يَـٰٓأَبَتِ إِنِّى قَدْ جَآءَنِى مِنَ ٱلْعِلْمِ مَا لَمْ يَأْتِكَ فَٱتَّبِعْنِىٓ أَهْدِكَ صِرَٰطًا سَوِيًّا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey otajon, albatta, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergash, seni to`g`ri yo`lga boshlayman.Эй отажон, албатта, сенга келмаган илм менга келди. Бас, менга эргаш, сени тўғри йўлга бошлайман.Alauddin Mansour: Ey ota, darhaqiqat, senga kelmagan ilm-maʼrifat menga keldi. Bas, sen menga ergashgin, seni haq yoʻlga hidoyat qilurman.Эй ота, дарҳақиқат, сенга келмаган илм-маърифат менга келди. Бас, сен менга эргашгин, сени ҳақ йўлга ҳидоят қилурман.
Ushbu toʻrt oyati karimada «Paygʻambarlar otasi» laqabini olmish zot, Allohning ulugʻ Paygʻambari Ibrohim alayhissalomning oʻz otalarini Allohning ibodatiga chaqirishlari bayon qilinmoqda. Ibrohim alayhissalom otalarini toʻgʻri yoʻlga daʼvat etishdan oldin, ota notoʻgʻri yoʻlda ekanini savol yoʻsinida bayon qildilar.
«Ey otajon, nima uchun eshitmaydigan, koʻrmaydigan va senga biron foyda bermaydigan narsaga ibodat qilasan?»
Ibrohim alayhissalomning qavmlari, shu jumladan, otalari ham, oʻzlari yasab olgan jonsiz butlarga ibodat qilishar edi. Tabiiyki, butlar hayotsiz boʻlganlaridan, hech narsani eshitmaydi va koʻrmaydi. Shu boisdan, oʻziga ibodat qilayotgan mushriklarni koʻrmasligi, ularning duolarini eshitmasligi tabiiy. Jonsiz, hissiz narsa birovga na foyda, na ziyon yetkaza oladi. Ibrohim alayhissalom joʻyali savol ila ushbu haqiqatni otalariga eslatdilar.
Aslida, insonning ibodati uning oʻzidan koʻra oliy, olim va qudratli zotga tavajjuh etish–yuz tutish ila boʻlmogʻi lozim. Ana shunda inson oʻz maqomidan chandon yuqori maqomga yuzlanadi. Insonning hayvondan ham tuban, jonsiz bir narsaga yuzlanishi, yolvorishi, roziligini topishga urinishi, unga qurbonliklar keltirishi oʻz qadrini yerga urish, oʻzini jonsiz narsalardan ham past deb tan olishdir. Bu ish insoniyat uchun ulugʻ isnoddir.
«Ey otajon, albatta, senga kelmagan ilm menga keldi.»
Yaʼni, menga, vahiy yoʻli bilan, Xudoni tanish, sifatlarini anglash, Unga qanday ibodat qilish ilmi–sen bilmagan ilm keldi.
Mulohaza qiladigan boʻlsak, Ibrohim alayhissalom otalariga oliy maqomdagi odob bilan murojaat qilmoqdalar. «Sen kofirsan, mushriksan», kabi ogʻir gaplarni aytmayaptilar. Shuningdek, «Men Paygʻambarman, Allohning xaliliman», kabi oʻz shaʼnlarini tavsiflash ham yoʻq. Balki, bu gaplarni oʻzimcha toʻqib emas, menga kelgan ilm asosida gapirmoqdaman, demoqdalar.
«Bas, menga ergash, seni toʻgʻri yoʻlga boshlayman.»
Chunki, men sen bilmagan narsani bilaman.
Demak, din-diyonat ishida yoshi katta yoki ota-bola degan mulohaza boʻlmas ekan. Kichik oʻzidan kattaga, bola oʻz otasiga zalolat yoʻlini tark etib, hidoyat yoʻlida yurishni anglatishi zarur.
«Ey otajon, shaytonga ibodat qilma.»
Yaʼni, shaytonning aytganini qilma, uning yoʻliga yurma. Butga sigʻinish ham shaytonning ishi. Bu botil amalga shayton boshlaydi. Binobarin, butga ibodat qilish shaytonga ibodat qilishdir.
«Albatta, shayton Rohmanga osiy boʻlgandir.»
Rohmanga osiy boʻlgan shaytonga banda qanday ibodat qilishi mumkin? U holda shaytondan ham tuban boʻlib qoladi-ku?! Ha, Allohning yolgʻiz Oʻziga ibodat qilmaganlar, faqat Uning koʻrsatmalari asosida yashamaganlar shaytondan ham battardirlar.
«Ey otajon, albatta, men seni Rohman tomonidan azob tutishidan va shaytonga doʻst boʻlib qolishingdan qoʻrqaman.»
Yaʼni, agar shu tarzda shaytonga ergashib yuraversang, albatta, Rohmanning azobiga duchor boʻlasan. Unda bir yoʻla shaytonga doʻst boʻlib qolasan. Bu esa, eng yomon oqibatdir.
Ibrohim alayhissalomning lutf ila qilayotgan kuyunchakliklari otaning tosh qotgan mushrik qalbiga taʼsir qilmadi. Oʻgʻlining purhikmat gaplariga qoʻpollik, dagʻallik va tahdid ila javob berdi: