga boshlaydi. Har zamon, har makonda bandalar yakka-yakka hollarida ham, toʻp hollarida ham havoyi nafsni toydirmaydigan qoʻllanmani qoʻllaganda najot topadilar. Havoyi nafsni toydirmaslik uchun ilohiy qoʻllanmani qoʻllamaganlar esa, havoyi nafslariga qul boʻladilar va halokatga uchraydilar.
Alloh taolo bandalarga rahim qilib ularga havoyi nafslarini toydirmay ushlab turadigan Qurʼoni Karimni berib qoʻygan. Ana oʻsha ilohiy qoʻllanmani yaxshilab oʻrganib, unga ogʻishmay amal qilgan kishining havoyi nafsi toymaydi. Siz bilan bizning «Tafsiri Hilol»ni oʻrganishimiz ham ana shu maqsaddagi bir qadamdir.
11. «U–uning ila tillar iltibosga tushmaydigan...» narsadir.
Ha, Qurʼoni Karim ila boʻlgan tillar hech qachon iltibosga, yaʼni shubhaga tushmaydi. Yaʼni, boshqa narsalar bilan aralashib ketib, qaysi biri haq, qaysi biri nohaq ekanini ajratolmay shubhaga tushilmaydi. Qurʼoni Karim bilan boʻlgan til, hech ikkilanmasdan, haqni gapirayapman, deyaveradi. Qurʼondan boshqa narsa aralashdimi, darhol shubha tushadi. U holda banda qaysi biri haq, qaysi biri nohaq ekanini ajrata olmay sarson boʻladi. Ayniqsa, hozirga kelib bu narsa juda ham avj oldi. Oʻzining gapi haq ekanini daʼvo qiluvchilar: yakka shaxs, guruh, firqa, millat, davlat, uyushmalar haddan ziyod koʻpaydi. Ularning har biri oʻzining gapi haq ekanini daʼvo qilish bilan birga oʻzganing gapi nohaqligini ham taʼkidlaydi. Oqibatda hammani shubha bosdi. Dunyoqarashlar ham, nuqtai nazarlar ham aralash-quralash boʻlib ketdi. Bugun bir gapni haq desa, ertaga boshqasini, indinga uchinchisini haq deyuvchilar hammayoqni bosib ketdi. «Izm-izm»lar ham koʻpaydi. Bugun bu «izm» ustun, deyilsa, ertaga boshqa «izm» ustun boʻlib qoladigan boʻldi. Xalqlar esa, hali u «izm»dan umidvor boʻladi, hali bu «izm»dan umidvor boʻladi. Lekin oxir-oqibatda baribir umidlar puchga chiqib kelmoqda. Ha, shu hol davom etaversa, umidlar puchga chiqaveradi. Bu balodan qutulishning, hech qanday chalkashliksiz, shubhasiz yashashning yagona ishonchli yoʻli bor. U ham boʻlsa, «u bilan tillar iltibosga tushmaydigan narsa»–Qurʼoni Karimni mahkam ushlashdir.
Muhtaram tafsirxon, siz oʻz ishingiz ila tillarni chalkashlikka, shubhaga tushirmaydigan ana oʻsha ilohiy ilojni topmoqdasiz!
12. «U–ulamolar undan toʻymaydigan...» narsadir.
Ha, Qurʼoni Karimdan ulamolar toʻymagan, toʻymayaptilar va toʻymaydilar ham. Modomiki, Qurʼoni Karimni Robbul olamiyndan qabul qilib olgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shundoq deganlaridan keyin, ulamolar Qurʼondan toʻymasliklari haqiqatdir. Bu ulkan haqiqatni voqeʼlik ham tasdiqlaydi. Ilmlar koʻp, ulamolar undan ham koʻp. Chunki, har bir ilm boʻyicha qanchadan-qancha olim boʻladi. Ana oʻsha turli ilmlar boʻyicha qaysi bir olim Qurʼoni Karimga murojaat qilsa, undan oʻziga kerakli narsani oladi. Lekin baribir toʻymaydi. Yana yangi narsa olgisi kelaveradi. Qurʼon nozil boʻlgandan buyon ulamolar undan olishgan narsani oʻzlashtirib, ulardan bahramand boʻlgan bugungi olim ham toʻymay, yana oʻzi bir narsa olishga urinadi.
Dunyoda bir xil mavzuda yozilgan kitoblar ichida Qurʼoni Karimga bogʻlab yozilgan kitoblarchalik koʻp kitob boʻlmasa kerak. Tafsir kitoblarini yozish bir ming toʻrt yuz yildan buyon davom etmoqda. Har bir tafsir bilan tanishsangiz, oʻziga xosligi, ozgina boʻlsa ham, boshqalardan ajralib turishi bilan farq qiladi. Demak, ulamolar Qurʼondan toʻymaganlari uchun shundoq qiladilar. Hozirgi kunimizda ham yangi-yangi tafsirlar chiqib turibdi. Ular ham oʻziga xosligi bilan ajrab turadi. Demak, ulamolar Qurʼonga toʻymayaptilar.
Agar, Qurʼonga toʻymaydigan ulamolar faqat tafsirchi ulamolar, desak, katta xato qilgan boʻlamiz. Balki, boshqa ulamolar ham Qurʼonga toʻymaydilar. Misol uchun, muhaddis ulamolarni olib koʻraylik. Ular ham Qurʼonga toʻymaydilar. Chunki, ularning mutaxassisligi boʻlmish hadis ilmi Qurʼoni Karim ila chambarchas bogʻliqdir. Zotan, hadisi shariflar Qurʼoni Karimning tafsiri va hayotga tatbiqidir.
Fiqh ulamolarini olib koʻraylik. Qurʼoni Karimga toʻymaydigan ulamolar aynan fuqaholardir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, Qurʼoni Karim fuqaholarning birinchi navbatdagi va eng asosiy ozuqalaridir. Ular Islom shariatining ahkomlarini asosan Qurʼoni Karimdan oladilar. Buning uchun ular har bir oyat, har bir Qurʼoniy harfni sinchiklab, qayta-qayta, atroflicha va chuqur oʻrganadilar. Bu holatda ularning Qurʼondan toʻymasliklari turgan gap.
Arab tili ulamolari ham xuddi shundoq. Ular xoh ilmi nahv, xoh ilmi sarf, xoh ilmi bayon, xoh ilmi badiyʼ boʻyicha mutaxassis boʻlsinlar, kim boʻlishlaridan qatʼinazar, Qurʼoni Karimdan toʻymaydilar. Chunki, Qurʼoni Karim arab tilining moʻʼjizasidir. Uning til ustalari Qurʼoni Karim huzurida ojizdirlar. Shuning uchun ham, arab tili olimlari Qurʼoni Karimga doimiy ravishda til jihatidan ham muhtojlar, doimo unga murojaat qiladilar va hech qachon unga toʻymaydilar.
Xulosa shuki, qaysi bir ilmni olsak ham, ilmi aqoidmi, ilmi faroizmi, ilmi mantiqmi, ilmi tasavvufmi yoki boshqa ilmlarmi, baribir, ularning ulamolari Qurʼoni Karimga toʻymasliklari Qurʼoni Karimning oʻziga xos bir necha ilmlarning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu ilmlarning majmuasi «Ulumul Qurʼon»–«Qurʼon ilmlari», deb ataladi. Bu qadimgi ilm boʻlib, unga qanchadan-qancha ulamolar oʻz umrlari, zehn-zakovotlarini bagʻishlaganlar. Bu sohada sonsiz-sanoqsiz kitoblar yozilgan va yozilmoqda. «Ulumul Qurʼon» oʻz ichiga ilmul qiroat, ilmun-nosixi val mansuxi, ilmul makkiyyi val madaniyyi, ilmus-sababi nuzul, ilmur-rasm, ilmul muhkami val mutashobihi kabi bir qancha ilmlarni oladi. Tabiiyki, ushbu ilmlarga mutaxassis boʻlgan ulamolar aslo Qurʼoni Karimga toʻymaydilar.
Tarixchilarni olib koʻraylik. Bu dunyoning yaratilishi, insonning dunyoga kelib, rivojlanishi va shu kabi qadimda sodir boʻlgan tarixiy hodisalarning eng ishonchli masdari boʻlmish Qurʼoni Karim asosida musulmon tarixchilari qadimgi dunyo tarixini bitdilar. Shuning uchun ham, ular oʻz zamonlarida yetakchi tarixchilar boʻldilar. Keyinchalik baʼzi bir toifalar, shaxslar chiqib, oʻzlaricha, dunyo tarixini «ilmiy» ravishda qayta koʻrib chiqdilar. Ular dunyoda eng ishonchli tarix bitganlarini aytib ayyuhannos soldilar. Boshqalarni, jumladan, musulmon tarixchilarni ilmsizlikda, afsonalarga berilishda aybladilar. Ammo, vaqt oʻtib ilm rivojlanishi bilan haligilarning «ilmiy»ligi jaholatdan boshqa narsa emasligi ayon boʻldi. Hammasi muz kabi erib ketdi. Qurʼondan bahra olgan musulmon tarixchilarning aytganlari toʻgʻri boʻlib chiqdi. Demak, musulmon tarixchilarning Qurʼondan toʻymasliklari turgan gap.
Endi jugʻrofiyachilarimizni olib koʻraylik. Ular ham Qurʼoni Karimdagi jugʻrofiyaga tegishli oyatlarga asoslanib, ulardan ruhlanib, bu ilm tarixida misli koʻrilmagan ulkan natijalarga erishdilar.
Agar, Qurʼoni Karimdan turli sohadagi musulmon ulamolargina toʻymaydi, desak ham, xato qilgan boʻlamiz. Chunki, bugungi kunda Qurʼoni Karimga murojaat qilgan gʻayrimuslim olimlar ham undan toʻymayotganiga oʻzimiz guvoh boʻlib turibmiz.
Dunyo tarixini Tavrot, Injil, Qurʼon va yangi ilmga solishtirib oʻrganib chiqqan gʻayridin olimlar Qurʼoni Karimga tan berib musulmon boʻldilar.
Dengiz-ummon ilmi boʻyicha dunyoda koʻzga koʻringan gʻayridin olimlar oʻz sohalari boʻyicha Qurʼoni Karimni oʻrganib chiqib, musulmon boʻldilar. Shuningdek, tabiblar, inson naslini oʻrganuvchilar va boshqa-boshqalar ham Qurʼoni Karimga toʻymayaptilar. Hozir «Qurʼondagi ilmiy ojiz qoldirishlik» nomli xalqaro hayʼat ishlab turibdi. Undagi bahslar musulmon olimlar ham va musulmon boʻlmagan olimlar ham Qurʼondan toʻymasliklarining dalili emasmi?
«Tafsiri Hilol» yozilgan tilda soʻzlashib, oʻqib-yozuvchilar orasida ham turli sohalarning olimlari bor. Buning uchun Allohga hamdlar aytamiz. Shu bilan birga, ular Qurʼoni Karim maʼnolari ila arab tilida yoki boshqa tillarda oshno boʻlishlari dushvor ekanligi ham maʼlum. Umid qilamizki, «Tafsiri Hilol» orqali mazkur olim va turli soha mutaxassislari ham Qurʼoni Karim ila oshno boʻlib, unga toʻymaydigan kishilar qatoriga qoʻshilsinlar.
13. «U–koʻptakrorlashbilaneskirmaydigan...» narsadir.
Ha, dunyoda koʻp takrorlash bilan eskirmaydigan birdan-bir narsa Qurʼoni Karimdir. Qorilar har bir oyati karimani yodlash uchun minglab marta takrorlaydilar, yodlab boʻlganlaridan soʻng ham doimiy ravishda oʻqib turadilar. Ammo, har oʻqiganlarida yangi zavq, yangi shavq, yangi huzur, yangi halovat oladilar. Bu maʼno Qurʼoni Karimni tinglovchilarga ham tegishli. Oyati karimalar har safar takror eshitilganda, yangicha halovat, yangicha huzur olinadi. Chunki, Qurʼoni Karim takrorlash bilan eskirmaydigan narsadir.
Imom Termiziy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Bir kishi:
«Ey, Allohning Rasuli, qaysi amal Allohga mahbubroq?» – deb soʻradi. Ul zot:
«Yetish bilan joʻnovchilik», dedilar.
«Yetish bilan joʻnovchilik nima?» – dedi.
«Qurʼonni avvalidan oxirigacha oʻqib borib, yetishi bilan yana joʻnaydigan», dedilar».
Ha, azizlar, farz amallardan keyin Alloh taologa qurbat hosil qilish uchun eng afzal ibodat Qurʼon oʻqish, oʻrganishdir. Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu tushlarida Alloh taoloni bir necha bor koʻrgan ekanlar. Bir payt u kishi, yana tushimda U zotni koʻrsam, deb ahd qilibdilar. Bas, keyin Alloh taoloni yana bir bor tushda koʻrganlarida: «Ey Robbim, banda Senga qaysi narsa bilan muqarrab boʻladi?»–deb soʻrabdilar. Alloh taolo bu savolga: «Kalomimni tilovat qilish bilan, ey Ahmad!»–deb javob beribdi.
«Maʼnoni tushunsami yoki tushunmasa hammi, ey Robbim?»–debdilar imom Ahmad.
«Maʼnoni tushunsa ham, tushunmasa ham», debdi Alloh taolo.
Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, demak, Alloh taoloning kalomini qanchalik koʻp takror oʻqisak, oʻrgansak, eshitsak, Alloh azza va jallaga shunchalik yaqin boʻlamiz. Maʼnosini tushunmay oʻqiganga shunchalik martaba boʻlsa, tushunib oʻqiganlarga qanchalik boʻlishi maʼlum.
14. «...va ajoyiblari tugamaydigan narsadir.»
Ha, Qurʼoni Karim dunyodagi ajoyiblari tugamaydigan birdan-bir narsadir. Zotan, barcha ajoyibotlarning egasi Alloh taoloning kitobi boʻlganidan keyin shundoq boʻladi-da. Qurʼoni Karimning katta-kichik ajoyibotlarini insoniyat oʻn besh asrdan beri koʻrib, mulohaza qilib, tan berib kelmoqda. Aqliy darajasi, ilmi oʻsgan sari inson Qurʼoni Karimning yangidan-yangi ajoyibotlarini anglab yetmoqda. Birgina misol keltiraylik: elektron hisoblash mashinalari chiqib, hamma narsani hisoblash, atroflicha oʻrganib olish imkoniyatlari koʻpaydi. Qurʼoni Karim ham oʻsha mashinalarga solib oʻrganib chiqildi. Natijada, Qurʼoni Karimning harflari, soʻzlari va oyatlari–hamma-hammasi hisobli ekani maʼlum boʻldi. Ana oʻsha hisob asosida yangi chop qilingan Qurʼon nusxalarini elektron hisoblash mashinalari yordamida tekshirib, nashriy xatolari boʻlsa, osonlik bilan topish imkoni ham paydo boʻldi. Oxir-oqibat kelib, Qurʼondagi adadiy ojiz qoldiruvchilik sohasi paydo boʻldi va ulamolarimiz bu soha boʻyicha kitoblar yoza boshladilar.
Aziz tafsirxon, siz janobingiz ham Qurʼoni Karim ila oshno boʻlish maqsadida «Tafsiri Hilol»ni oʻqir ekansiz, Kalomullohning ajoyibotlarini kashf etarsiz, degan umiddamiz.
15. «U–jinlar uni eshitishlari bilan, darhol: «Albatta, biz ajib Qurʼonni eshitdik, u rushdga hidoyat qilur», degan narsadir.»
Ha, Qurʼoni Karim faqat insonlarni emas, balki, jinlarni ham ikki dunyo saodatiga eltuvchi dasturdir.
Avvallari jinlar osmonga chiqib, u joydagi gaplarni oʻgʻrincha eshitib olib, yerdagi oʻzlari bilan aloqador odamlarga yolgʻon-yashiq qoʻshib yetkazar edilar. U odamlar esa, folbinlik qilib, kishilarga gʻaybning xabarini berayotgan boʻlib, turli narsalarni aytar edilar. Uzoq vaqt shundoq davom etib keldi. Lekin, birdan, osmon xabarini eshitgani chiqqan jinlarni yulduzlardan olovli parchalar ajrab chiqib quvlaydigan boʻlib qoldi. Endi jinlar osmon xabarlariga oʻgʻrincha quloq osa olmay qoldilar. Shunda ular bu gʻayrioddiy holning sababini axtarib dunyo keza boshladilar. Nasiybin degan joylik jinlar yoʻlda keta turib Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Qurʼon tilovatlarini toʻsatdan eshitib qoldilar. Toʻxtab, biz bilan osmon xabari orasiga tushgan shu narsa ekan, deyishdi. Tilovatni eshitib boʻlgandan keyin esa, «...biz ajib Qurʼonni eshitdik, u rushdga hidoyat qilur», deyishdi.
Yaʼni, jinlar, darhol, Qurʼoni Karimning ajib ekanini ham, hidoyatga boshlashini ham anglab yetdilar. Ular zudlik bilan Qurʼoni Karimga iymon keltirdilar va boshqa jinlarni ham unga iymon keltirib, amal qilishga daʼvat qila boshladilar.
Jinlarning bu ishlari siz bilan biz insonlarga saboq boʻlishi lozim. Qurʼoni Karimga ular kabi hozirjavob boʻlishimiz kerak. Shu bilan birga, bu ulkan haqiqatdan boshqa ibrat va mulohazalarni ham olmogʻimiz kerak. Jumladan, siz bilan biz oʻrganayotgan «Qurʼoni Karim»–«Al Qurʼonul Karim» deb nomlangan ilohiy kitob nafaqat hamma makon va zamondagi hamma insonlarga, balki, barcha jinlarga ham ilohiy dasturdir. Uning muxlislari, oʻqib, oʻrganuvchilari koʻpchilik tasavvur qilgandan koʻra chandon-chandon koʻpdir. Siz bilan biz oʻsha koʻpchilikning biri ekanimiz bilan har qancha faxrlansak, shuncha ozdir.
16. «Kim u bilan gapirsa, sodiq boʻlur.»
Ha, Qurʼoni Karim Allohning kalomi, Alloh taolo esa kalomida sodiq zotdir. Shuning uchun, kim Qurʼon bilan gapirsa, u odam gapida sodiq boʻladi. Alloh taoloning gapini gapirgan kimsa sodiq boʻlmay, kim ham sodiq boʻlar edi.
Ha, aziz tafsirxon, siz bilan biz Kalomullohni oʻrganar ekanmiz, oʻzimiz uchun eng oliy maqom, eng sodiq gaplar xaziynasini oʻrganayotgan boʻlamiz. Ushbu ilohiy dasturdan olib gapirgan gapimiz eng sodiq gap boʻladi. Barcha gapimiz Qurʼon ila gapiriladigan boʻlishi uchun harakat qilishimiz kerak. Buning uchun esa, bizga «Tafsiri Hilol» yordam beradi.
Aziz va muhtaram tafsirxon, oʻylab koʻring, siz bilan biz naqadar xushbaxt bandalarmiz. Alloh taoloning gapini gapirib, eng sodiq gap egasi boʻlish baxtiga erishishimiz mumkin. Buning uchun tayyor narsani oʻrganib olsak boʻladi. Ammo, bizdan boshqalar bu baxtga sazovor emaslar. Qurʼoni Karimni oʻziga dastur tutmaganlar, bu ilohiy kalomni oʻrganmay yurganlar gapiga sodiq boʻlish imkoniga ega emaslar. U shoʻrliklar, nimani, kimning gapini oʻzlariga dastur tutishni bilmay sarson boʻladilar. Biror gapni lozim tutsalar ham, oʻzlariga oʻxshagan ojiz bandaning gapini tutadilar. U esa, sodiq boʻlishi mumkin emas. Haligi shoʻrliklar oʻzlariga oʻxshagan mazkur bandaning kalomini oʻrganib, iqtiboslar yodlab, ovora boʻlib yuradilar. Ularning bu qilgan ishidan na ajru savob bor, na rushdi hidoyat bor va na savolga javob bor. Biz oʻzimizga dastur tutgan narsa bilan u shoʻrliklar oʻzlariga dastur tutgan narsa oʻrtasida qancha farq bor, bilasizmi? Alloh taolo bilan ojiz banda orasida qancha farq boʻlsa, shuncha farq bor. Chunki, biz oʻzimizga dastur tutgan narsa Alloh taoloning kalomi, ular oʻzlariga dastur tutgan narsa esa, ojiz bandaning xomxayolidir.
Ha, azizlar, shuning uchun ham, oʻz baxtimizning qadriga yetmogʻimiz, bizga bu baxtni bergan Zotga tinimsiz shukr qilgan holda, oʻz baxtimiz mayogʻi Qurʼoni Karimni koʻproq oʻrganmogʻimiz, har bir gapimiz undagi gaplar ila gapirilishi uchun qattiq harakat qilmogʻimiz zarur.
17. «Kim unga amal qilsa, ajr olur.»
Ha, kim Qurʼoni Karimga amal qilsa, ushbu muborak dasturni hayotiga tatbiq qilsa, ajr oladi. «Ajr» soʻzini sal qoʻpolroq iboralar bilan taʼrif qiladigan boʻlsak, qilgan ishiga ish haqi olish maʼnosi chiqadi. Arablarda hozir ham ish haqini ajr deyishadi. Demak, Qurʼoni Karimga amal qilgan–ishlagan odam ish haqini oladi. Uning bu dunyodagi ish haqi tinch-omon, sogʻ-salomat, xotirjamlik, barcha yaxshiliklarga toʻla, farovon va saodatli hayot boʻladi. Qurʼonga amal qilgan kishining haqiqiy ajri–ish haqi esa, u dunyoda beriladi. Qurʼonga amal qilgan kishining u dunyodagi ish haqi–firdavs jannati boʻladi. U oʻsha yerda nozu neʼmatlar, hur gʻilmonlar, oliy martabalar va Allohning roziligiga burkangan holda abadiy qoladi.
Qurʼoni Karimdan boshqaga amal qilganlarga esa, na bu dunyoda va na u dunyoda hech qanday ajr–ish haqi yoʻq. Chunki, ular oʻzlariga oʻxshagan ojiz bandaning aytgan, yozgan, tuzgan, ishlab chiqqan narsalariga amal qildilar. Mazkur ojiz bandalar oʻzlarining tuzgan dasturlariga amal qilganlarga qandoq ajr berishlari mumkin? Hech qanday. Zotan, uning oʻzi ajrga muhtoj. Bu dunyoda uch-toʻrt kun imkon topgan boʻlsa, kishilarga sovgʻa-salom yoki mukofotlar bersa, ajr bergan boʻladi. U, Alloh taolo bergan omonat narsaning tasarrufini qiladi, xolos. Shunda ham, adolat ila ish yuritmay, koʻpchilikning haqidan urib qoladi. Mazkur shaxs imkondan ajragan kuni oʻzi ham, uning dasturiga amal qilganlar ham rasvo boʻladilar. Bu dunyoda undan keyin kelgan imkonli shaxs yoki tuzumning tazyiqi ostida, u dunyoda esa, jahannam qoʻriqchisi boʻlgan kuchli, qoʻpol va shafqatsiz farishtalar gurzisi ostida oʻtadilar.
Amal qiluvchilarga beriladigan ish haqi bilan oddiy ish haqining farqi bor. Qurʼondan boshqaga amal qilganlarning ish haqi haqiqiy emas, majoziydir, doimiy emas, oniydir, bitmas-tuganmas emas, foniydir. Shuningdek, ularning ish haqi adolatli emas, taxminiydir.
Qurʼoni Karimga amal qiluvchilarning ajri esa, haqiqiydir. Chunki, ularning ajrlarini ajrning haqiqiy egasi boʻlmish Alloh taoloning Oʻzi beradi. Qurʼoni Karimga amal qiluvchilarning ajrlari oniy emas, doimiydir. Chunki, ularning ajrlarini cheksiz va doimiy imkonga ega Zot–Podshohligi azaliy Zot–Alloh taoloning Oʻzi beradi. Qurʼoni Karimga amal qiluvchilarning ajrlarini Boqiy sifatga ega boʻlgan, ham foniy dunyoning, ham boqiy dunyoning Moliki boʻlgan Alloh taolo beradi.
Bas, shundoq ekan, aziz dindoshim, Qurʼonga amal qilib yashaylik. Qurʼonga amal qilish uchun esa, avvalo, uni yaxshilab oʻrganaylik. Oʻrgangan har bir oyatimizga darhol amal qilaylik. Qurʼonga amal qilishlikning ajri borligi bilan birga Qurʼonga amal qilmaslikning gunohi, azobi borligini ham unutmaylik.
Zotan, har bir musulmon uchun Qurʼoni Karimni oʻqib, oʻrganmoqlik, unga amal qilmoqlik lozimu lobuddir. Qurʼoni Karimni oʻqib-oʻrganish, unga amal qilish faqat uni oʻqib-oʻrganuvchi va unga amal qiluvchining oʻzigagina yaxshiliklar keltirib qolmaydi, balki uning qarindosh-urugʻi, ota-onalariga ham ulkan yaxshiliklar yetishiga sabab boʻladi.
Imom Termiziy hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Qurʼonni qiroat qilsa, uni yodlab olsa, halolini halol qilsa, haromini harom qilsa, Alloh oʻsha odamni u bilan jannatga kiritadi va doʻzaxga kirishi vojib boʻlgan qarindoshlaridan oʻntasiga shafoatchi qiladi», deganlar.
Qurʼoni Karimni oʻqishning, oʻrganishning, yodlashning, u halol degan narsani halol bilib, harom degan narsani harom bilib amal qilishning fazli qanchalik ulugʻ ekanini koʻrdingizmi?!
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda:
«Kim Qurʼonni qiroat qilsa va undagi narsaga amal qilsa, qiyomat kuni uning ota-onasiga sizlarning ichingizda boʻlib bu dunyo uylariga nur sochib turgan quyoshning yogʻdusidan yaxshiroq yogʻdusi bor toj kiydiriladi. Endi, oʻsha ishni qilganning oʻziga nima boʻlishini bilasizlarmi?»–deyilgan.
Yaʼni, Qurʼonni qiroat qilib unga amal qilgan shaxsning ota- onasiga shunchalik izzat-ehtirom, shonu sharaf boʻlsa, uning oʻziga qanchalik narsalar boʻlishini oʻzingiz bilib olavering, deganlari.
Demak, aziz dindoshim, agar, dunyoga kelishimga sabab boʻlgan, meni tarbiyalab voyaga yetkazgan, koʻplab xizmatlarimni qilgan mushfiqu mehribon ota-onalarim qiyomat kuni hammaning huzurida, vasfiga til ojiz taxtlarga oʻtqazilib, boshlariga quyoshning yogʻdusidan yaxshiroq yogʻdusi bor toj kiydirilsin, ularning bu izzatikromga sazovor boʻlganlarini koʻrib hamma havas qilsin, desak, Qurʼoni Karimni oʻqib, unga amal qilaylik. Agar, oʻzimiz ham oʻshandoq martabaga erishaylik, desak, aziz farzandlarimizga Qurʼonni oʻqitib, unga amal qilishni oʻrgataylik. Undan ham yuqori martabaga erishaylik, desak, hammamiz Qurʼoni Karimni oʻqib, oʻrganib, unga amal qilaylik. Qurʼoni Karimning maʼnolarini tushunmay turib, unga amal qilishimiz qiyin, bu ishda esa, «Tafsiri Hilol» bizga yordamchi boʻlishini Alloh taolodan soʻraylik.
18. «Kim uning ila hukm qilsa, adolat qilur.»
Ha, Qurʼoni Karim ila hukm qilgangina adolat qilishi mumkin. Qurʼoni Karimdan boshqa narsa bilan hukm qilgan esa, hech qachon adolat qila olmaydi.
Ha, Alloh subhanahu va taolo Qurʼoni Karimni bu dunyoda u ila hukm qilish uchun tushirgandir. U zot azza va jalla Oʻz Paygʻambari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Albatta, Biz Senga kitobni odamlar orasida hukm qilishing uchun haq ila nozil qildik», degandir.
Ha, Qurʼoni Karim bandalar uchun Alloh taoloning hukmidir. Alloh taoloning hukmi esa adolatlidir. Shuning uchun ham, Qurʼon ila hukm qilgangina adolatli hukm qilgan boʻladi.
Qurʼoni Karim ila hukm yuritish uchun esa, uni qunt va iymonu ixlos bilan oʻqib-oʻrganish kerak. Keling, ushbu ilohiy dasturni yaxshilab oʻrganib, unga yaxshilab amal qilishga, uning ila hukm qilishga ahdlashaylik.
19. «Kim uning ila daʼvat qilsa, sirotul mustaqiymga hidoyat qilinur.»
Ha, kim odamlarni sirotul mustaqiymga–eng toʻgʻri yoʻlga daʼvat qilmoqchi boʻlsa, Qurʼoni Karimga daʼvat qilmogʻi kerak. Qurʼoni Karimdan boshqaga daʼvat qilishdan hech qanday foyda yoʻq. Chunki, ularning hech birida sirotul mustaqiym yoʻq. Chunki, ularning barchasi yerdan chiqqan kimsalar tomonidan ishlab chiqarilgan narsa boʻlgani uchun ular ham yerdan chiqqan boʻladi. Yerdan chiqqanning aytgani oʻz atrofidan nariga oʻtmaydi. Yerdan chiqqan narsa yerga, pastga qarab tortadi.
Qurʼoni Karimni esa, Alloh taolo sirotul mustaqiym qilib yetti osmon ustidan tushirgandir. Ana shundoq oliy maqomdan tushgan narsa, nafaqat yerni, balki, butun olamlarning toʻgʻri yoʻlini ham oʻzida mujassam qilgan boʻladi. Ana shundoq oliy maqomdan tushgan narsa oʻziga eʼtiqod va amal qilganlarni eng yuksak martabalarga olib chiqadi.
Shuning uchun ham, sirotul mustaqiymga hidoyat qilinishimizdan umidvor boʻlib, oʻzimizni, bola-chaqalarimizni, oila aʼzolarimizni, qarindosh-urugʻlarimizni, doʻst-yorlarimizni, oʻzimiz bilan birga yashayotganlarni va butun dunyoni Qurʼoni Karimga daʼvat qilaylik.
Toʻgʻri, bu daʼvat oson boʻlmaydi. Chunki, hozirgi odamlar Qurʼon haqiqatini, uning adolatini va uning hukmi nima ekanligini bilmaydilar. Ularning onadan tugʻilgan paytlaridagi musaffo tabiatlarini turli johiliy taʼlimotlar, «izm»lar, modellar va shu kabi oʻtkinchi dunyoga moslashgan dunyoqarashlar bulgʻab tashlagan. Hammamiz ham uzoq davom etgan xudosizlik, adolatsizlik, jabr, zulmkorlik va Islomiy savodsizlik davrini yashadik va yashamoqdamiz. Shuning uchun ham, Qurʼoni Karim haqida hozirgacha aytgan gaplarimiz kimlargadir xomxayol, oʻtmish afsonasi, eskirib qolgan meros va hayot voqeʼligiga toʻgʻri kelmaydigan quruq gap boʻlib tuyulishi mumkin. Buning oʻziga yarasha sababi ham bor. Chunki, hozirgi zamon odamlari ishonib yurgan taʼlimotlar, «izm»lar, modellar va tuzumlarning barchasi xomxayol, bir guruh betayin sarmastlarning toʻplanib olib, tamaki tutunini burqsitib oʻtirib toʻqigan afsonasi boʻlib chiqmoqda. Oʻsha narsalar eskib qolgan yoki voqeʼlikka toʻgʻri kelmaydigan gap ekanligi birin-ketin ayon boʻlmoqda.
Ammo, siz bilan biz odamlarni daʼvat qilmoqchi boʻlgan Qurʼon, uning haqiqati, adolati va hukmi xomxayol emas, ravshan haqiqatdir, oʻtmish afsonasi emas, oʻtmishning ham, hozirning ham Moliki–Alloh taoloning hikmatli kalomidir, vaqt oʻtishi bilan eskirmaydigan ilohiy dasturdir, hayot voqeʼligida sobit boʻlgan adolatli hukmdir.
Ushbu gaplarimiz haq ekanligini isbotlash uchun nazariy-fikriy dalillar, hattoki, Qurʼoni Karim oyatlaridan yoki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan ham dalillar keltirmoqchi emasmiz. Modomiki, gap voqeʼlik haqida ketar ekan, biz ham oʻz daʼvomizning haq ekanligiga voqeʼlikdan dalil keltiramiz. Biz oʻz daʼvomizga dalil qilib keltiradiganimiz voqeʼlik, hayotda bor boʻlgan voqeʼlikdir. U ertak ham emas, xayol ham emas. Balki, doʻstu dushman koʻrgan, doʻstu dushman guvoh boʻlgan, doʻstu dushman eʼtirof qilgan voqeʼlikdir. Oʻsha, biz daʼvo qilayotgan voqeʼlikning haqiqatini, mohiyatini toʻla anglab yetish uchun dunyoning bundan oʻn besh asr oldingi holatini yashab oʻtishimiz lozim. Ha, xayoldan oʻtkazish, eslash, zikr qilish emas, butun vujud bilan yashash lozim. Keling, oʻsha voqeʼlikni birgalikda yashaylik.
Oʻsha paytda butun dunyo johiliy hayot kechirar edi. Insoniyat boshdan-oyoq jaholat botqogʻiga botgan edi. Kishilarning barchasi hozirgi koʻpchilikka oʻxshab boʻlgan-boʻlmagan, buzuq va aslsiz aqiydalarga eʼtiqod qilar edi. Ularning oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotlarida jabr-sitam, zulmu nohaqlik hukm surar edi. Qoʻyingki, inson hayotining har bir sohasida razolat, haqsizlik, jaholat hukmron edi. Insoniyat johiliyatning quyuq zulmatida, qattiq gʻaflat uyqusida yotar edi. Ana shundoq quyuq zulmat, mogʻor bosgan qalblar uxlagan bir paytda faqatgina bir insonning mogʻor bosmagan pok qalbi uygʻoq edi. Oʻsha yagona uygʻoq qalb mavjud vaziyatdan norozi boʻlib, mazkur qorongʻulikdan nurga chiqish yoʻlini axtarar edi. U muborak qalb–Makka nomli shaharda Abdulloh ismli otadan, Omina ismli onadan tugʻilgan, Alloh taoloning inoyati bilan johiliyatning barcha chirkinliklaridan saqlanib qolgan Muhammad ismli muborak insonning qalbi edi. Mazkur yagona pok qalb egasi johiliyat zulmatidagi nohaqlik, fisqu fujur va boshqa nomaʼqulchiliklardan chetlanib, Makka shahri chetidagi togʻdagi «Hiro» nomli gʻorga kirib oʻtirar va insoniyat qandoq qilib johiliyat zulmatidan nurga chiqishi mumkin, deb fikr yuritar edilar. Ul zot shu tariqa boʻlajak ulkan hodisalarga oʻzlari bilmagan holda tayyorlanar edilar.
Ayni oʻsha paytda insoniyatni Oʻz qoʻli bilan yaratib, uni goʻdakligidan turli sarkashliklariga, injiqliklariga va xatoyu adashishlariga qaramay, Paygʻambarlar yuborib, kitoblar nozil qilib, tarbiyalab olib kelayotgan Alloh taolo, insoniyatning navbatdagi va eng katta adashuvidan keyin unga eng oxirgi Paygʻambarni yuborishni, eng soʻnggi kitobini nozil qilishni va eng soʻnggi, mukammal va doimiy shariatini joriy qilishni iroda qilgan payt kelgan edi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir kuni Hiro gʻorining ogʻziga chiqishlari bilan «Iqroʼ!!!»–«Oʻqi!!!» degan gulduros ovozni eshitdilar. Ana oʻsha ovoz johiliyat zulmatini parchalash uchun Alloh taolo tomonidan tushirilgan soʻnmas yogʻduning birinchi shuʼlasi–Qurʼoni Karimning birinchi oyati edi. Bu shuʼla dunyodagi yagona pok qalbni yoritdi. Keyin esa, yangidan-yangi shuʼlalar charaqlab, yogʻdu mukammallashib bordi.
«Ey, oʻranib yotuvchi, kechasi qoim boʻl!», «Ey, oʻranib yotuvchi, tur, bas, ogohlantir!» degan xitoblar boʻldi.
Endi mazkur yagona pok qalb Qurʼon yogʻdusi bilan yorishgan yagona qalbga aylandi. Endi oʻsha yagona pok va ilohiy yogʻdu ila yorishgan qalb egasi oʻz Robbisi amri ila yakka oʻzi butun dunyoni pok qalbli qilish uchun, ilohiy yogʻdudan bahramand boʻlishga daʼvat qilish uchun bel bogʻladi. Asta-sekin, Alloh taoloning inoyati ila, mazkur ilohiy yogʻdu–Qurʼoniy yogʻdu boshqa qalblarni ham yorita boshladi. Yer yuzida, astalik bilan boʻlsa ham, qiyinchilik bilan boʻlsa ham, johiliyat zulmatini Qurʼon yogʻdusi yorib chiqa boshladi. Kishilar ichida qalbi Qurʼon nuri bilan munavvar boʻlganlar koʻpaya bordi. Albatta, uzoq muddat zulmatda qolgan kofirlar yogʻduni tinchlikni buzib bezovta qiluvchi narsa deb tushunadilar. Shu boisdan ham, ular unga qarshi chiqadilar. Ular yogʻduni iloji boricha toʻsishga harakat qiladilar. Biz oʻrganayotgan voqeʼlikda ham shundoq boʻldi. Johiliyat zulmatiga oʻranib qolgan insonlar Qurʼon yogʻdusini oʻz oromlarini buzuvchi narsa deb bildilar. Uning tarqamasligi uchun qoʻllaridan kelganu kelmagan barcha choralarni koʻrdilar. Ular Qurʼon yogʻdusini, ul yogʻdudan bahramand boʻlganlarni butunlay yoʻq qilib tashlash uchun harakat qildilar. Lekin, Alloh taolo, kofirlar yoqtirmasa ham, Oʻz nurini batamom qiluvchi zotdir. Asta-sekin, Alloh taoloning inoyati va aralashuvi ila nafaqat insonlarning qalblari, balki, butun vujudlari Qurʼon yogʻdusi ila yorishdi. Keyin esa, ularning butun hayotlari oʻsha yogʻdu bilan yorishish jarayoni boshlandi. Qalblari Qurʼon yogʻdusi ila munavvar boʻlgan, har bir narsani Qurʼon yogʻdusi ila koʻradigan, har bir ishni Qurʼon yogʻdusida qiladigan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobai kiromlari yer yuzida ikki oyoqlari bilan yuradigan tirik Qurʼonlarga aylandilar. Qurʼon yogʻdusi ila yorishgan birgina qalb egasi Alloh taoloning amri ila boshlagan bu harakat Allohning madadi ila yakka shaxslarga, oilalarga tarqab, bora- bora, Qurʼon yogʻdusi ila yashaydigan davlatga aylandi. Madiynai Munavvarada qurilgan bu davlat–Qurʼon yogʻdusi ila qurilgan, Qurʼon taʼlimotlari asosida, Qurʼon adolatidan bahramand boʻlib, Qurʼon hukmini joriy qilib yashaydigan davlat edi. Bu Qurʼoniy davlat va uning har bir fuqarosi oʻsha vaqtning moʻʼjizasiga aylandi. Dunyoda birinchi marta Alloh taologa boʻlgan sof iymon yer yuzida sobit boʻldi. U jamiyatda hamma narsa Alloh taoloning koʻrsatmasi ila qilinadigan boʻldi. U jamiyat aʼzolari johiliyatning barcha axloqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa razolatlaridan xoli boʻldilar. U jamiyatda zulm, jabr-sitam butunlay yoʻqolib, mutlaq adolat hukm suradigan boʻldi. U jamiyatda kishilar hamma narsadan koʻngli toʻq, tinch-omon, baxtli-saodatli va toʻla farovon turmush kechira boshladilar. Chunki, ular Qurʼon yogʻdusida, Qurʼon adolatida va Qurʼon hukmida hayot kechirayotgan edilar. Oʻsha payt bu jamiyatga kirgan odam boshqa dunyoga borib qolganga oʻxshar edi. Zotan, johiliyatda tugʻilib, oʻsib va shakllangan inson uchun Qurʼoniy jamiyat haqiqiy moʻʼjiza, uxlab tushida ham koʻrmagan narsa edi. Bu Qurʼoniy jamiyatdagi yaxshiliklar, oliy fazilatlar har qanday insonni oʻziga maftun etardi.
Qurʼoniy jamiyat aʼzolari oʻzlariga yetgan ulkan baxt va saodatni, mislsiz ulkan neʼmatni boshqalar bilan birga baham koʻrgilari kelar edi. Ular insoniyat jaholat botqogʻida, turli razolatlarga koʻmilgan holda, zulmda, inson nomiga or boʻladigan narsalar ichida hayot kechirishda davom etaverishini qabul qila olmas edilar. Shuning uchun ham, boshqa insonlarga Qurʼon yogʻdusida hayot kechirishni tushuntirish, ularni toʻgʻri, ilohiy yoʻlga solish uchun harakat boshladilar. Shu bois, Qurʼoniy davlat hududlari tezlik bilan kengaya boshladi. Qurʼon yogʻdusida turmush kechiradigan xalqlar va yurtlar soni koʻpayib bordi. Turli xalqlar oʻzlariga Qurʼon taʼlimotlarini olib kelgan kishilarni, ularning oliymaqom axloq-odoblari va sifatlarini koʻriboq ahli Qurʼonlar qatoriga qoʻshila boshladilar. Qurʼoniy jamiyat aʼzolari butun dunyoga ustoz boʻldilar, butun dunyoda peshqadam boʻldilar. Ular eng ilgʻor, eng taraqqiy etgan, eng baxtli, eng tinch, eng boy, eng sogʻ, eng ilmli, eng madaniyatli, eng kuchli, eng adolatli, eng oliy axloqli insonlar sifatida maydonga chiqdilar. Qurʼoniy jamiyat hayotning har bir sohasida misli koʻrilmagan yuqori choʻqqiga koʻtarildi. U jamiyatda nafaqat musulmonlar, balki musulmonmas xalqlar ham oʻzlarining dunyoviy baxt-saodatini topdilar.
Mazkur holat hech kim inkor eta olmaydigan voqeʼlikdir. Qurʼoniy dasturga ega boʻlgan jamiyat yer yuzida qoim boʻlgani, jahonga baxt ulashgani sobit haqiqatdir.
Insoniyat tajribasida bir marta boʻlgan narsani qayta takrorlash osondir. Bu tajribani qayta takrorlash uchun Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari boʻlishi shart emas. Alloh taoloning Oʻzi shuni iroda qilgan. Islom Alloh taoloning qiyomat qoim boʻlguncha boqiy qoluvchi dini boʻlgani uchun, uning doimiy tatbiqi, ulugʻ zot boʻlsalar ham, faqat Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslariga bogʻliq boʻlishi mumkin emas edi. Agar Islomning doimiy tatbiqi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslariga bogʻliq qilinganda, uni u zot sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin tatbiq qilmaslik kerak boʻlib qolar edi. Shuning uchun ham, Alloh taolo Islomning doimiy tatbiqini Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxslariga emas, Qurʼoni Karimga bogʻlab qoʻydi. Va Qurʼonni qiyomat qoim boʻlguncha muhofaza qilishni Oʻz zimmasiga oldi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga esa, Qurʼonni kishilarga bir marta toʻliq tatbiq qilib koʻrsatib berishni topshirdi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu omonatni qoyilmaqom qilib oʻz oʻrnida ado etdilar. Ul zot oʻz ummatlariga Qurʼonga amal qilgan holda toʻlaqonli hayot kechirishni koʻrgazmali ravishda joriy qilib berdilar. Paygʻambarimiz alayhissalom tomonlaridan Qurʼonning amalda tatbiq qilib koʻrsatilishiga «sunnat» deyiladi. U zoti bobarakot oʻzlariga Alloh taolo tomonidan yuklatilgan topshiriqni sharaf ila ado etib boʻlib, bu foniy dunyoni tark etayotgan paytlarida ummatlariga xitob qilib:
«Ichingizda ikki narsani: Allohning kitobini va oʻzimning sunnatimni qoldirdim. Agar ikkisini mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz», dedilar.
Alhamdulillah, ikki dunyo saodati kafolatini beruvchi ilohiy dastur–Qurʼon bor, uni qandoq qilib tatbiq qilish boʻyicha qoʻllanma–sunnat bor, uning asosida dasturni amalga oshirish tajribasi bor, demak, musulmonlar bugungi kunda orzu qilayotgan narsa xomxayol emas, ayni voqeʼlikdir.
Ammo ana shu voqeʼlikning orzu qilinishi, voqeʼlikda boʻlmasligi afsus va nadomat boisidir. Musulmonlarning yuqorida zikr qilingan nabaviy vasiyatga amal qilmaganlari, Qurʼon va Sunnatni mahkam tutmaganlari oqibatida Qurʼoniy jamiyatda baxtli hayot kechirish voqeʼlikdan orzuga aylanib qoldi.
