وَٱلْخَـٰمِسَةُ أَنَّ لَعْنَتَ ٱللَّهِ عَلَيْهِ إِن كَانَ مِنَ ٱلْكَـٰذِبِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Beshinchisida esa, agar yolg`onchilardan bo`lsa, unga Allohning la'nati bo`lishini (aytishlikdir).Бешинчисида эса, агар ёлғончилардан бўлса, унга Аллоҳнинг лаънати бўлишини (айтишликдир).Alauddin Mansour: (U erning) beshinchi (guvohligi esa) agar yolgʻonchilardan boʻlsa, ustiga Allohning laʼnati (tushishini soʻramoqligidir).(У эрнинг) бешинчи (гувоҳлиги эса) агар ёлғончилардан бўлса, устига Аллоҳнинг лаънати (тушишини сўрамоқлигидир).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiyni qabul qilib, avvalgi holatlariga keldilar va:
«Xursand boʻl, ey Hilol, batahqiq, Alloh senga kushoyish va qutulish berdi», deya marhamat qildilar. Hilol:
«Robbim azza va jalladan xuddi shuni umid qilayotgan edim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ayolga odam yuboringlar», deb aytdilar. Ayolga odam yuborildi. U keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlariga oyatlarni oʻqib berdilar, ikkalasiga ham nasihat qildilar, oxiratning azobi bu dunyoning azobidan shiddatli ekanini eslatdilar. Hilol:
«Allohga qasamki, ey, Allohning Rasuli, men u haqda rost gapni aytdim», dedi. Ayol:
«Yolgʻon gapiryapti», deb javob qaytardi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ikkovlarini bir-birlariga laʼnat aytgizinglar», dedilar. Hilolga:
«Sen shohidlik ber», deyildi. U oʻzi, albatta, rostgoʻylardan ekanligi toʻgʻrisida toʻrt marta Allohning nomi ila shohidlik berdi. Beshinchisiga kelganda, unga:
«Ey Hilol, Allohdan qoʻrq! Albatta, bu dunyoning azobi oxiratning azobidan yengildir. Albatta, mana shu safargisi senga azobni vojib qilguvchidir», deyildi. U:
«Allohga qasamki, menga bu (ayol) sababli darra urilmaganidek, Alloh meni azoblamaydi ham», dedi va beshinchisida, agar yolgʻonchilardan boʻlsa, oʻziga Allohning laʼnati boʻlishi haqida shohidlik berdi.
Soʻngra ayolga:
«Allohning nomi ila, u, albatta, yolgʻonchilardandir, deb guvohlik ber», deyildi. Beshinchisiga kelganda, unga:
«Allohdan qoʻrq! Albatta, bu dunyoning azobi oxiratning azobidan yengildir. Albatta, mana shu safargisi senga azobni vojib qilguvchidir», deb eslatildi. U bir muddat duduqlanib qoldi, eʼtirof qilmoqchi ham boʻldi. Soʻngra, Allohga qasamki, qavmimni sharmanda qilmayman, deb beshinchi shahodatni, yaʼni, agar u (eri) rostgoʻylardan boʻlsa, oʻziga Allohning gʻazabi boʻlishi haqida guvohlik berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlarini ajratdilar. Ayolning bolasi tugʻilgandan keyin ota nomi bilan atalmasligi, uni zinodan boʻlgan demaslik, kim shunday desa, unga hadd urilishi, er ayolga uy-joy bermasligi, taom berishi ham vojib emasligi haqida hukm chiqardilar. Chunki, ularning ajrashuvlari taloq yoki vafot tufayli emas edi. Soʻngra u zot:
«Ayol qizgʻish sochli, dumbasi kichik, boldiri ingichka bola tugʻsa, Hiloldan boʻladi. Agar qoramtir, jingalak soch, boʻliq, ikki boldiri yoʻgʻon va dumbalari katta bola tugʻsa, ayol bilan tuhmat qilinayotgan shaxsdan boʻladi», dedilar. Bas, ayol qoramtir rangli, jingalak sochli, boʻliq, ikki boldiri yoʻgʻon va dumbalari katta bola tugʻdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Agar qasamlar boʻlmaganida, men bilan u ayol oʻrtasida bir ish boʻlar edi», dedilar».
Boʻlib oʻtgan hodisa shundan iborat. Ushbu qissa va u sababli nozil boʻlgan oyati karimalardan shariatda «muloʼana», yaʼni bir- birini laʼnatlash hukmi va uning qanday, qachon, kimlarga joriy qilish shartlari olingan. Baʼzi bir qoʻshimchalar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida boʻlib oʻtgan boshqa hodisalardan oʻzlashtirilgan.
Bu yerda eʼtibor beradigan jihatlardan biri shuki, avval kishilarni zinoda ayblaganlarga nisbatan joriy qilinadigan jazo haqida oyat tushib, keyin savol paydo boʻldi, orada bir hodisa yuz berib, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga arz etildi, u zot bir muddat jim qolib, hamma qattiq hayajonga tushganidan keyingina eru xotinlar mazkur hukmdan istisno ekanliklari, ular oʻrtasida zinoda ayblash sodir boʻlsa, bir-birlarini laʼnatlashlari haqidagi oyatlar nozil boʻldi.
Ushbu oyatlar ham bir yoʻla avvalgilari bilan qoʻshib nozil etilsa boʻlmasmidi? Albatta, boʻlardi? Lekin Alloh taolo Qurʼoni Karimni boʻlak-boʻlak qilib nozil etishining hikmatlaridan biri xuddi shu joyda namoyon boʻladi. Qurʼon faqat nazariy emas, balki, birinchi navbatda, amaliy dasturdir. Uni oʻqib, yod olib, oʻrganib, tushunib qoʻyishning oʻzi kifoya qilmaydi. Balki unda yashash kerak, har bir oyatini hayotga tatbiq qilish kerak. Qurʼoni Karimning yigirma uch yil davomida nozil boʻlishi ham shundandir. Qiyomat kunigacha ikki dunyo baxt- saodatiga erishish dasturi boʻlmish bu ilohiy moʻʼjiza yigirma uch yil davomida nozil boʻlgan, yigirma uch yil davomida yod olingan, oʻrganilgan va hayotga tatbiq qilingan. Uning tatbiqi hayotga yoʻgʻrilgan. Birovni zinoda ayblab, soʻngra toʻrt guvoh olib kelolmagan shaxsga sakson darra urish, uning guvohligini abadiy qabul etmaslik va fosiq deb eʼlon qilish haqidagi oyat tushganidan keyin Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhu tomonidan savol berilishi oʻsha paytdagi barcha musulmonlar hayotida ajoyib bir holatni yuzaga keltirdi. Oʻta rashkchi boʻlgan bu ulugʻ sahobiy roziyallohu anhu har bir kishining miyasiga keladigan savolni jurʼat qilib aytishlarining oʻzi hikmatdan holi emas. Bu hikmatni esa, faqat Alloh taologina biladi. Chunki, Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhuning savollari Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga ham, Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhuning qavmiga ham yoqmadi. Shuning uchun, ular Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga uzr aytdilar. Ammo bu savolning aynan shunday berilishiga Allohning irodasi ketgan edi. Koʻp oʻtmay, savolda soʻralgan holat hayotda roʻy berdi. Hilol ibn Umayya roziyallohu anhuning boshiga shu savdo tushdi. U Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, hodisani arz qildi. Mavjud hukm boʻyicha, unga sakson darra urish kerak edi. Chunki, xotinini birov bilan zino qilganlikda ayblagan, lekin gapining rostligini tasdiqlovchi guvohlari yoʻq edi. Butun Islom jamiyati shu masalaning dardi bilan yashay boshladi. Hammaning ogʻzida Hilol ibn Umayya hodisasi boʻlib qoldi. Hamma, endi nima boʻladi, degan savolga javob qidira boshladi. Baʼzilar, endi Hilol roziyallohu anhuga darra uriladi, derdi. Chunonchi, boshqa rivoyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning unga: «Hujjat keltir, boʻlmasa, yelkangga darra tushadi», degan gaplari aytilgan. Zohiriy hukm shu edi. Ammo mantiq boshqa narsani taqozo etardi. Chunki, begona birovning zino qilganini koʻrib- bilib turib, yetarli shohid boʻlmagani uchun indamay yurish mumkin, ammo oʻz xotinini zino ustida ushlab olib, guvohim yoʻq, deb indamay ketish amri mahol. Boshqa rivoyatlarda kelgani kabi, jim yursa, zahar yutgandek boʻlib jim yurar, jim yurmasa, yelkasiga darra urilar edi. Shuning uchun ham, Hilol ibn Umayya roziyallohu anhu ishonch bilan, Allohga qasamki, Alloh menga kushoyish beradi, dedi.
Darhaqiqat, Alloh taolo unga kushoyish berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy keldi. Hamma nafas yutmay, nima boʻlishini kutib turib qolganida, hozir oʻrganayotgan oyatlarimiz nozil boʻldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hilolga xushxabar berdilar. Shu bilan birga, oʻsha yerning oʻzida endigina nozil boʻlgan oyatlarni hayotga tatbiq qilish boshlandi. Endi oʻylab koʻraylik, tushunish va amal qilish uchun oyatlarning ushbu tarzda nozil boʻlishi yaxshimi yoki avvaldan hukmni qabul qilib olib, bu narsa voqelikda qachon boʻlar ekan, deb oʻylab yurishmi? Albatta, Alloh taolo Qurʼoni Karimni hayotga tatbiq qilish uchun qoʻllagan uslub qulay va osondir. Shuning uchun, sahobai kiromlardan sodir boʻlgan, Moʼiz ibn Molik, gʻomidiyyalik ayol va Hilol ibn Umayyalarnikiga oʻxshash baʼzi bir hodisalarning asl mohiyati yakka shaxslar hayotida sodir boʻlgan gunohlarni koʻrsatish emas, balki Qurʼoni Karimni hayotga tatbiq qilish boʻyicha koʻrgazmali taʼlimlar berish edi. Insoniyat tarixidagi eng pok, eng taqvoli, eng ixlosli, eng iymonli avlod boʻlmish sahobai kiromlar avlodining baʼzi bir aʼzolari tomonidan sodir etilgan bunday xatolar hikmatdan xoli emas. Avvalo, u hodisalar banda qay darajaga yetganda ham baribir banda ekanini bildirsa, ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari davomida Qurʼonni turmushga toʻla tatbiq etib, namuna sifatida koʻrsatishga xizmat qilgan.
Endi mazkur oyati karimalarni batafsil oʻrganishga kirishaylik.
«Oʻz juftlariga (boʻhton) toshi otib, faqat oʻzlaridan boshqa guvohlari boʻlmaganlar esa, bas, ulardan har birining guvohligi Allohning nomi ila toʻrt marta, albatta, u rostgoʻylardan ekanligi haqida shohidlik berishdir.»
Oyati karimada er xotinini zinoda ayblashi haqida soʻz ketmoqda. Hayotda ham shunaqa hodisa sodir boʻlgan. Hilol ibn Umayya roziyallohu anhu xotinining begona erkak bilan zino qilganini arz etgan. Lekin bu narsa, shikoyatga faqat er haqli, degani emas, balki ayolning ham arz qilishga haqqi bor.
