الٓمٓ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alif. Laam. Miym.Алиф. Лаам. Мийм.Alauddin Mansour: Alif, lom, mim.Алиф, лом, мим.
Qurʼoni Karimning yigirma toʻqqiz surasi yuqoridagiga oʻxshash harflar bilan boshlangan. Bu harflarga turlicha nomlar berilgan: baʼzilar «Huruful muqattaot»–kesik harflar desalar, boshqalar «Huruful hijoi»–alifbo harflari deydilar, uchinchilari esa, «Favotuhus suvar»–suralarni ochuvchilar, deydilar.
Bu harflarga turlicha nom berilganidek, baʼzi suralarning ular ila boshlanishidan koʻzlangan murod haqida ham har xil fikrlar aytilgan. Bu haqda maxsus bahslar ham bor. Baʼzi ulamolar bu harflarning sirini Allohga havola etadilar, boshqalari: «Bu–Alloh bilan Paygʻambar alayhissalom oʻrtalaridagi sir», deydilar. Bosh- qa birlari esa, ularga oʻzlaricha maʼno yoʻyganlar.
Ixtilofning asosiy sababi–ular haqida na Paygʻambar alayhissalomning oʻzlaridan, va na sahobai kiromlardan birorta ham rivoyat yoʻqligidir. Shubhasiz, ular bu harflardan murod nimaligini yaxshi bilganlar, shuning uchun ham, bir-birlaridan soʻramaganlar va rivoyat qilmaganlar. Sahobai kiromlarning odatlari– bilmagan narsalarinigina soʻrardilar. Ular ulugʻ zotlar boʻlib, yelkalarida Islom dinini butun dunyoga tarqatishdek ulkan masʼuliyat yotganini toʻliq tushunar edilar va asosiy eʼtiborni shunga qaratardilar. Bilgan narsalari haqida tortishuvlarga toqatlari ham, vaqtlari ham yoʻq edi.
Koʻpgina tafsirchilar, ayniqsa, tafsirchilarning keyingi avlodi, baʼzi suralarning mazkur harflar ila boshlanishi, arablarga: «Qurʼon sizlar ishlatib yurgan «alif», «laam», «miym»ga oʻxshash harflardan tuzilgan, qoʻllaringizdan kelsa, sizlar ham shunga oʻxshash narsa tuzinglar-chi», degan maʼnoni bildiradi, deganlar.
Avval eslatganimizdek, Qurʼoni Karim nozil boʻlayotgan davrda arablar oʻzlarining soʻz ustaliklari bilan faxrlanar edilar. Shoirlar, soʻz ustalari moʻʼtabar shaxslar hisoblanardilar. Doimo sheʼrdan, vaʼzxonlikdan musobaqalar oʻtkazib turilardi. Hatto gʻolib shoirlarning sheʼrlari Kaʼbai Muazzama devoriga osib qoʻyilardi. Qurʼoni Karim ularning nozik joylaridan tutib: «Agar soʻz ustasi ekanligingiz rost boʻlsa, oʻzingiz ishlatib yurgan oddiy harf-lardan tuzilgan Qurʼonga oʻxshash narsa keltiring-chi», dedi.
Bu xuddi tuproqning misoliga oʻxshaydi. Oddiy tuproqdan kimdir loy qilib gʻisht quyadi, kimdir sopol idishlar yasaydi. Va hokazo. Lekin Alloh taolo ushbu oddiy tuproqdan insonni yaratdi, unga jon kirgizdi. Shunga oʻxshab, arab alifbosining oddiy harflaridan arab soʻz ustalari sheʼr toʻqiydilar, vaʼzxonlik qilib odamlarni qoyil qoldiradilar, ammo Alloh taolo oʻsha harflarning ayni oʻzida hammahammani ojiz qoldiruvchi Qurʼonni nozil qildi!