Bunday achinarli va noqulay holning vujudga kelishiga, asosan, musumonlarning oʻzlari aybdor. Ular Qurʼon yogʻdusi ostida nurafshon hayot kechirish qadriga yetmadilar. Ular, asta-sekin, Qurʼon yogʻdusida yashash uchun lozim boʻlgan sifatlarni yoʻqota boshladilar. Mazkur sifatlarni oʻzlarida doimiy ravishda ushlab turish uchun chora-tadbir koʻrmadilar. Oqibatda, tanballik, havoyi nafsga berilish va boshqa shunga oʻxshash omillar tufayli, paydo boʻlgan xastalik asta-sekin kuchayib bordi. Ular oʻzlaridagi manfur xastalik tufayli, asta-sekin, Qurʼon yogʻdusidan oʻzlarini tortadigan boʻlib qoldilar. Oxir-oqibatda esa, koʻrshapalakka oʻxshab yogʻdudan oʻzlarini olib qochib, qorongʻulikni xush koʻradigan holga keldilar. Ular mazkur xastalik tufayli yana oʻzlarini johiliyatning qorongʻu xonasiga urdilar. Oʻsha xonaning eshigi yonidan, tirqishlaridan Qurʼon yogʻdusi tushib turibdi. Mazkur xonadagi xastalar esa, juzʼiy yogʻdularni oʻzlari uchun yetarli deb oʻylamoqdalar. Baʼzi xastalar «musulmon ota-onadan tugʻilganman-ku, ismim musulmonlarning ismidan-ku, kalimai shahodatni bir amallab aytaman-ku», deb, oʻzlariga tasalli beradilar. Haligi zulmatxona tirqishidan tushayotgan Qurʼon yogʻdusiga yaqinroq turib qolgan xastalar esa, namoz oʻqiyapman-ku, roʻza tutayapman-ku, degan daʼvolarni qiladilar. Hammasining mazkur daʼvolari qoʻshilib, nima uchun musulmon boʻlsak ham xastamiz, degan umumiy daʼvoga aylanadi. Ha, ular oʻzlarining xastaliklarini borgan sari yaxshi tushunib bormoqdalar. Shu bilan birga, ularda xastaliklariga malham izlash hissi ham kuchayib bormoqda. Ular zulmat xastaligidan forigʻ boʻlib, yogʻdu ostida nurafshon hayot kechirishni istaydilar. Ular oʻz xastaliklarini muolaja qiluvchi hoziq tabib va oʻsha tabib taqdim qiladigan kuchli dori-darmonga muhtojlar. Lekin ular oʻzlaridan ham qattiq bemor, ammo, tashqi koʻrinishi yaltiroq xastalarni koʻrib, mana shular sogʻ, biz ham ularning qilganini qilsak, sogʻaysak kerak, deb gumon qilmoqdalar.
Aslida esa, ularning hoziq tabibi boʻlmish Alloh taolo kerakli davo–Qurʼonni taqdim qilib, u dorini qandoq isteʼmol qilishni koʻrsatib berishni Oʻz Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga topshirgan. Ul zot sollallohu alayhi vasallam esa, oʻsha paytdagi eng ogʻir xastaliklarga mazkur ilohiy davoni berib, ularni dunyodagi eng sogʻlom kishilar boʻlib Qurʼon yogʻdusida toʻla-toʻkis yashash darajasiga olib chiqqanlar. Ana shunda yuqorida zikr etilgan va siz bilan biz hozirda orzu qilayotgan voqeʼlik yuzaga kelgan. Ana oʻsha voqeʼlik yana qayta yuzaga kelishi nazariy, amaliy va boshqa jihatlardan mumkin va lozimdir. Ana oʻsha voqeʼlik yana qayta yuzaga kelishi iymon-eʼtiqod jihatidan muqarrardir. Chunki, bu haqiqat Alloh taolo tomonidan vaʼda qilingan va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam tomonidan qayta-qayta taʼkidlab bashorat berilgan haqiqatdir. Ha, buni baʼzi kimsalar xohlaydimi, xohlamaydimi, baribir, yer yuzida yana Qurʼoniy jamiyat qurilishi muqarrar bir narsadir. Chunki, mazkur kimsalar, kim boʻlishlaridan qatʼinazar, ojiz boʻladilar. Ojiz bandalarning xohishi esa, xuddi oʻzlari kabi ojizdir.
Aziz va muhtaram tafsirxon, siz bilan biz ushbu tafsirimiz orqali Qurʼoni Karimning har bir oyatini oʻqib, oʻrganib, uqib, unga ixlos bilan amal qilar ekanmiz, boshqalarni ham daʼvat qilar ekanmiz, mazkur boʻlishi muqarrar va oʻzi muqaddas orzuning yuzaga kelishi uchun yana bir qadam bosgan boʻlamiz. Ana oʻsha ulugʻ ishga oʻzimizning bir parcha ulushimizni qoʻshgan boʻlamiz. Shuning uchun, oʻzimiz qilayotgan ishning mohiyatini tushunib yetib, unga munosib boʻlishga harakat qilaylik.
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
M U Q A D D I M A
(Birinchi nashrga yozilgan)
Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotu durudlar boʻlsin. Alloh taoloning inoyati va marhamati ila bir tafsirga qoʻl urib ish boshladik. Bu ishni esa, Qurʼoni Karim tarixi, u haqdagi tushuncha, tafsir va tarjima toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan muqaddima bilan boshlasak, yaxshi boʻlar, degan fikrga keldik.
«Qurʼon» soʻzi arab tilidagi ibora boʻlib, «qiroat» maʼnosini bildiradi. Ulamolar taʼrifida esa:
«Qurʼon – Allohning moʻʼjiza kalomi boʻlib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali tushgan, tilovati ibodat hisoblanuvchi kitobdir».
Demak, Alloh taoloning kalomidan boshqa kalom hech qachon Qurʼon boʻla olmaydi. Jumladan, Muhammad alayhissalomning kalomlari ham Qurʼon boʻla olmaydi. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning kalomlari hadis boʻladi. Alloh taoloning inson zoti keltira olmaydigan qilib, maxsus nozil qilgan moʻʼjizakor kalomigina Qurʼon boʻladi. Misol uchun, hadisi qudsiylar Allohning kalomi boʻlsa ham, ojiz qoldiruvchi sifatiga ega boʻlmagani uchun, Qurʼon boʻla olmaydi.
Alloh taoloning kalomining Qurʼon boʻlishi uchun zarur shartlardan yana biri, Muhammad alayhissalomga vahiy qilingan boʻlishidir. Alloh taoloning boshqa Paygʻambarlarga nozil qilgan kalomi ham Qurʼon hisoblanmaydi.
Qurʼoni Karimni boshqa kalomlardan ajratib turuvchi yana bir eng muhim sifat uning tilovati ibodat hisoblanishidir. Shuningdek, uni ibodatda tilovat qilish shartligidir. Yana ham soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, Qurʼon tilovati boʻlmasa, namoz boʻlmasligidir.
Qurʼoni Karimning lugʻaviy va istilohiy maʼnolarini oʻrganib olganimizdan keyin, endi uning Alloh taolodan bizlargacha qandoq yetib kelgani haqida ham ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtaylik.
Alloh taolo Oʻzining soʻnggi kalomini Oʻzining soʻnggi Paygʻambariga Oʻzining vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom orqali nozil qildi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa, bu dasturi ilohiyni oʻz sahobalariga–musulmonlarning eng afzal avlodiga Jabroil alayhissalomdan qandoq qabul qilib olgan boʻlsalar, shundoq qilib yetkazdilar. Oʻz navbatida, sahobai kiromlar oʻzlaridan keyinga avlodga, ular oʻzlaridan keyingilarga Qurʼoni Karimning har bir harfini oʻta aniqlik bilan yetkazdilar.
Shundoq qilib, Qurʼon Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bizlargacha son-sanoqsiz kishilardan omonatli va aniq naql orqali yetib kelgandir, yaʼni koʻplab ishonchli kishilar yodlab bir- birlariga ishonch bilan oʻrgatib oʻtishgandir.
Munosabatdan foydalanib, vahiyning oʻzi nima va u Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qanday kelganligi bilan tanishib chiqaylik.
Vahiyning lugʻaviy maʼnosi–Alloh taoloning oʻz Paygʻambarlariga zudlik bilan yuborgan diniy koʻrsatmalaridir.
Vahiy farishtalar orqali yoki bevosita Alloh taolo bilan roz aytish (gaplashish) orqali ham kelishi mumkin. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa, vahiy quyidagicha hollarda tushgan:
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilarki:
1. «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga vahiyning birinchi kelishi oʻngidan kelgan tush boʻlgan. Koʻrgan har bir tushlari uygʻoqlik vaqtlarida ham xuddi tong yorugʻidek kelar edi.
2. Farishta oʻzi koʻrinmay turib, Paygʻambar qalblariga kerakli xabarni yetkazar edi.
3. Qoʻngʻiroq chalingandek ovoz chiqarib kelar edi.
4. Jabroil farishta Paygʻambarimizga odam shaklida boʻlib koʻrinar edilar».
Shu toʻgʻrisida «Sahih Buxoriy» kitobida quyidagi hadisi sharif keltirilgan:
«Horis ibn Hishom Paygʻambarimizdan: «Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi?» – deb soʻrabdi. Shunda Ul janob quyidagi javobni beribdilar: «Ahyonda xuddi qoʻngʻiroqdek jaranglab keladi, shunisi menga qiyin. U ketgandan keyin hamma narsani men oʻzimda singdirib olgan boʻlaman. Gohida esa, farishta menga odam shaklida kelib soʻzlab ketadi va uning aytganlarini anglab olaman».
5. Farishta oʻzining asl shaklida koʻrinadi va vahiyni yetkazadi.
6. Alloh taolo Paygʻambar alayhissallomga meʼroj kechasida namozni farz qilish va shunga oʻxshash baʼzi narsalarni bevosita vahiy qilgan.
QURʼON TUSHISHINING BOSHLANISHI
Muhammad sollallohu alayhi vasallam 40 yoshga yetganlarida yolgʻizlikni xohlab qoldilar. Makka atrofidagi togʻlardan biridagi «Hiro» nomli gʻorga kirib, bir necha kunlab «tahannus» deb atalgan ibodat qilardilar. Yaʼni, yolgʻiz holda, dunyo ishlari haqida, undagi razolatlarni qandoq yoʻqotish, haqiqatni, adolatni yuzaga chiqarish va boshqa fazilatlar toʻgʻrisida fikr yuritardilar. Baʼzida uyga oziq-ovqat uchun tushardilar yoki uydan oziq-ovqatni keltirishardi. Bu ham Alloh taolo tarafidan u zotni Paygʻambarlikka tayyorlash edi. Kunlardan birida gʻor ogʻziga chiqishlari bilan «Oʻqi!» degan gulduros ovozni eshitdilar va «Oʻqishni bilmayman», deb javob berdilar. Bir narsa yelkalaridan siqdi-da, qoʻyib yuborib, yana «Oʻqi!» dedi, u kishi yana «Oʻqishni bilmayman», dedilar. Shu tariqa uch marta takrorlangandan soʻng gulduros ovoz «Alaq» surasining birinchi besh oyatini oʻqidi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga uning soʻzlari toshga bitilgandek yod boʻlib qoldi. U kishi nima boʻlayotganini tushuna olmay, qoʻrqib ketdilar va shoshib uylariga ranglari oqargan holatda kirib borib: «Meni oʻrab qoʻyinglar», deb yotib oldilar. Boʻlgan voqeani xotinlari Xadiyja onamizga soʻzlab berdilar. U kishi: «Yaxshilik boʻlsa kerak, chunki siz doimo barchaga yaxshilik qilasiz, sizday odamga yomonlik yetmaydi», degan maʼnodagi soʻzlarni aytib, amakilari Varaqa ibn Navfalning oldiga yoʻl oldilar. Varaqa koʻpni koʻrgan, ilohiy kitoblardan boxabar, ulugʻ yoshdagi kishi edi. Xadiyja onamizdan boʻlgan voqeani eshitgach: «Suyunchi ber, jiyan, Muhammadga Muso Paygʻambarga kelgan farishta kelibdi, u oxirgi ummatning Paygʻambari boʻlibdi»,–dedi. U, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari bilan ham gaplashib, ish nimada ekanini tushuntirdi.
Bu, insoniyat tarixidagi eng baxtli kun edi. Chunki, insoniyat maʼlum bir bosqichga yetgan paytida Alloh taolo Oʻzining barkamol dini boʻlmish Islomning dasturi–Oʻzining oxirgi kitobini Oʻzining soʻnggi Rasuliga tushirishni boshlagan edi. Shu kundan eʼtiboran adashib yurgan insoniyatga Alloh taoloning Oʻzi yana yoʻl koʻrsatishni boshlagan edi. Arsh bilan yer orasida yana qaytadan bogʻlanish boshlangan edi. Shu kundan insoniyat tarixida baxtli soatlar sanogʻi boshlandi. Asta-sekin oyatlar tushaverdi. Bu jarayon 13 yil Makkada va 10 yil Madiynada–jami 23 yil davom etdi.
Qurʼon suralardan iboratdir, sura Qurʼonning bir boʻlagi boʻlib, uch yoki undan koʻp oyatni oʻzi ichiga oladi.
Qurʼonda 114ta sura boʻlib, ulardan har birining oʻz nomi bor. Baʼzi suralarning ismi suraning avvalidagi soʻzdan olingan. Baʼzilariniki esa, oʻsha surada zikri koʻproq kelgan narsalarning nomiga qoʻyilgan.
Qurʼon suralari ikki qismga boʻlinadi:
1. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hijratlaridan avval tushgan suralar–«makkiy suralar» (Makkada tushgan) deyiladi.
2. Hijratdan keyingilari esa–«madaniy suralar» (Madiynada tushgan) deyiladi.
Makkiy oyatlar Allohning yagonaligi va sifatlari, Qurʼon va Paygʻambar haqligi, mushriklar tanqidi, oʻtgan ummatlar qissasi, musulmonlarning axloqi qandoq boʻlishi, qiyomat kuni, Odam Ato va shayton qissasi, eʼtiqod masalasi kabi mavzularni bayon qiladi. Makkiy oyatlar odatda qisqa boʻladi, ichida «Kalla» lafzi, «Yaaa ayyuhannaasu» jumlasi boʻladi.
Madaniy oyatlarda esa, sharʼiy hukmlar, ibodatlar, jinoyatchilarni jazolash, munofiqlar haqida, jihod, urush va xalqaro aloqalar kabi mavzularda soʻz yuritiladi. Ular uzun-uzun boʻladi.
Maʼlumki, Muhammad sollallohu alayhi vasallam oʻqish-yozishni oʻrganmaganlar. Shuning uchun ham, Qurʼon oyatlarini farishtadan eshitib yodlab olar edilar. Chunki, oʻsha vaqtda oʻqish-yozishni biladigan odamlar juda ham kam boʻlib, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam huzurida yozishni biladigan odamlar, shu jumladan, Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Zayd ibn Sobit, Ubay ibn Kaʼb kabi kishilar oʻzlariga muyassar boʻlgan xurmoning poʻstlogʻimi, yapaloq toshlarmi, katta suyaklarmi, terimi, qogʻozmi va shunga oʻxshash narsalarga Qurʼonni yozib borganlar.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ularga yangi tushgan oyat qaysi suradan ekanini va qayerda turishi lozimligini koʻrsatib berganlar.
Shunday qilib yigirma uch yil davomida Qurʼon farishta orqali tushib ham boʻlgan. Paygʻambarimiz va sahobalar yodlab ham boʻlishgan hamda yozishni biladiganlar yozib ham boʻlishgan.
QURʼONNING JAMLANISHI
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida, yana vahiy tushib qolar, degan umidda Qurʼon jamlab kitob shakliga keltirilmagan. U kishining vafotlaridan keyin Qurʼon kishilarning qalbida va yozgan narsalarida qoldi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan soʻng musulmonlarga Abu Bakr roziyallohu anhu boshliq etib saylandilar. U kishining davrida dindan qaytganlar bilan musulmonlar orasida qattiq janglar boʻldi. Shu janglarda Qurʼonni toʻliq yod olgan koʻplab qorilar shahid boʻldilar. Shunda hazrati Umar Abu Bakrga (Alloh u zotlardan rozi boʻlsin): qorilar oʻlib ketaversa, Qurʼonga zarar yetishi mumkin, shuning uchun uni kitob shakliga keltirib jamlab qoʻyish kerak, degan maslahatni berdi.
Avval boshda hazrati Abu Bakr ikkilanib turdilar, chunki bu ish Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida qilinmagan edi. Keyinroq esa, Abu Bakr roziyallohu anhu ham Qurʼonni kitob shakliga keltirib qoʻyish zarur ekanligini anglab yetdilar va Zayd ibn Sobit ismli sahobani chaqirib, bu ishni amalga oshirishni unga topshirdilar. Chunki, Zayd ibn Sobit Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan juda koʻp birga boʻlgan, Qurʼonni eng yaxshi yod olgan va uni Paygʻambar alayhissalomning huzurlarida yozgan, Paygʻambarimiz vafot etadigan yillari Jabroil farishtaga Qurʼonni avvalidan oxirigacha oʻqib oʻtkazganlarida birga boʻlgan edi.
Zayd ibn Sobit, Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo va boshqalar Qurʼoni Karimni puxta yod bilishlariga qaramay, bu ulkan ishning mustahkam, ishonchli boʻlishiga harakat qilib, masjidda: «Kimning qoʻlida yozilgan Qurʼon boʻlsa va uning Paygʻambarimiz huzurlarida yozilganiga ikkita guvohi boʻlsa, bizga olib kelsin, Qurʼonni jam qilishga xalifaning buyrugʻi boʻldi», deb eʼlon qildilar. Ikkovlari masjidda oʻtirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan bir yildan ortiq vaqtda Qurʼonni jamlab berdilar. Soʻng koʻpchilikka koʻrsatdilar, hamma rozi boʻldi. Agar biror harfi oʻrnida boʻlmasa, minglab yod biladiganlar qarshi chiqardi.
Lekin asosiy tayanch yodlash boʻlib qolaverdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam farishtadan yodlaganlar, u kishidan sahobalar, sahobalardan esa, ulardan keyingi avlod va hokazo, hozirgacha yetib kelgan.
Shunday qilib, Zayd ibn Sobit va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolar mashaqqatli urinishlardan keyin Qurʼonni kiyik terisidan ishlangan sahifalarga yozib boʻldilar va uni belidan bogʻlab, Abu Bakrning uyiga qoʻyib qoʻydilar. U kishi olamdan oʻtgandan keyin sahifalar hazrati Umarning uylarida, u kishidan soʻng esa qizlari va Paygʻambarimizning xotinlari Xafsa onamiz huzurlarida qoldi.
Vaqt oʻtishi bilan Islom davlatining chegarasi kengayib, koʻplab xalqlar ham musulmonlikni qabul qilib, musulmonlarning soni koʻpaygandan soʻng Qurʼonni oʻqishda turlicha kelishmovchiliklar chiqa boshladi. Bu holatni koʻrgan oʻsha vaqtdagi xalifa Usmon hazratlari Xafsa onamizdan Abu Bakr davridagi sahifalarni soʻrab olib, undan olti nusxa koʻchirishga buyruq berdilar.
Nusxalar tayyor boʻlgandan soʻng musulmonlar yashaydigan diyorlardagi markaziy shaharlarga bittadan nusxaga bittadan qori qoʻshib joʻnatdilar va hammaga faqat shu nusxadan Qurʼonni koʻchirish va shu qoridan qiroat oʻrganishga buyruq berdilar. Boshqa mushaflarni yoqib yuborishga farmon chiqdi. Dunyoda hech bir ummat hech bir kitobga Islom ummati Qurʼoni Karimga ahamiyat berganidek ahamiyat bergan emas.
Ilk oyatlar tushgan vaqtdan boshlaboq, avvalo, ularni Paygʻambarimiz alayhissalom yodlar edilar, soʻng musulmonlarga oʻqib berar edilar, yozishni bilganlarga yozdirib qoʻyar edilar. Boshqa muqaddas kitoblar kabi Qurʼon maxsus bir toifa kishilar qoʻlida turmadi. Balki u barcha ommaning koʻz oʻngida va quloq ostida boʻldiki, uni hamma doimo oʻqir edi.
Namozda ham, boshqa joylarda ham Qurʼon oʻqilar edi. Hukmni ham Qurʼondan chiqarar edilar. Qurʼon ularning yagona qoʻllanmasi boʻlib, diniy, ijtimoiy va siyosiy hayotlarida doimo yoʻlboshchi boʻlib keldi. Bunday narsani hech oʻzgartirib boʻlmaydi. Chunki, Alloh taoloning Oʻzi Qurʼonni hech qanday oʻzgarishsiz saqlashni zimmasiga olgan. Bu haqda Qurʼonda shunday deyiladi:
«Albatta, Biz Qurʼonni tushirdik va albatta, uni Biz Oʻzimiz muhofaza qilamiz».
QURʼONNING TARQOQ TUSHISHI
VA UNING HIKMATLARI
Avval aytganimizdek, Qurʼon yigirma uch yil davomida tarqoq holda tushdi. Gohida bir, gohida ikki-uch oyat tushar edi, bir tushishida oʻnta oyatgacha ham tushgan vaqtlar boʻlgan. Qurʼon oyatlari kishilarga yaxshiroq singishi va qalblarga mustahkam jo boʻlishi uchun atrof-muhitni, sodir boʻlayotgan voqealarni eʼtiborga olgan holda tushar edi. Mana shu holda kishilarga hujjat boʻlishi oson va moʻʼjizakorlik quvvati yanada ortar edi. Agar Qurʼon tarqoq holda tushmaganda, odamlarga bahona topilib, biz bunchalik koʻp narsani bajara olmaymiz, degan gaplarni aytishlari mumkin edi. Avval bir yoki bir necha oyat tushgandan soʻng bir qancha fursat oʻtsa, albatta, ular bunday bahonani qila olmas edilar.
Qurʼonning tarqoq tushishining boshqa hikmatlari ham bor. Shulardan biri–kishilarni ota-bobolaridan qolib kelgan urf- odatlaridan va oʻzlari koʻnikib qolgan tuzumlaridan birdaniga ajratib boʻlmas edi. Shuning uchun, Qurʼon asta-sekin tushib, yuqorida zikr qilingan narsalarni birin-ketin Islom keltirgan tartib va qoidalarga almashtirdi.
Qurʼonning tarqoq tushishi hikmatlaridan yana biri–uni yodlash oson boʻlishi uchun edi. Chunki, Paygʻambar alayhissalom va u kishining atrofidagi sahobalarning koʻpi oʻqish-yozishni bilmas edilar. Axir, Qurʼon birdan tushsa, uni yodlash qiyin boʻlib qolar edi.
Maʼlumki, Paygʻambar alayhissalom va moʻminlar oʻz dushmanlaridan uzluksiz ozor, jafo chekib turardilar, qiyinchilik, mashaqqatlarga uchrardilar. Toqatlari toq boʻlgan paytlarida Qurʼon oyatlari tushib ularga tasalli berar, ularning qalbini tinchlantirar va ogʻirlarini yengil qilar edi.
Musulmonlar hayotida turli hodisalar boʻlib turardi. Baʼzan tushunmovchiliklar, bu ishning dinimizda hukmi qandoq ekan, degan savollar paydo boʻlardi. Shundoq holatlarda oyat tushib, bu ishlarga aralashar, toʻgʻri yoʻlga solib yuborar va savollarga javob berardi. Bu esa, Qurʼonning hayotga yanada singib ketishiga olib kelar edi.
Qurʼoni Karimning tarqoq tushishligining eng ulkan hikmatlaridan biri–uning masdari, kelib chiqqan joyiga ishorat va haqiqiy ilohiy kitobligiga hujjatdir. Oʻylab koʻring, yigirma uch yil davomida hali u suradan uch oyat, hali bu suradan ikki oyat, oldinma-keyin, baland-past boʻlib tushsa-da, hammasi yigʻilib butun insoniyatni toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan, bir harfi oʻz oʻrnidan boshqa joyga tushmagan kitob hosil boʻlsa! Bu ish faqat har narsaga qodir ulugʻ Allohning qudratli hikmati bilan boʻlishi mumkin, xolos.
QURʼONNING INSONLARNI OJIZ QOLDIRISHI
Qurʼon arablarga va boshqa xalqlarga oʻziga oʻxshagan birorta kitobni yoki uning suralariga oʻxshash birorta surani keltirishni taklif qilganda, ularning barchasi bu ishdan ojiz qolishi haqiqatan ham Qurʼon Allohning kalomi ekanligiga yorqin dalildir.
Qurʼon tushishidan oldin va xususan, Qurʼon tushayotgan paytda arablarda soʻz ustaligi, adabiyot, sheʼr va vaʼzxonlik nihoyatda yuqori darajada edi. Yil davomida ular bir necha sayl va marosimlar oʻtkazib turishar edi. Xususan, «Ukoz» degan joyda sheʼr aytish va vaʼzxonlik qilishda katta-katta musobaqalar oʻtkazilib, mashhur va ulkan shoirlar musobaqa qatnashchilariga baho qoʻyar edilar.
Arablarning bunday soʻz ustaligiga ikki sabab bor edi: ular qabila-qabila boʻlib yashar edilar. Bunday hayot esa, oʻzaro tortishuv, urush va faxrlanishlarga sabab boʻladi. Har bir qabila bosh- qa qabilalar oldida oʻzining hurmatini koʻrsatish uchun oʻzining usta shoiri boʻlishiga intilar edi. Shu bilan birga, bu shoir bosh- qa qabilalarni hajv qilishi ham kerak edi. Shuning uchun ham, ular shoirlik va soʻz ustaligiga katta ahamiyat berib, shoir va soʻz ustalarini nihoyatda qadrlar edilar.
Shunday bir paytda Qurʼoni Karim oʻzining ajoyib uslubi, shifobaxsh hikmatli soʻzlari bilan paydo boʻlib, iztirobda va tartibsiz hayot kechirayotgan Arabiston yarim orolidagi xalqlarning qalbiga yoʻl topdi.
Albatta, Qurʼon oʻsha paytdagi shoirlar va soʻz ustalarining asarlaridan juda ham ustun turganligidan shunday muvaffaqiyatga sazovor boʻldi. Arablar ham Qurʼon ularni ojiz qoldirganidan soʻng hech narsa deya olmay qoldilar. Qurʼonni eshitgan paytda arab soʻz ustalarining eng kattalari ham unga bosh egdilar. Qurʼon qarshisida mashhur shoirlarning ham tili tutilib qoldi. Lekin kofirlarning boshliqlari yangi dinga kirishdan va Muhammad alayhissalomning Paygʻambarligiga iymon keltirishdan bosh tortib, haqiqatga qarshi boʻlmagʻur narsalar bilan urush ochdilar. Ular20–3733 Qurʼonni «sheʼr» dedilar, «avvalgi oʻtgan kishilarning afsonalari» deb ham koʻrdilar. Muhammad alayhissalomni esa, gohida «jinni» desalar, gohida «folbin» dedilar. Lekin ular bu bilan hech narsaga erisha olmadilar.
Arablarning odati boʻyicha, bir-birlaridan soʻzda ustaligini isbot qilmoqchi boʻlsalar, bir-birlarini tortishuvga chaqirar edilar. Shu odatga binoan, Qurʼon ham ulardan oʻziga oʻxshash bir narsa yoki suralardan biriga oʻxshash bir sura keltirishni talab qildi. Shunday talabning boʻlishi va uning Qurʼonda zikr qilinishidan maqsad, bunga asrlar davomida tarix guvoh boʻlsin, arablar oʻzlari eng usta shoir va vaʼzxon boʻlaturib, Qurʼon chaqirigʻi oldida ojiz qolganlari bardavom eslatib turilsin, deyishlik edi. Hatto zamonlar oʻtishi bilan biror-bir munofiq, buzgʻunchi chiqib, Qurʼon arablarni ojiz qoldirgan emas, agar arablar xohlasa, Qurʼonga oʻxshash kitobni tuza olar edilar, demasligi uchun shunday boʻldi.
Bu borada Qurʼon oʻziga xos yoʻl tutib, avvalo, arablardan Qurʼonga oʻxshash bir narsani ijod qilishni talab qildi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday deydi:
«Sen: «Agar rostgoʻylardan boʻlsangiz, Allohning huzuridagi u ikkisidan koʻra toʻgʻriroq bir kitob keltiring, men unga ergashaman», degin.
«Agar senga javob bera olmasalar, bas, bilginki, ular faqat havoyi nafslariga ergashmoqdalar, xolos. Allohdan boʻlgan hidoyatsiz, oʻz havoyi nafsiga ergashgandan koʻra ham gumrohroq kimsa bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.»
Mana shu oyatdagi talab Qurʼondan bor-yoʻgʻi qirq yettita sura tushgan vaqtda boʻlgan edi. Arablar Qurʼonga oʻxshash kitobni qanday qilib tuzishni bilolmay hayratda qoldilar. Buning uchun ular juda koʻp urindilar, lekin qoʻllaridan kelmadi, ojiz qoldilar. Shuning uchun ham, Qurʼonninng «Isro» surasida, ular bu ishni aslo bajara olmasliklari, balki barcha insonlar va barcha jinlar birgalashib harakat qilsalar ham, Qurʼonga oʻxshash kitobni keltira olmasliklari taʼkidlab oʻtilgan. Alloh taolo shunday deydi:
«Ayt: «Agar insu jinlar jam boʻlib, bir-biriga yordam berib urinsalar ham, Qurʼonga oʻxshash narsani keltira olmaydilar».
Shundan soʻng, ikkinchi bosqichda, Qurʼon ulardan oʻnta sura keltirishni talab qildi. Bu borada «Hud» surasida shunday deyiladi:
«Yoki: «Oʻzi toʻqib oldi», derlarmi? Sen: «Bas, agar rostgoʻy boʻlsalaringiz, Allohdan boshqa kimni chaqirishga qodir boʻlsangiz, chaqirib, bunga oʻxshash oʻnta toʻqilgan sura keltiring-chi», degin.»
«Agar javob bera olmasalar, bas, bilingki, u faqatgina Allohning ilmi ila nozil qilingandir. Undan oʻzga biron iloh yoʻqdir. Endi musulmon boʻlarsizlar?!»
Lekin iymonsizlarning barchasi ojiz qoldi. Bunga tarix hozirgi kunimizgacha guvohdir. Shuni aytib oʻtish kerakki, Alloh taolo ular Qurʼonning suralariga oʻxshash oʻnta sura keltirishdan ojiz qolganliklarini Qurʼonning ilohiy kitob ekanligiga va Oʻzining yagonaligiga dalil qilib keltirdi.
Uchinchi bosqichda, Qurʼon ulardan bitta sura keltirishni talab qildi. «Baqara» surasida Alloh taolo shunday deydi:
«Va agar bandamizga tushirgan narsamizga shakingiz boʻlsa, unga oʻxshash bir sura keltiring va rost soʻzlovchilardan boʻlsangiz, Allohdan oʻzga guvohlaringizni chaqiring».
«Bas, agar qila olmasanglar, hech qachon qila olmaysizlar ham, yoqilgʻisi odamlar va tosh boʻlgan, kofirlar uchun tayyorlangan oʻtdan qoʻrqinglar.»
Bunday gapni, yaʼni unga oʻxshash narsani hech qachon keltira olmasliklari haqidagi hukmni hech bir inson ayta olmaydi. Chunki, inson yer yuzida oʻzidan kuchli yoki oʻzi bilan teng kuchga ega shaxsning yoʻq ekanligini hech qachon bilmaydi. Shuning uchun ham, yuqoridagi gapga oʻxshash gapni aytishga tili bormaydi. Lekin Alloh taolo hamma narsani bilguvchidir. U zot Oʻz bandalarining Qurʼonga oʻxshash narsani keltira olmasligini aniq bilgani uchun bu gapni aytgan va haqiqatan ham shunday boʻlib chiqdi.