Oyatdagi «(boʻhton) toshi otib», degan jumlani yolgʻon va uydirma bilan ayblash, deb tushunmaslik kerak. Arab tilida umuman birovni ayblash «tuhmat», «boʻhton» oʻzagidan olingan soʻzlar bilan ifoda etiladi. Begona odamning zino qilayotganini koʻrdim, degan odam juda katta daʼvo qilgan boʻladi. Chunki, bu daʼvoga ishoniladigan boʻlsa, bir odamni koʻpchilik ichida sharmandasini chiqarib, yuz darra urish va butunlay badnom etish, yoki toshboʻron qilib oʻldirib yuborish kerak boʻladi. Shuning uchun ham, begona odamni zinoda ayblagan kishidan oʻta ishonchli dalil, toʻrtta odil guvoh keltirish talab qilinadi. Agar u oʻsha dalilni keltirsa, zinokorga jazo beriladi. Agar u dalilni keltira olmasa, tuhmatchi sifatida oʻziga jazo beriladi. Chunki, shunday qilinmasa, odamlarning bir-birini zinoda ayblashlari oson boʻlib qoladi. Ammo er xotinini yoki xotin erini zinoda ayblasalar, bu ishning or-nomusi ikkovlariga ham tegadi. Shuning uchun, bu holatda faqat nochor qolgandagina ayblash mumkin. Ayblov faqat bir kishining, yaʼni, er yoki xotinning guvohligi bilan qabul qilinadigan boʻlsa, umumiy qoida buziladi. Zino faqat toʻrt kishining guvohligi bilangina isbot boʻladi. Buning ustiga, chiqariladigan hukm juda ham ogʻir. Birovni toshboʻron qilib, oʻldirishga hukm chiqishi kerak. Shuning uchun ham, bu masalada istisno tariqasida boshqacha hukm joriy qilindi. Ikki tarafning roziligi bilan jazo oxiratga qoldiriladi. Yaʼni, ikki tomon ham oʻzining haq ekanligini, xusumatchi nohaq ekanini aytib, agar aksincha boʻlsa, oʻziga Allohning laʼnati yoki gʻazabi yogʻilishini soʻrab, Allohning nomi ila qasam ichadi.
Zino masalasida arz etilganda, qozi eru xotinning gapini odamlar oldida eshitadi. Ularga vaʼz-nasihat qiladi. Dunyoning azobidan qoʻrqib, oʻzini oxiratning azobiga duchor qilish yaxshi emasligini tushuntiradi. Soʻngra er-xotin oʻrtasida bir-birini laʼnatlash–muloʼana boshlanadi.
Avval er «Allohning nomi ila qasamki, men oʻz xotinim falonchini zinoda ayblashimda rostgoʻylardandirman», deb toʻrt marta aytadi.
«Beshinchisida esa, agar yolgʻonchilardan boʻlsa, unga Allohning laʼnati boʻlishini (aytishlikdir).»
Yaʼni, er toʻrt marta qasam ichib, yuqoridagi gaplarni aytganidan soʻng, beshinchisida: «Allohning nomi ila qasam ichib aytamanki, agar men oʻz xotinim falonchini zinoda ayblashimda yolgʻonchilardan boʻlsam, menga Allohning laʼnati boʻlsin», deydi.
Erining shunday qasam ichishi bilan xotinga oilali odam zino qilganda beriladigan jazo–toshboʻron vojib boʻladi.
«Va u(ayol)dan azobni qaytaradigan narsa Allohning nomi ila toʻrt marta, albatta, u(er) yolgʻonchilardandir, deb shohidlik berishidir.»
Yaʼni, ayol koʻpchilik oldida, qozi huzurida toʻrt marta «Allohning nomi ila qasamki, mening erim falonchi meni zinoda ayblashida yolgʻonchilardandir», deb aytadi.
«Beshinchisida esa, agar u(er) rostgoʻylardan boʻlsa, oʻzi(ayol)ga Allohning gʻazabi boʻlishini (aytishlikdir).»
Yaʼni, ayol beshinchi martasida «Allohning nomi ila qasamki, agar erim falonchi meni zinoda ayblashida rostgoʻylardan boʻlsa, menga Allohning gʻazabi boʻlsin», deb aytadi.
Shu bilan muloʼana tamom boʻladi. Qozi er bilan xotinning ajrashganlarini eʼlon qiladi.
Albatta, avvalgi umumiy va shiddatli hukmdan keyingi hukm bilan eru xotinlarning istisno qilinishi Alloh taolo tomonidan bandalarga boʻlgan ulugʻ bir mehribonlikdir. Agar keyingi hukm joriy qilinmaganda insonlarga juda qiyin boʻlardi. Shuning uchun ham, oyatlarning oxirida:
«Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati boʻlmaganida... Albatta, Alloh tavbalarni koʻplab qabul qilguvchi va oʻta hikmatli zot boʻlmaganida edi...» deyilmoqda.
Yaʼni, sizga juda qiyin boʻlar edi.