Mana, bir necha asr oʻtdi, avlodlar ketidan avlodlar keldi, qancha-qancha ulkan ulamolar, yozuvchilar, til ustalari, tanqidchilar– barchalari oʻz asarlarida Qurʼonning moʻʼjizakor ekanini va barcha insonlar unga oʻxshash narsa keltira olmasliklarini tan olishdan boshqa ilojlari boʻlmadi.
Qurʼon Muhammad alayhissalomning moʻʼjizalaridir. Har bir Paygʻambarning oʻz ummati yaxshi biladigan biror hunar yoki shunga oʻxshash narsadan moʻʼjizasi boʻlgan.
Firʼavn qavmi matematika, tabiat va ayniqsa sehrga juda usta edi. Shuning uchun ham, Alloh taolo ularga yuborgan Paygʻambari Muso alayhissalomga bergan moʻʼjizasini shularga mos qilib berdiki, avvalo ulamo va sehrgarlar Muso koʻrsatayotgan narsa Alloh tarafidan berilgan ekanligiga iymon keltirdilar. U kishining hassalari ilonga aylanib, sehrgarlarning sehr qilgan narsalarini yutib yubordi.
Iyso Paygʻambar kelganda esa, kishilar orasida tabiat ilmi va tib rivojlangan boʻlib, ular ruhiy narsalarni inkor qilar edilar. Shunda Alloh taolo Iyso alayhissalomga koʻr boʻlib tugʻilganlarning koʻzini ochish, tuzalmaydigan kasallarni tuzatish va oʻliklarni tiriltirish moʻʼjizasini berdi.
Haqiqatni aytganda, avvalgi Paygʻambarlarning moʻʼjizalari vaqtinchalik moʻʼjizalar edi. Chunki, Paygʻambarlar tiriklik vaqtida bu moʻʼjizalar oʻz taʼsirini oʻtkazib turib, ular vafot etgandan soʻng yoʻqqa chiqar edi. Shuning uchun ham, Alloh taolo Oʻzining oxirgi shariati uchun boqiy moʻʼjizani ixtiyor etdi. Butun olamlar uchun soʻnggi va umumiy Paygʻambar qilib tanlagan habibi Muhammad alayhissalomga Oʻzining Kalomini bosh moʻjiza sifatida nozil qildi.
Bu kitob oʻzining hidoyati, qonun-qoidalari, uslubi va maʼnolari bilan bashariyatni ojiz qoldirgan, qoldirib kelmoqda va shunday boʻlib qoladi. Chunki, Qurʼon bashariyatning aqli taraqqiy etgan bir paytda shu taraqqiyotga mos boʻlib tushdi. Har qanday sogʻlom fikrli kishi turli buzgʻunchi fikrlardan xoli boʻlgan holda Qurʼonni oʻrgansa, albatta u ilohiy moʻʼjizakor kitob ekanligini tan olishi turgan gap. Qurʼon Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotdan oʻtganlaridan keyin ham moʻʼjizakorlik holida turibdi va qiyomatgacha turaveradi.
QURʼONNING MOʻʼJIZAKORLIGI
Qurʼonning moʻʼjizakorligi haqida gap ketganda, avvalo shuni aytish karakki, yuqorida zikr qilinganidek, u arab tilida, arab soʻz ustalarini ojiz qoldirish uchun yuborilgan kitob boʻlib, uning haqiqiy moʻʼjizasini toʻliq tushunish uchun arab tilini biluvchi kishi boʻlishi shart.
Biz arab boʻlmaganimiz va arab tilini bilmaganimiz uchun, Qurʼonning arab tiliga bogʻliq boʻlmagan moʻʼjizalaridan baʼzi birlarini eslatib oʻtamiz.
Shulardan biri kelajakda boʻladigan hodisalardan berilgan xabarlardir. Qurʼoni Karimda inson aqlini lol qoldiradigan darajada baʼzi bir xabarlar keladiki, oʻsha oyatlarni tushirilgan paytda eshitgan kishilar «albatta, bu mubolagʻadir», deb oʻylagan boʻlishlari ehtimoldan xoli emas.
Misol: Surai «Nur»da shunday deyilgan:
«Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga ularni yer yuzida xuddi ulardan oldin oʻtganlarni xalifa qilganidek xalifa qilishni, ular uchun Oʻzi rozi boʻlgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan soʻng omonlikni badal qilib berishni vaʼda qildi.»
Mana shu oyat tushmasdan oldin musulmonlar hatto uxlagan chogʻlarida ham qurollari bilan uxlab, bizga ham bir osoyishtalik kelib, diniy amallarimizni bemalol bajara olarmikanmiz, deb turgan vaqtlari edi. Bu oyat tushgandan soʻng koʻp oʻtmasdan ular orzu qilgan vaqtlar yetib keldi va Islom ummati Allohning yerdagi xalifasi deb eʼlon qilindi.
Yana boshqa bir oyatni olib koʻraylik. «Moida» surasida shunday deyilgan:
«Ey, Paygʻambar! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar shunday qilmasang, Uning elchiligini yetkazmagan boʻlasan. Alloh seni odamlardan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas».
Bu oyat tushishidan oldin Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni baʼzi sahobalar oʻz ixtiyorlari bilan kofirlarning yomonligidan qoʻriqlab turishardi. Shu oyat tushgandan soʻng esa, Paygʻambar alayhissalom hujralaridan boshlarini chiqarib, qorovullarga qarab: «Endi sizlar ketaveringlar, Allohning Oʻzi meni kishilarning yomonligidan saqlaydigan boʻldi», deb aytdilar.
Mana shu oyat Qurʼonning ilohiy kitob ekanligiga eng kuchli dalillardan biridir. Chunki, shu oyat tushgandan soʻng Paygʻambar alayhissalom hech qoʻrqmasdan kofirlarning ichida yurdilar, birinchi safda turib, ular bilan jang qildilar va boshqa holatlarda ham bemalol yuraverdilar. Kofirlar qanchalik urinmasin, u kishiga pashsha chaqqanchalik ozor yetkaza olmadilar.
Qurʼonda avval oʻtgan Paygʻambarlar va ularning ummatlari haqida koʻpgina qissalar bor. Maʼlumki, Muhammad alayhissalom oʻqish-yozishni bilmaganlar, umrlarida biror soat ham dars olmaganlar. Shunga qaramay, Qurʼonda kelgan qissalar eng toʻgʻri va dalillik boʻlib, hatto, Injil va Tavrot kabi kitoblarning xatolarini toʻgʻrilab kelgan. Bu haqda XX asrda shu qissalarning baʼzi birlariga taalluqli boʻlgan ashyoviy dalillarni sinchiklab oʻrgangan taniqli ulamolar ham aytib oʻtdilar. Ularning ichida avval musulmon boʻlmaganlari, shu ilmiy ishlaridan soʻng Qurʼonning haqiqiy ilohiy kitob ekanligiga tan berib, musulmon boʻldilar.
Qurʼon kishilarni toʻgʻri yoʻlga boshlash uchun tushirilgan kitob boʻlib, koinot, mavjudot va ilmiy masalalarda soʻz yuritish uning vazifasi emas. Lekin shu bilan birga, Qurʼonda baʼzi bir ilmiy soʻzlar kelganki, albatta, ular Qurʼonning ilohiy moʻʼjizakor kitob ekanligiga katta dalildir.
Takror boʻlsa-da, yana aytamizki, Muhammad alayhissalom Makkada oʻsgan, oʻqish-yozishni oʻrganmagan bir odam edilar. U yerda ilm-maʼrifat, madrasa yoki ilmiy muassasa degan narsa aslo boʻlmagan. Bu esa, Paygʻambar alayhissalom ilmiy masalalardan mutlaqo bexabar edilar, degani. Lekin shunga qaramay, Qurʼonda shunday ilmiy masalalar zikr qilinganki, buning sirini oʻsha vaqtda va undan keyingi vaqtlarda ham hech kim bilmagan. Faqat bizning davrimizga kelib, ilm-fan nihoyatda taraqqiy etgan bir davrdagina u narsalar tushunildi. Alloh taolo «Anbiyo» surasida shunday deydi:
«Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan boʻlgan ekanini, bas, Biz ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaslarmi? Iymon keltirmaslarmi?!»
Bu oyatda aytilishicha, osmonlaru yer aslida bir narsa boʻlib, soʻngra bir-biridan ajralgan. Bu oyat Qurʼonning moʻʼjizalaridan biri boʻlib, uni hozirgi zamon ilmi ham tasdiqladi.
Olimlarning aytishicha, butun borliq bir gazdan iborat boʻlib keyin boʻlaklarga boʻlingan. Quyosh galaktikasiga kiruvchi olam ham shu boʻlinishdan kelib chiqqan. Buning dalili sifatida ulamolar aytishadiki, yerda toʻqson ikki xil turli moddalar boʻlib shundan oltmish yettitasi quyoshda ham bor ekan. Quyoshdagi koʻp uchraydigan moddalar, masalan azot, fosfor, temir, karbon va boshqalar yerda ham uchrar ekan.
Yana, ulamolar Oy jinslarini olib oʻrganib koʻrganlaridan soʻng, Oyda ham yerdagi moddalar bor ekani maʼlum boʻldi. Shularning hammasi shuni koʻrsatib turibdiki, olamdagi barcha narsalarning asli Qurʼonda aytilganidek bir ekan.
Endi oyatning «va suvdan hamma narsani yaratganimizni», degan qismiga kelsak, bu–ulamolar sirini ochgan ilmiy haqiqatlardan eng kattasidir, desak mubolagʻa boʻlmas. Hayot va oʻsish uchun zarur boʻlgan barcha kimyoviy oʻzgarishlar, albatta, suvsiz boʻlmaydi. Suv hayotning davom etishi, barcha koinot va nabototning yashashi uchun asosiy narsadir.
Yer yuzasining toʻrtdan uch qismi suv bilan oʻralgan. Suvning xususiyatlaridan biri–yer yuzidagi haroratning bir xil saqlanib turishini taʼminlashdir. Agar shunday boʻlmaganda yer yuzida hayot boʻlishi gumon edi. Suvning xususiyatlari juda koʻp boʻlib, ularning har biri Alloh taolo suvni Oʻzining maxluqlariga zarur narsa qilib yaratganligiga dalildir.
Suv–muzlaganda zichligi kamayib hajmi katta boʻladigan yagona moddadir. Bu xususiyatning suvda yashaydigan hayvonlarga ahamiyati kattadir. Shu xususiyat sababidan sovuq qattiq boʻlganida muz suvning ustiga koʻtariladi (boshqa modda boʻlsa pastga ketishi kerak edi). Muz suv hayvonlari uchun zaruriy narsadir. Past darajali haroratda suv oʻziga kislorodni koʻp miqdorda tortadi. Muzlagan suvdan esa, harorat chiqib, daryo va dengizlarda yashovchi suv hayvonlarining hayotini saqlashda gʻoyat qoʻl keladi.
Qurʼonning hikmatini qarangki, ozgina soʻzlar bilan yer yuzidagi hayotning cheksiz sirlarini bayon qildi. Faqat mana shu oyatning oʻziyoq Muhammad alayhissalomning haqiqiy Paygʻambar, Qurʼonning haqiqiy ilohiy kitob ekaniga katta dalildir.
Aytib oʻtilgan moʻʼjizalar dengizdan bir tomchi, xolos. Bu haqda necha-necha kitoblar bitilgan. Hozirda «Qurʼon va sunnatdagi ilmiy moʻʼjizalar» nomi bilan atalgan xalqaro tashkilotlar, ilmiy nashrlar bor. Tib ilmidagilar Qurʼoni Karimning tibbiy moʻʼjizalarini, kimyo olimlari–kimyoviy, tarixchilar– tarixiy, fizikachilar–fizikaviy, munajjimlar–fazoviy va hokazo har bir ilm sohibi oʻz ilmi doirasida Qurʼon moʻʼjizasini topgan va tan bergan. Farbning necha-necha zabardast olimlari shu tufayli Islomni qabul qilgan va hanuz qabul qilmoqdalar.
Arab tili, sarf, nahv, balogʻat olimlari ham oʻz ilmlarini Qurʼondan olganlar va Qurʼon oldida ojiz qolib bosh egadilar. Faqihlar (Islom huquqshunoslari) ham xuddi shunday. Mana shu aytib oʻtilgan mavzular Alloh taoloning yagonaligini va barkamol sifatlarini, Paygʻambar alayhissalomning haqligini, Qurʼonning ilohiy kitob ekanligini, namoz oʻqish, roʻza tutish va boshqa ibodatlar farzligini, qiyomat boʻlishi haqligini, oʻlgandan soʻng tirilib bu dunyoda qilgan ishlarning hisobotini berishi lozimligini, jannat va doʻzax haqligini tasdiqlaydi va isbotlaydi...
QURʼONNI QANDOQ OʻQIYMIZ
M U Q A D D I M A
(Ikkinchi nashrga yozilgan)
Odatda, biror kitobni qoʻlga olganda, uning ismini oʻqish bilan ichida nima haqda gap ketishi aniq boʻladi. Biror maʼlum narsa haqida maʼlumot bilmoqchi boʻlgan shaxs oʻsha narsa haqidagi bob yoki boʻlimni ochib oʻqiydi-da, savoliga javob topadi.
Qurʼonda esa, bob yoki boʻlimlar yoʻq. Ha, u oʻziga xos ilohiy kitob, shuning uchun ham, u oʻziga alohida eʼtibor, alohida yondashishni talab qiladi. Shuning uchun ham, uni yumshoq oʻrinda yastanib oʻtirib, havasga varaqlab, koʻz yugurtirib chiqib, soʻng tokchaga terib qoʻyaman, deganlar xato qiladilar. Qurʼon bir oʻqib chiqadigan, tasalli uchun, vaqt oʻtkazish uchun kerak boʻladigan narsa emas.
Qurʼoni Karim bandalarni ikki dunyo saodatiga erishtirish uchun tushirilgan ilohiy dastur. U hidoyat kitobi boʻlib, kimyo, fizika, tib, tarix, jugʻrofiya va boshqa sohalardagi oyatlar ham inson aqliga xitob. Ularda oʻquvchi shu narsalardan ibrat olib Alloh taoloning qudratiga ishonsin, hidoyat yoʻlini topsin, degan gʻoya bor. Shu bilan birga, Qurʼondek muqaddas kitobda mazkur narsalarning zikr qilinishi doimo musulmonlarning oʻsha narsalarga qiziqishini orttirgan, ularni oʻrganishga chorlagan, shuning uchun ham, ular Qurʼonga, uning taʼlimotlariga yaqin boʻlganlarida, amal qilganlarida dunyo xalqlari ichida peshqadam boʻlganlar. Ibn Sino, Forobiy, Ulugʻbek, Beruniy, al-Xorazmiy, Navoiy va boshqa ulkan allomalar yetishib chiqqan.