Ulamolarimiz muloʼana haqida yana bir qancha qoidalarni zikr qilganlar. Jumladan:
1. Eru xotin oʻrtasidagi muloʼana faqat mahkamada boʻladi.
2. Muloʼana faqat ochiq-oydin ravishda zinoda ayblangandagina boʻladi. Kinoya va ishora bilan boʻlsa, muloʼana qilinmaydi.
3. Agar er xotinini zinoda ayblab turib, oʻzini laʼnatlashga kelganda bosh tortsa, qamab qoʻyiladi va undan yo muloʼanada qatnashish, yoki oʻzining yolgʻonchi ekanini eʼtirof etish talab qilinadi. Ayolga nisbatan ham xuddi shunday chora qoʻllaniladi.
4. Er muloʼanada oʻzidan talab qilingan qasamni ichib boʻlganidan keyin xotin muloʼanada ishtirok etishi, yoki zino qilganini tan olishi kerak.
5. Er bolaning oʻzidan emasligini daʼvo qilsa ham, muloʼana vojib boʻladi.
Muloʼanadan keyin vujudga keladigan hukmlar quyidagilardan iborat:
1. Muloʼanadan keyin erga ham, xotinga ham hech qanday jazo koʻrilmaydi.
2. Ularning orasi abadiylikka ajratiladi.
3. Er bolaning nasabini inkor qilsa, bola ayolga nisbat beriladi. Erga mansub deb bilinmagach, bola undan meros olmaydi. Balki, onasining nomi bilan chaqiriladi va undan meros oladi.
4. Agar muloʼana vaqtida ayolning zino qilgani bilinsa ham, modomiki u muloʼanada qatnashdimi, uni zoniya, bolasini valadi zino, deyishga hech kimning haqqi yoʻq. Kim bu gapni aytsa, tuhmatchi sifatida jazoga tortiladi.
5. Har qanday holatda ham ayol mahrini oladi.
6. Muloʼanadan keyin ayolga nafaqa, turar joy berish erkakning boʻyniga vojib boʻlmaydi.
Bir odamni zinoda ayblash naqadar yomon ish ekanligi, tuhmatchiga qanchalik ogʻir hukmlar joriy qilinishi bayon etildi. Endi, hayotda sodir etilgan shunaqa voqealardan yana biri misol tariqasida keltiriladi. Avvalgi oyatlarning nozil boʻlishiga hayotiy voqealar sabab boʻlgani kabi, quyidagi oyati karimalarning nozil boʻlishiga ham shunga oʻxshash voqealar sabab boʻlgan. Toʻgʻrirogʻi, ulardan koʻra ming marta xatarliroq, nozikroq voqealar sabab boʻlgan. Bu safar diqqat markazida oddiy sahobalardan biri va uning oilasi emas, balki olamlarning sarvari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam va u kishining suyukli zavjai mutahharalari, moʻminlarning onasi, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin doʻstlarining qizi Oishai Siddiqa turar edilar. Islom dushmanlari aqliy tortishuvlarda, jang maydonlarida musulmonlardan ustun kela olishlariga koʻzlari yetmaganidan keyin, musulmonlarning eng kuchli nuqtasini zaiflashtirish uchun, ochiqdan-ochiq igʻvo, boʻhton, tuhmat va uydirma qilishga oʻtdilar.