Qurʼoni Karimni tushunish uchun katta tayyorgarlik kerak. Avval aytganimizdek, uning oyatlari yigirma uch yil davomida hayotga aralashib tushgan. Demak, oʻsha hayotning nozik taraflarigacha bilish kerak, oyatlarning tushish sabablari, boʻlib oʻtgan voqealardan xabardor boʻlish kerak. Uni bir-ikki oʻqish bilan nihoyasiga yetib boʻlmaydi. Aksincha, qayta-qayta oʻqish jarayonida har safar yangidan-yangi maʼnolar chiqaveradi. 1400 yil avval bepoyon sahroning sodda hayotidan boshqa narsani bilmagan, tili, hayot tarzi tabiiy holatga yaqin boʻlgan arabni hayratga qoʻyib, qalbiga yoʻl topgan bu ilohiy kitob, hozirgi kunda texnik taraqqiyot, ilmiy yuksalish, madaniy oʻsish choʻqqisiga chiqqan, hamma narsani murakkab elektron hisoblash uskunalari bajarayotgan jamiyatning sertashvish aʼzosi qalbiga ham yoʻl topmoqda. Chunki, Qurʼonni ochiq fikr bilan oʻqib, uqib, mulohaza etishlari bilan birga ularning faxri boʻlgan elektron hisoblash mashinalari ham «Qurʼon–ilohiy kitob», deb bir ovozdan aytmoqda. Bu mashinalar Qurʼoni Karimning harflari, soʻzlari va jumlalari ham sanoqli ekanini va bu ulkan moʻʼjizaligini taʼkidlamoqda. Misrlik olim Abdurazzoq Navfal «Qurʼondagi adadiy moʻʼjizalar» nomli kitobni yozib, elektron mashinalarning soʻzini tasdiqladi.
Tajriba uchun toʻrt kishi–arab musulmon, arab nomusulmon, arabmas musulmon va arabmas nomusulmonlarni olib, ularga Qurʼon tilovatini eshittirib, maxsus elektron asboblarda ruhiy taʼsirlanishlarini sinashsa, bir xil chiqibdi. Moʻʼjizani qarang, Qurʼonni tushunadiganu tushunmaydigan, unga eʼtiqod qiladiganu eʼtiqod qilmaydiganlar barchasi baravariga taʼsirlansa! Alloh taolo xohlasa, yana yangi ilmiy kashfiyotlar boʻlsa, Qurʼonning moʻʼjizalari yanada koʻpayaveradi. Demak, Qurʼonga jiddiy yondashmoq, uni oʻqib-uqmoq kerak.
Qurʼoni Karim oʻqib-uqmoq kitobi boʻlibgina qolmay, uqib amal qilmoq kitobi hamdir. Agar oʻqigan odamning uqqani haq boʻlsa, amalga oʻtmogʻi muqarrar. Chunki, Qurʼon birinchi bor tushganda, uning birinchi oyatlari «Oʻqi!» deyish bilan birga, Muhammad alayhissalomni «Tur!» deb turgʻazib, dunyoga iymon nuri taratishga chorlagan. Unga iymon keltirgan oz sonli ilk musulmonlar ham barcha qiyinchiliklarga qaramay, rohatni unutib, boshqalar ham ular bahramand boʻlgan neʼmatdan–Islom, Iymon neʼmatidan bahramand boʻlsinlar deb, harakatga tushganlar. Oʻzlari boʻlsa, oʻqib-yodlab oʻrgangan har bir oyatga amal qilmay turib ikkinchisiga oʻtmaganlar. Oqibatda yer yuzida ikki oyogʻida yuradigan koʻplab tirik «Qurʼon»lar yuzaga kelgan. Ular butun dunyoga Islom, Iymon nurini taratganlar, odamlarni botil dinlar zulmidan Islom adolatiga, oʻzi kabi bandalarga bandalik qilishdan bandalarning Robbisiga bandalik qilishga, dunyoning torligidan oxiratning kengligiga olib chiqishgan.
Shu jumladan, bizning ona Movarounnahr xalqi ham Islomni va Qurʼonni xuddi namlikka chanqoq yer baraka yomgʻirini yutib olganday kutib oldi. Bu yomgʻir taʼsirida serhosil oʻsimliklar oʻsib chiqdi. Tez orada butun dunyoga nomi ketgan ulkan allomalar yetishdi. Diniy va dunyoviy ilmlarning barcha sohalarida peshqadam ustozlar olam boʻylab dong taratdilar. Boshqa yerlardan koʻra bizning yerimizdan shunchalik koʻp allomalarning chiqishi bu diyor aholisi Islomga naqadar mos ekanining dalili boʻlsa, boshqa davrlarda emas, faqat Islom davrida buncha allomalarning chiqishi Islomning bu diyor aholisiga mos ekanining dalilidir.
Ha, barcha qatori bizning xalqimiz ham qachon Qurʼonga yaqin boʻlsa, uni yaxshi tushunib amal qilsa, baxt-saodati mukammal boʻlavergan. Aksincha boʻlsa, baxtsizlik, musiybatlar boshiga yogʻilavergan.
Qurʼoni Karim bizgacha yetib kelgan holida Alloh taolodan nozil boʻlganligi, uning moʻʼjizakor kalomi ekani haqdir. Kimki biror oyatni inkor etsa, musulmonlik doirasidan chiqadi.
Qurʼonning matni haqidagi qatʼiy gap shu boʻlsa, endi uning maʼnolarini tushunish toʻgʻrisidagi gap boshqacha. Insonning urinishiga, aql-zakovati va bilimiga qarab Qurʼon maʼnolarini tushunish ham turlicha boʻladi. Shuning uchun ham, ulamolarimiz:
«Insonning Kalomullohni tushunish uchun qoʻlidan kelganicha qilgan harakati tafsirdir», deganlar. Turli yoʻnalishdagi son-sanoqsiz tafsirlar ichida bizning diyorimiz ulamolari qilgan tafsirlar muhim oʻrin tutadi.
Imom Faxriddin Roziyning kitoblarini Islom olami hurmat bilan «Tafsiri Kabir»–«Katta tafsir» deb atasa, Imom Jorulloh Zamaxshariyning «Kashshof» tafsiri haqida ulamolar: «Kashshof» boʻlmaganda Qurʼoni Karimning maʼnolari kashf boʻlmay qolardi, deydilar.
Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiyning «Taʼviylotu ahli Sunna» tafsirlari va boshqa kitoblari uchun Islom olami bu zotni «Ahli sunna va jamoa» mazhabi aqiydasining islohchisi» deb nomlaganlar.
Imom Abul Barakot Nasafiyning «Madorikut tanzil» tafsirlari hozirgacha Islom oʻquv yurtlarida oʻquv qoʻllanmasi boʻlib kelmoqda.
Afsuski, bizning yurtimizda oxirgi tafsir qachon yozilganini ayta olmaymiz, yaʼni Qurʼondan uzoqlashganimizga ancha boʻldi, demoqchiman.
Qurʼoni Karimning tarjimasiga kelsak, uni hech bir tilga mukammal tarjima qilib boʻlmaydi. Chunki, arabcha matn moʻʼjizakor, bu arab tiliga xos, uning imkoniyatlaridan kelib chiqqan, shuning uchun ham, Alloh taolo Oʻzining oxirgi kitobiga ushbu tilni ixtiyor qilgan. Bu xususiyatlar oʻzga tillarda yoʻq. Lekin Qurʼon maʼnolarini tarjima qilishga ulamolarimiz ruxsat berganlar, buni zaruriy narsa, deb taʼkidlaganlar.
Qurʼoni Karim maʼnosi dunyo xalqlarining tillariga tarjima qilingan. Shu jumladan, qatagʻondan, ayniqsa, diniy ulamolarimiz ortidan uyushtirilgan «ov»dan qochib, dini, iymonini saqlash uchun Madiynai Munavvaraga hijrat qilgan Oltinxon toʻra domla (Mahmud Taroziy) tomonlaridan oʻsha vaqtdagi oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Hindistonda chop etilgan va baʼzi nusxalari bizga ham yetib kelgan. Boshqa urinishlar ham boʻlgan-u, lekin ommaga yetib bormagan.
Hozirgi kunda esa, Qurʼoni Karimga tafsir yozgan allomalar yurtida ularning nabiralari tafsir yozish u yoqda tursin, Qurʼonni oʻqishni ham bilmaydilar. Ozgina toifa ilohiy dasturni oʻqishni biladi, sanoqli kishilar arabcha tafsirlar yordamida maʼnosini tushunadi.
Allohga shukurlar boʻlsinki, hozirda Qurʼonga qaytish boshlandi, uni oʻqishni oʻrganayotganlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Tabiiyki, maʼnosini bilishni istovchilar ham koʻpayib bormoqda.
MOVAROUNNAHRDA TAFSIR VA MUFASSIRLAR
Movarounnahrda tafsir ilmi va mufassirlar haqida soʻz yuritishdan avval bu ulkan ilmning kelib chiqishi va rivojlanishi tarixiga bir nazar solaylik.
«Tafsir» soʻzi lugʻatda bayon qilish, ochib berish va ravshan qilish maʼnolarini anglatadi. Ammo ulamolar istilohida quyidagicha taʼriflanadi:
«Tafsir–inson qudrati yetguncha Qurʼoni Karimdagi Allohning murodini oʻrganadigan ilmdir».
Bu ulugʻ ilm Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yuzaga kelgan. Chunki, u zoti bobarakot odamlarga Qurʼoni Karimning maʼnolarini oʻz sunnatlari ila bayon qilar, sahobalarning Qurʼon oyatlari maʼnosi toʻgʻrisidagi savollariga javob berar edilar. Sahobai kiromlarga tafsir ilmi Paygʻambar alayhissalomdan meros qoldi. Lekin ularning bu ilmdagi darajalari turlicha edi. Shuning uchun ham, ulardan kimki baʼzi oyatlarning maʼnosini anglashda oʻzida hojat sezsa, oʻzidan olimroq boshqa sahobalardan soʻrab olar edi.
Sahobalardan hazrati Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud, Ubay ibn Kaʼb va boshqalar tafsir ilmida mashhur boʻlganlar. Ularning barchasidan Alloh taolo Oʻzi rozi boʻlsin. Tobeʼinlar esa, tafsirni sahobalardan oʻrgandilar. Va ulardan koʻplari bu ilmda shuhrat qozondilar. Masalan: Mujohid ibn Jabr Makkiy, Ikrima, Said ibn Jubayr, Ato ibn Abi Raboh va boshqalar.
Bu ikki asrda, yaʼni sahobalar va tobeʼinlar asrida tafsir ogʻzaki rivoyat va naql shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan edi. Fazilatli shayx Muhammad Fozil ibn Ashur oʻzlarining «Tafsir va rijoluhu» nomli kitoblarida taʼkidlashlaricha, tafsirdan birinchi kitob yozgan shaxs 149 hijriy yilda vafot etgan Abdulmalik ibn Jurayjdurlar. Mazkur kitob taʼlif etilgandan boshlab tafsir ilmi yangi davrga qadam qoʻydi. Bu davr kitoblar taʼlif qilish davridir. Bu davrning avvalida Muhammad ibn Jarir Tobariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va boshqa mufassirlar shuhrat topdilar. Tafsir ilmi kelib chiqishi va rivojlanishi jarayonida bir necha qismlarga boʻlinib ketgan. Biz bu qismlardan baʼzilarini zikr qilib oʻtamiz:
Birinchi qism–«Tafsir bil maʼsur». Bu qismdagi tafsirda mufassir Qurʼon oyatlarini rivoyat qilgan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi. Bu uslubda yozilgan tafsirlarning mashhurlari quyidagilar: Imom Muhammad ibn Jarir Tobariyning «Jomiʼul bayon fiy tafsiril Qurʼon», imom Abu Muhammad Husayn ibn Masʼud ibn Muhammad Bagʻaviyning «Maʼolimut-tanzil», imom Imoduddin Ismoil ibn Kasirning «Tafsirul Qurʼonul azim», imom Jaloliddin Suyutiyning «Addurul mansur fiy tafsir bil maʼsur» kitoblari.
Ikkinchi qism–«Attafsir bir-ray». Bu qismda mufassir oʻz fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi va u ikkiga, joiz va gʻayri joizga boʻlinadi. Joiz boʻlgan ray bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoqda boʻlib tafsir qiladi. Joiz boʻlmagan qismda esa mufassir jaholat, bidʼat va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham, barcha allomalar bu navdagi tafsirni manʼ qilganlar. Joiz boʻlgan ray bilan qilingan tafsirlardan mashhurlarini eslab oʻtaylik: imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Faxriddin Roziyning «Mafotihul gʻayb», imom Nasriddin Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Bayzaviyning «Anvarut-tanzil va asrorut-taʼviyl», imom Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiyning «Madorukut-tanzil va haqoiqut-taʼviyl» kitoblari.
Uchinchi qism–«Tafsiri ishoriy». Bu qismda mufassir oyatning zohiriy maʼnosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan tafsir qiladi. Bu faqat suluk va tasavvuf arboblarining uslubidir. Bu qismga doir tafsirlarning mashhurlari quyidagilar: imom Nizomiddin Hasan ibn Muhammad Husayn Xurosoniy Naysoburiyning «Faroibul Qurʼon va ragʻoibul Furqon», imom Sheroziyning «Aroisul bayon fi haqoiqul Qurʼon» kitoblari.
Avval ham aytib oʻtganimizdek, tafsir kitoblari juda ham koʻp. Har zamon, makon, xalq, millat, elat, mazhab va yoʻnalishning oʻz tafsiri bor, desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Butun dunyoning, ayniqsa, musulmon olamining Qurʼoni Karimga boʻlgan cheksiz qiziqishi ulamolarni doimo uni oʻrganishga, uning tafsirini yozishga chorlab kelgan. Qadimdayoq tafsirlar va mufassirlar haqida alohida katta-katta kitoblar bitilgani fikrimizning dalilidir. Ushbu muqaddimada tafsir ilmi tarixi haqida oʻta qisqa ravishda maʼlumot berib qoʻyishni maʼqul topdik, xolos.
Ijozatingiz bilan, endi Movarounnahrda tafsir ilmi va mufassirlar haqida ikki ogʻiz soʻz yuritaylik. Qadimgi Islom manbalarida hozirgi Oʻrta Osiyo «Movarounnahr» va «Xuroson» nomlari ila zikr qilingan. Tarixiy Islom kitoblarida Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Koson, Shosh, Fargʻona, Marv, Nasaf, Gurgench, Oʻzgan va boshqa shaharlarning nomlari ham zikr qilingan. Mazkur shaharlarning barchasi diyorimizdadur, ulardan koʻplari hozirgi vaqtgacha oʻz qadimiy nomlari bilan ataladi.
Butun Islom olamiga maʼlum va mashhurkim, bu oʻlka barcha ilmlarda, jumladan, Islom ilmlarida ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarni yetishtirgan. Mazkur ilmlar ichida hadis, tavhid, nahv, fiqh va boshqa koʻpgina ilmlar bor. Biz esa, hozir faqat Movarounnahrdagi tafsir va mufassirlar haqida soʻz yuritmoqchimiz.
Musulmonlar kelib fath qilganlaridan soʻng, Alloh subhanahu va taolo bu diyorlarni ham Islom nuri bilan munavvar qildi. Yerlik aholi Islomni qabul qilganlaridan soʻng, avvalgi musulmonlar yangi musulmonlarga Islom ilmlarini oʻrgata boshladilar. Bu ilmlar ichida tafsir ilmi ham bor edi. Maʼlumki, bu diyorlarning tub aholisi Islomdan avval ham baʼzi bir ilm va madaniyat turlaridan xabardor edilar. Ushbu sababga koʻra, alloma Ibn Xaldun taʼkidlaganidek, ularda Islom ilmlarini qabul qilish va rivojlantirishga loyiq malaka bor edi. Bir oz vaqt oʻtishi bilan muhaddislar madrasasi paydo boʻldi va ular Qurʼon tafsiri toʻgʻrisidagi asarlarni jamlagan birinchi kishilar, deb eʼtirof qilindilar. Ularning sardori imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy edilar. «Kashfi Zunnun» nomli kitobda zikr qilinishiga koʻra, u zot «Tafsiri kabir» nomli alohida bir tafsir kitobi taʼlif qilgan ekanlar, lekin afsuski, mazkur kitob bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramasdan, imom Buxoriy tafsir ilmida ulkan asar qoldirib ketganlar, u zotning «Jomeʼus-sahih» kitoblarida Qurʼoni Karim tafsiriga oid mingdan ziyod hadis mavjud.