Gapni boshqa yoqqa burib, haqiqatdan chetga chiqish, yolgʻondan uydirma toʻqish, boʻhton va igʻvo qilish arab tilida «ifk» deyiladi. Munofiqlar Oisha onamizga nisbatan ifk uyushtirdilar. Ularning ifkiga baʼzi sodda musulmonlar ham qoʻshildilar. Orada katta fitna chiqdi. Oisha onamizni zino qilganlikda ayblay boshladilar. U kishiga nisbatan ifk–igʻvo, boʻhton, tuhmat va uydirma uyushtirildi. Bu hodisa «Ifk hodisasi» nomi bilan mashhurdir. Bu hodisaning tafsiloti barcha ishonchli masdarlarda Oisha onamiz roziyallohu anhoning oʻzlaridan rivoyat qilingan. U kishi bunday hikoya qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqishni iroda qilsalar, xotinlari orasida qurʼa tashlar edilar. Kimga qurʼa chiqsa, uni oʻzlari bilan birga olib ketar edilar. Fazotlardan birida u zot oramizda qurʼa tashladilar. Menga tushdi. U kishi bilan safarga chiqdim. U vaqtda hijob farz boʻlgan edi. Meni havdajda (ichiga odam tushadigan qilib toʻqilgan savat) koʻtarib yurishar edi. Men uning ichiga tushib olar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻsha gʻazotlaridan forigʻ boʻlgunlaricha yurdik, soʻngra ortga qaytdik. Madiynaga yaqinlashganimizda, kechasi joʻnash haqida jar chaqirildi. Joʻnash haqidagi xabarni yetkazganlarida oʻrnimdan turib, askarlardan uzoqlashdim. Qazoi hojatdan qaytayotib, koʻksimni ushladim, qarasam, munchogʻim tushib qolibdi. Ortimga qaytib, uni izlay boshladim. Oʻsha yerda ushlanib qoldim. Meni olib yuradigan kishilar kelib, havdajimni tuyamga ortishibdi. Ular meni havdaj ichida deb oʻylashibdi. Oʻsha vaqtda ayollar yengil boʻlishar edi, goʻshtlari oz edi. Juda oz taom yer edik. Odamlar havdajni koʻtarishganda, uning yengilligiga eʼtibor berishmabdi. U vaqtda yoshim ham kichik edi. Ular tuyani joyidan qoʻzgʻatib, joʻnab ketaveribdilar. Munchoqni topdim. Ular turgan joyga keldim. Askarlar ketib boʻlgan ekan. Ulardan biror kishi qolmabdi. Oʻsha yerda qimirlamay turishga qaror qildim. Ular mening qolib ketganimni bilib qaytib kelishadi, deb oʻyladim. Oʻtirgan joyimda koʻzim uyquga ilinibdi. Safvon ibn al-Muʼattal as-Silmiy askarlardan ortda qolgan va dam olib, kechroq joʻnashni koʻzlagan ekan. (Imom Buxoriy rivoyatlarida, askarlarning ortidan unutib qoldirilgan narsalarni yigʻishtirib olib ketishga vazifador edi, deyilgan.) Bas, u men turgan joyga kelibdi. Uxlayotgan odamning qorasini koʻribdi. Oldimga kelib, meni tanibdi. Meni tanib, istirjoʼ aytganidan (ovoz chiqarib: «Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun!» deganidan) uygʻonib ketdim. Darrov jilbobim ila yuzimni toʻsdim. Allohga qasamki, u menga biror soʻz aytmadi. Men uning istirjoʼidan boshqa hech bir soʻzini eshitmadim. U pastga tushib, tuyasini choʻktirdi. Tuyaning oldingi oyoqlarini juda pastlatdi. Men tuyaga mindim. U ulovini yetaklab yoʻlga tushdi. Shunday qilib, askarlarga yetib oldik. Ular kecha oxirida toʻxtab, manzilga tushgan ekanlar.
Mening toʻgʻrimda kim halokatga uchrasa, uchradi. Gunohning kattasini koʻtargan Abdulloh ibn Ubay ibn Salul boʻldi. Madiynaga yetib keldik. Men u yerda bir oy kasal boʻlib yotib qoldim. Odamlar «Ifk ahli»ning gap-soʻzlarini avj oldirishar, men esa, hech narsani sezmas edim. Kasallik paytimda meni shubhaga solgan narsa shu ediki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, odatda, kasal boʻlgan chogʻlarimda boshqacha lutf koʻrsatar edilar. Endi boʻlsa, «Anavuningizning holi qanday?» der edilar-u, qaytib chiqib ketardilar. Mana shu holat meni shubhaga solar edi. Tuzalgunimcha ham yomonlikni sezmabman. Bir kuni Ummu Mistoh bilan qazoi hojat qiladigan joyga chiqdim. Unday joylarga faqat kechasi chiqar edik. U vaqtlarda tahoratxonalar qilgan emasdik. Arablarning eski odatlari boʻyicha, devorlarning ostida qazoi hojat qilar edik. Shunday qilib, men Ummu Mistoh bilan (u Abu Rahm ibn Muttolib ibn Abdu Manofning qizi, onasi Saxr ibn Omirning qizi, Abu Bakr Siddiqning xolalari) chiqib, hojatdan qaytib kelayotganimizda Ummu Mistoh kiyimini bosib olib, qoqilib ketdi va:
«Mistoh halok boʻldi!»–dedi. Men unga:
«Juda yomon gap aytding! Badrda ishtirok etgan odamni ham soʻkasanmi?!»–dedim. U:
«Ey azizam, uning nima deganini eshitganing yoʻqmi?!»–dedi. Men:
«U nima dedi?»–deb soʻradim. U menga ifk ahlining gaplari haqida xabar berdi. Kasalimga kasal qoʻshildi. Uyga qaytganimda oldimga Rasululloh kirib:
«Anavuningizning holi qanday?»–dedilar. Men:
«Izn bersangiz, ota-onamning oldiga borsam», dedim. Oʻshanda ulardan xabarning haqiqatini bilmoqchi edim. Menga u zot izn berdilar. Ota-onamning oldilariga bordim. Onamga:
«Ey onajon, odamlar nimalar deyishmoqda?»–dedim. U kishi aytdi:
«Ey qizginam, oʻzingni ortiqcha qiynama, Allohga qasamki, har bir koʻzga yaqin ayolni eri yaxshi koʻrsa-yu, kundoshlari koʻp boʻlsa, shunaqa gapni koʻpaytirib yuborishadi». Men:
«Subhanalloh! Odamlar shu gaplarni gapirishdimi-ya?!»–dedim. Kechasi bilan yigʻlab chiqdim. Tong otguncha koʻz yoshim toʻxtamadi, koʻzimga uyqu ham kelmadi. Kunduzi ham yigʻlay berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy kelavermaganidan keyin Ali ibn Abu Tolib va Usoma ibn Zaydlarni chaqirib, ahlidan ajrash haqida maslahat qildilar. Usoma Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga u zotning ahlida hech qanday ayb koʻrmagani va ularga nisbatan oʻzida muhabbat borligi haqida soʻzladi. Usoma:
«Ey, Allohning Rasuli, ular sizning ahlingiz, Allohga qasamki, ular haqida faqat yaxshilikni bilamiz, xolos», dedi. Ali ibn Abu Tolib boʻlsa:
«Ey, Allohning Rasuli, Alloh sizni siqib qoʻygani yoʻq. Undan boshqa ayollar ham koʻp. Joriyadan soʻrang, aytib beradi», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bariyrani chaqirib, undan:
«Ey Bariyra, unda shubhaga soladigan biror narsa payqadingmi?»–deb soʻradilar. U:
«Yoʻq! Sizni Paygʻambar qilib yuborgan Zot nomi ila qasamki, men unda koʻrgan bitta ayb bor, u ham boʻlsa, yoshi kichikligida xamirning oldida uxlab qolib, qoʻyga yegizib qoʻyardi, xolos», dedi. Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borib, oʻsha kuni Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning uzr soʻrashini talab qildilar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam minbarda turib:
«Menga ahlim xususida ozor yetkazgan odamdan kim uzr olib beradi? Allohga qasamki, men oʻz ahlimdan yaxshilikdan boshqa narsa koʻrmadim. Batahqiq, menga faqat yaxshilik qilib yurgan odamni gap qilishdi. U mening ahlim huzuriga faqat men bilan kirar edi», dedilar. Shunda Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu oʻrnidan turib:
«Ey, Allohning Rasuli, Allohga qasamki, men undan uzr olib beraman. Agar u Avsdan boʻlsa, boʻynini uzamiz. Agar u birodarlarimiz hazrajiylardan boʻlsa, nima amr qilsangiz, oʻsha amringizni bajaramiz», dedi. Hazrajliklarning boshligʻi Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhu oʻrnidan turib:
«Yolgʻon gapirding! Allohga qasamki, uni oʻldirmaysan va unga qodir ham emassan», dedi. Bu gapni eshitgandan keyin Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhuga bunday javob qaytardi:
«Sen yolgʻon gapirding! Allohga qasamki, albatta, uni oʻldiramiz. Sen munofiqsan! Munofiqlarni himoya qilmoqdasan!» Ikki qabila–Avs va Hazraj achchiqlanib, bir-birlari bilan urushib ketay dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa, minbarda turib, ularni hovurlaridan tushirar edilar. Hammalari jim boʻlgandan keyingina minbardan tushdilar. Oʻsha kunni ham yigʻlab oʻtkazdim. Koʻzimdan yosh tinmadi, uyqum yana kelmadi. Soʻngra kechasi bilan ham yigʻlab chiqdim. Koʻzimdan yosh quyilaverdi, uyqum ham kelmadi. Ota-onam oldimda edilar. Ikki kechayu bir kunduz yigʻladim. Yigʻlayverib, jigarim yorilib ketsa kerak, deb oʻylagan edim.
Ota-onam oldida yigʻlab turgan chogʻimda ansorlardan bir ayol kirishga izn soʻradi. Unga izn berdim. U ham oʻtirib, menga qoʻshilib yigʻlay boshladi. Biz shu holatda turganimiz ustiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar. Oʻtirdilar. Mening haqimda gap-soʻzlar aytilgandan beri yonimga oʻtirmagan edilar. U kishiga bir oy mening ishim haqida vahiy kelmay turib qoldi. Oʻtirganlaridan keyin tashahhud aytdilar va undan soʻng:
«Menga sening haqingda shu-shular yetdi. Agar sen beayb boʻlsang, Alloh taolo, albatta, seni oqlaydi. Agar gunohga yaqinlashgan boʻlsang, Allohga istigʻfor ayt, unga tavba qil. Chunki, banda gunohini eʼtirof etib, tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul etadi», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gaplarini tamom qilishlari bilan koʻzyoshim tappa-taq toʻxtadi. Otamga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytgan gaplari uchun javob bering», dedim. U kishi:
«Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima deyishimni ham bilmayman», dedilar. Keyin onamga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob bering», dedim. Onam:
«Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima deyishimni ham bilmayman», dedilar. Men hali yosh edim, Qurʼondan ham koʻp oʻqimasdim, oʻzim gap boshladim:
«Allohga qasamki, bilishimcha, mening haqimda odamlarning gaplarini eshitdinglar. U gaplar koʻksingizda joylashib qoldi. Unga ishondingizlar ham. Agar men sizlarga, men beaybman, desam, bunga ishonmaysizlar. Agar men bir ishni eʼtirof qilsam, Alloh bilib turibdiki, men beaybman, siz buni tasdiq etasiz. Allohga qasamki, men bilan siz hozir xuddi Yusufning otasiga oʻxshaymiz, u aytgan gaplarni eslang:
«(Mening ishim) goʻzal sabr qilishdir. Sizlar vasf qilayotgan narsada esa, Allohning Oʻzi yordam soʻralguvchidir», dedim. Soʻngra borib joyimga yotib oldim. Holbuki, oʻsha paytda Allohga qasamki, oʻzimning beayb ekanimni, albatta, Alloh meni oqlashini, bilar edim. Lekin Allohga qasamki, Alloh taolo mening haqimda tilovat etiladigan vahiy tushirishini gumon ham qilmagan edim. Oʻzimcha, mening ishim Alloh taolo tilovat qiladigan narsaga arzimaydigan ish, deb oʻylardim. Lekin, oʻzimcha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir tush koʻrsalar-u, oʻshanda Alloh meni oqlasa, derdim. Allohga qasamki, u zot joylaridan qimirlamay, ahli baytdan birortasi tashqariga chiqmay turib, Alloh Paygʻambariga vahiy nozil qildi. Ul zot vahiy kelganda tushadigan holatga tushdilar. Soʻngra kulib, oddiy holatlariga qaytdilar. Ul zotning birinchi aytgan gaplari menga:
«Ey Oisha! Allohga hamd ayt! U seni oqladi!»–deyishlik boʻldi. Shunda onam menga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oʻrningdan tur!»– dedilar. Men:
«Allohga qasamki, men u kishiga oʻrnimdan turmayman. Allohdan oʻzgaga hamd ham aytmayman. Mening oqlovimni nozil qilgan zot Udir», dedim. Alloh taolo ushbu oʻn oyatni nozil qildi.