Ikkinchi hijriy asrda tafsir ilmi hadisdan ajrab, alohida ilm boʻlgandan soʻng, Movarounnahrdan ulkan mufassirlar yetishib chiqdilar va shuhratlari butun jahonga taraldi. Ulardan baʼzilarini zikr qilib oʻtamiz:
1. Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy. Samarqand yaqinidagi Moturid qishlogʻida tavallud topganlar va 333 hijriy yilda vafot etganlar. Ul zotning aksariyat muallifotlari tavhid ilmida, yaʼni ilmi kalomda boʻlgan. Imom Moturidiy oʻzlarining «Taʼviylotu ahlis-sunna» nomli tafsirlarida ilmi kalom ulamolari yoʻlidan borganlar va Qurʼoni Karim oyatlarini aqiydada Ahli sunna va jamoa mazhabini qoʻllab tafsir qilganlar.
2. Imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy. Ul zot Imom Hodiy nomi bilan mashhur boʻlganlar, 373 hijriy sanada vafot etganlar. Imom Abu Lays Samarqandiy koʻplab kitoblar taʼlif qilganlar. Tafsir kitoblarini esa, «Bahrul ulum» deb nomlaganlar va bu tafsir «Tafsir bil maʼsur» toifasidandir.
3. Imom Jorulloh Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Zamahshariy. Bu ulugʻ imom Xorazmning Zamahshar qishlogʻida 467 hijriy sanada tavallud topganlar va 538 hijriy sanada vafot etganlar. Ul zot tugʻilgan yurtlarida dafn qilinganlar. (Zamahshar qishlogʻi hozirgi Turkmaniston jumhuriyati Toshhovuz shahridan 30 chaqirim uzoqlikda joylashgan.) Imom Zamahshariy turli ilmlarga doir koʻplab kitoblar tasnif qilganlari va eng mashhur muallifotlaridan biri «Kashshof an haqoiqi va uyunil aqovili fiy vujuhit-taʼviyl» nomli tafsir kitobi boʻlib, u koʻpchilikka «Kashshof» nomi bilan mashhurdir.
4. Imom Fahriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayin Roziy 534 hijriy sanada Ray shahrida tavallud topganlar va umrlarining koʻp qismini Xorazmda oʻtkazganlar. U kishining «Mafotihul gʻayb» nomli tafsir kitoblari ilm ahli oʻrtasida oyatlar orasidagi munosabatlarni va suralar oʻrtasidagi bogʻlanishlarni bayon qilish va boshqa bir qancha imtiyozlari bilan mashhur boʻlgan. Imom Roziy 606 hijriy sanada vafot etganlar.
5. Imom Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. Bu ulugʻ imom Nasaf shahrida tavallud topganlar. (Nasaf shahri hozir Qarshi deb nomlanadi.) Imom Nasafiy 701 hijriy sanada vafot etganlar. Imom Nasafiy oʻzlarining «Madorikuttanzil» nomli tafsir kitoblarini taʼlif qilishda imom Zamahshariyning «Kashshof» tafsirlaridan istiʼfoda qilganlar. Imom Nasafiyning «Madorikut-tanzil» nomli bu kitoblari hozirgi kunimizgacha ulamolar va tolibi ilmlar orasida zoʻr eʼtibor bilan shuhrat topib kelmoqda va koʻpgina Islom oʻquv yurtlarida qoʻllanma sifatida ishlatib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Movarounnahrda «Itqon», «Tafsiri Noʻʼmoniy», «Tafsiri Tibyon», «Tafsiri Mavlono Charxiy» kabi mahalliy tillarda taʼlif qilingan koʻplab tafsirlar mavjud. Ular tojik, oʻzbek, tatar va boshqa tillarda yozilgan. Eslatib oʻtmoq lozimki, mazkur mashhur mufassirlarning kitoblari hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning kutubxona va muzeylarida mavjuddir va jumladan, Movarounnahr musulmonlari diniy idorasi qoshidagi kutubxonada ham bor. Bu kitoblardan ulamolar va ilm toliblari Islom va musulmonlar xizmati uchun boʻlayotgan ilmiy bahslarida istiʼfoda qilmoqdalar. Alloh taolo ularning barchalarini Oʻzi xush koʻrgan va rozi boʻlgan xayrli ishlarga muvaffaq qilsin! Omiyn!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
USHBU TAFSIRNING BAʼZI XUSUSIYATLARI
(Soʻngsoʻz oʻrnida)
Xalqimizning Islom dini asoslarini, Qurʼoni Karim maʼnolarini bilishga chanqoqligini eʼtiborga olib, hamda bir necha qimmatli kishilarimizning daldalari bilan insoniyat hayotining asosiy dasturi boʻlmish Qurʼoni Karimni imkonimiz yetgan qadar tafsir qilishga kirishdik. Bu ishda bizga salaf mufassir ulamolarimizning (Alloh barchalaridan rozi boʻlsin) bebaho tafsirlari qoʻl keldi. Shu bilan birga, hozirgi zamonda paydo boʻlgan bir qancha yangi maʼlumotlardan ham foydalandik. Xalqimizning Islom ilmidan xabardorlik darajasini hisobga olib, iloji boricha sodda til va sodda uslubni qoʻllashga harakat qildik.
Har bir suraning ismi, makkiy yoki madaniyligi, oyatlar soni haqida maʼlumot berilgandan soʻng, shu suraning mavzusi haqida qisqacha maʼlumot berdik.
Har bir oyatni raqamlab, avval matnning arabchasini yozdik, soʻngra oyati karimaning maʼnosi berildi.
Soʻngra, oyat maʼnosini iloji boricha sodda qilib, oʻzbekcha bayon qilishga harakat qildik. Baʼzi holatlarda oʻzbek tili qoidalariga rioya qilmaslikka ham majbur boʻldik. Aniqrogʻi, oʻzbek tilida rasman mavjud boʻlgan, ammo lugʻatlarimizda buzilgan qoidalarga rioya qilishga harakat qildik. Chunonchi, oʻzbek adabiy tili fonetik va morfologik asoslarga ega boʻlsa-da, til taraqqiyotida fonetik tamoyil yetakchi oʻrinni egallaydi. Orfografiya (imlo) qoidalarida ham fonetik prinsip yetakchilik qiladi. Shu qoidalardan kelib chiqib, lugʻatlarda negadir buzib yozilgan, xalqimiz asliga toʻgʻri talaffuz qiladigan soʻzlar jonli tildagidek yozildi. Masalan: imon, aqida, tariqat, musibat kabi asl arabcha soʻzlarni ham jonli tilga mos ravishda, ham aslidagidek, yaʼni iymon, aqiyda, tariyqat, musiybat tarzida yozdik. Ayni paytda, Kalomullohda kelgan, jonli tilda buzib talaffuz qilinayotgan bir qancha soʻzlarni Qurʼoni Karimga mos ravishda berdik. Bunda «Alloh taoloning kalomi oʻzgarmas» degan mavqifga asoslandik. Hamda har bir moʻmin-musulmon Alloh taoloning kalomini va unga bogʻliq barcha narsalarni oʻta hurmat qilishi lozimligidan kelib chiqdik. Shu nuqtai nazardan, xushuʼ, xuzuʼ, rukuʼ, quruʼ, manʼ, taʼviyl, jannati naʼiym kabi soʻzlar asliga mos tarzda yozildi.
Tarixiy shaxslar va joylar nomini asliga toʻgʻri, yaʼni Iyso, Masiyh, Oisha, Madiyna tarzida yozdik.
Alloh taoloning ismlarini ham Qurʼoni Karimga asoslanib yozdik: Alloh, Rohman, Rohiym, Gʻafur, Kariym, Hakiym...
Ayni paytda, Alloh taoloning ismlari boʻlmagan tangri, xudo, parvardigor kabi soʻzlarni qoʻllamaslikka harakat qildik. Qurʼoni Karimda kelgan Alloh, Robbul olamiyn kabi ism va sifatlarning oʻzini yozish toʻgʻri boʻlar, deb oʻyladik.
Qurʼoni Karimda rahm va rohiym soʻzlari ikki xil maʼnoni ifodalaydi, ikki xil koʻrinishda yoziladi. Oʻzbek tilida bachadon maʼnosidagi rahm soʻzi lugʻatlarda boʻlmasa-da, isteʼmolda mavjud. Sal boʻlsa-da chalkashlikka yoʻl qoʻymaslik uchun bachadon maʼnosidagi soʻzni aslidagidek, yaʼni rahm tarzida yozdik. Rahmdillik maʼnosidagi soʻzni esa, rahim tarzida yozishga majbur boʻldik. Bu soʻz haqida alohida izoh berayotganimizning sababi shuki, u Qurʼoni Karimda ham, tafsirda ham, jonli tilda ham koʻp uchraydi. Xususan, bu soʻzning rahmli yoki rahmsiz shaklidagi koʻrinishi butunlay boshqa maʼnoni ifoda etib qolmasligi uchun, rahimli, rahimsiz tarzida yozishga toʻgʻri keldi.
Din (asli diyn), tahorat (asli toharat) kabi soʻzlar jonli tilda asliga toʻgʻri talaffuz qilinsa-da, baʼzi bir mulohazalarga koʻra, hozircha ularni adabiy til normalariga mos shaklda yozdik.
Adabiy tilda nisbatan koʻp uchraydigan baʼzi bir soʻzlarni esa, bevosita tafsirda oʻzbek tilidagi variantini, oyatlar tarjimasida esa, asl holatini yozdik. Masalan: juma–jumuʼa, manba–manbaʼ va hokazo.
Aytib oʻtilgan oʻzgarishlar baʼzi muhtaramlarga yoqmasligi mumkin. Ammo biz asarimiz diniy adabiyot namunasi ekanini va moʻmin musulmonlar diniy soʻzlarni, Qurʼoniy istilohlarni aynan oʻzidek ishlatish majburiyatida ekanlarini eʼtiborga oldik.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtish lozim boʻlgan yana bir jihat bor. Odatda, zidlov bogʻlovchilari va teng bogʻlovchilar gap boshida kelsa, ulardan soʻng vergul qoʻyilmaydi. Ammo, mazkur tafsirning koʻp oʻrinlarida bu holatning aksini koʻrishingiz mumkin. Chunki, bizning fikrimizcha, gap boshida kelgan «ammo», «lekin», «biroq», «chunki», «va», «ham», «holbuki» kabi bogʻlovchilar oʻzidan keyin kelgan gapdagi maʼnoni alohida taʼkidlashga xizmat qiladi. Bu maʼno punktuatsiya, yaʼni tinish belgilarining qoʻllanishi boʻyicha oʻzbek tilidagi biz bilgan yagona salmoqli risola «Tinish belgilari va yozma nutq» (prof. K.Nazarov) sahifalarida ham alohida taʼkidlangan. Binobarin, tafsirxonlarimiz aynan mana shunday oʻrinlarda yanada eʼtiborliroq boʻlishlari maqsadga muvofiqdir.
Tushuntirish uchun qoʻshilayotgan soʻzlarni qavslar–( ) ichiga olib yozdik. Ular ham kifoya qilmasa, oʻz soʻzimiz bilan tushuntirish jumlalarini keltirdik. Oyatlarni bir-biriga bogʻlash uchun ham tushuntirish yozdik. Baʼzi oyatlarning tushish sabablari haqida rivoyatlar kelgan boʻlsa, ularni ham keltirdik. Baʼzilarini tushuntirishga tarixiy voqealarni, qissalarni keltirish zarur boʻlsa, keltirdik. Baʼzi shaxslar, qavmlar haqida qisqacha maʼlumotlar ham berdik. Iloji boricha oyatlar tafsirida diyorimizda tarqalgan yoʻlni ixtiyor qildik.
Oʻquvchining eʼtiborini Qurʼoni Karim matnidan chetlatadigan maʼlumotlarni zikr qilmaslikka harakat qildik. Misol uchun, Alloh taolo osmonni bekami-koʻst yaratib qoʻygani haqidagi oyat tafsirida osmon haqidagi ilmiy maʼlumotlarni xohlagancha keltirish mumkin, lekin biz oʻquvchilarimiz bu kabi maʼlumotlarni boshqa manbalardan oʻqib olishgan yoki oʻqib olishar, degan fikrda ortiqcha bayonga yoʻl qoʻymaslikka harakat qildik.
Qoʻlyozmani diniy aqiyda va ilmlarimizni yaxshi biladigan kishilarga koʻrsatish bilan birga ularning fikr va mulohazalarini ham eʼtiborga oldik. Albatta, inson ojiz, agar bu kamtarona ish muvaffaqiyatli chiqsa, Allohning marhamatidan, kamchilik va xatolar boʻlsa, Yaratganning Oʻzi afv aylasin. Maqsad–kishilar ozgina boʻlsa ham, Qurʼoni Karimdan xabardor boʻlsinlar.
Lekin shu bilan birga, bu ishda kamolni daʼvo qilishdan mutlaqo yiroqmiz. Yana bir bor Qurʼoni Karim huzurida ojizligimizni taʼkidlab aytamiz. Siz muhtaram oʻquvchilarimizdan bu kamtarona ishda bir ezgulik va muvaffaqiyatni koʻrsangiz, Alloh taoloning tavfiqi deb, barcha nuqson va kamchiliklarni kamina xodimingizdan deb, bilishingizni oʻtinib soʻrayman.
Kezi kelganda, ushbu ish avvalo Alloh taoloning madadi ila amalga oshganini yana bir bor taʼkidlab U zotga hamdu sanolar aytish bilan birga, bizga bu ishni amalga oshirishga yordam bergan barcha-barchaga cheksiz minnatdorligimni bildirishni oʻz burchim deb bilaman. Ulardan baʼzilari savob umidida oʻz nomlarining zikr etilishini istamagan boʻlsalar, boshqalaridan buning uchun izn soʻray olmaganimiz tufayli ularning nomi shariflarini zikr etmadik. Ammo tafsir oʻquvchilarimizdan ul azizlarning haqlariga gʻoyibona duo qilishlarini umid qilaman.
Siz azizlardan ushbu ishlar yuzasidan bizning firoqimizga sabr qilib yurib olamdan oʻtgan onai mehribonimiz haqlariga va xususan, birinchi ustozimiz otamiz Muhammad Yusuf hazratlari haqlariga duolar umidida ekanligimizni ham aytib oʻtishni lozim deb bilaman.
Va nihoyat, kamina xodimingiz bilan bu ishning issiq-sovuqlarini birga tatib, doimiy hamdard boʻlib, ishlash uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilishga qoʻllaridan kelgan barcha yordamlarni bergan oilamizning barcha aʼzolariga cheksiz minnatdorliklar izhor etaman. Alloh taolo ushbu kamtarona amalni oʻz dargohida qabul etsin. Hammamizni hidoyatda sobitqadam qilsin.
Va oxirgi duomiz olamlarning Robbi Allohga hamd boʻlsin, demoqlikdir.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf