وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَكَذَّبُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَآ أُو۟لَـٰٓئِكَ أَصْحَـٰبُ ٱلْجَحِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar — ana o`shalar jahannam egalaridir.Куфр келтирганлар ва оятларимизни ёлғонга чиқарганлар — ана ўшалар жаҳаннам эгаларидир.Alauddin Mansour: Kofir boʻlgan va Bizning oyatlarimizni yolgʻon degan kimsalar esa jahannam egalaridir.Кофир бўлган ва Бизнинг оятларимизни ёлғон деган кимсалар эса жаҳаннам эгаларидир.
Ushbu oyatlarni oʻrganar ekanmiz, nasorolarning musulmonlar bilan boʻlgan aloqalari tarixiga nazar solib, haqiqatan ham ushbu oyati karimada vasfi kelgan, ichlarida diniy olimlari va rohiblari insofli boʻlib, mutakkabirlik qilmaydigan, Qurʼon eshitganda koʻzidan yosh toʻkib iymon keltiradigan, Allohga ishonib, Islomga yuradigan, Allohdan yuqori martabalarni tamaʼ qiladigan kishilar oʻtganining guvohi boʻlamiz.
Bu sifatlarga ega emaslari esa, kofirligicha qolib, musulmonlarga doʻstlikka yaqinroq boʻlishi qiyinligini koʻramiz.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ham shunday edi. Keyin ham shunday boʻldi. Hozir ham shunday boʻlmoqda. Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi, biz nasorolarmiz, degan baʼzi kishilarning hollari va qilgan ishlari aynan ushbu oyati karimalarning tushishiga sabab boʻlgan.
Imom Qurtubiy oʻzlarining «Jomiʼul Ahkom» nomli tafsirlarida quyidagilarni yozadilar: «Ushbu oyatlar Najoshiy va uning sheriklari haqida nozil boʻlgan. Ibn Ishoq va boshqalarning siyrat kitoblarida kelgan mashhur rivoyatlarga koʻra, musulmonlar mushriklar va ularning fitnasidan qoʻrqib, birinchi bor hijrat qilib, ularning yurtiga keldilar. Soʻngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynaga hijrat qildilar. Mushriklar u kishiga yeta olmadilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ular oʻrtasida urush boʻldi. Badr urushida kofirlarning koʻzga koʻringan arboblari qatl etildilar. Shunda qurayshlik kofirlar: «Oʻch olishingiz uchun Habashistonda imkon bor. Najoshiyga ikkita uddaburon, aqlli odamni hadya bilan yuboringlar, u oʻz huzuridagi musulmonlarni beradi. Siz esa, Badrda qatl etilgan odamlaringizning oʻchini ulardan olib, oʻldirasizlar», deyishdi. Qurayshlik kofirlar Amr ibn Oss bilan Abdulloh ibn Robiʼani hadyalar bilan Habashistonga yuborishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xabarni eshitib, Amr ibn Umayyani maktub bilan Najoshiyga yubordilar. U Najoshiyning huzuriga bordi. Najoshiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktublarini oʻqidi. Soʻngra Jaʼfar ibn Abu Tolibni muhojirlar bilan chaqirdi. U oʻzining diniy olimlari va rohiblarini toʻpladi. Keyin Jaʼfarga Qurʼon oʻqib berishni amr qildi. U Maryam surasini oʻqidi. Ular koʻzlaridan yosh oqiza boshladilar. Ana oʻshalar haqida Alloh taolo:
«Ulardan iymon keltirganlarga doʻstlikka yaqinrogʻi, biz nasorolarmiz, deganlar ekanini topasan» oyatini tushirdi.
Najoshiy va uning odamlarining iymon keltirib yaxshi musulmon boʻlganliklari maʼlum va mashhur. Najoshiy vafot etgan kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan chiqib: «Bugun Allohning solih bandalaridan biri vafot etdi», deb sahobalar bilan gʻoyibona janoza namozi oʻqiganlar.
Shuningdek, boshqa nasorolar ham yahudiylarchalik yomon munosabatda boʻlmaganlar. Rim imperatori Herakl ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning maktublarini olganda, Islomni qabul qilmoqchi boʻlgan, ammo odamlarini toʻplab maslahat qilganda, koʻnishmagan.
Keyinchalik ham shu kabi munosabatlar boʻlib turgan.
Ammo nasorolar mazkur oyati karimada kelgan sifatlarini tark etganlarida, ular ham musulonlarga qarshi eng ashaddiy dushmanlarga aylanardilar. Ularning ichida insofli, tavozuʼli diniy olimlar va rohiblar qolmay, oʻrniga insofsiz va mutakabbir diniy olim va rohiblar kelganda, Rim papasi va boshqa diniy rahnamolar boshchiligida Islom olamiga qarshi qayta-qayta salb yurishlari qildilar. Yuz yillar davomida fan-madaniyat va ilm markazi boʻlib, Ovrupaga nur sochib turgan Andalus davlatini yer yuzidan supurib tashladilar. Ularning vahshiyligidan beshikdagi bolalar ham beomon boʻldi. Musulmon nomi boʻlsa boʻldi, bitta qoʻymay qirdilar. Musulmonlarning qonini daryo qilib oqizdilar. Ularning qonli yurishlari tufayli Oʻrta Yer dengizining moviy suvi qirmiziga aylandi. Salbchi nasorolar dengizdan oʻtib musulmon yurtlarni ishgʻol qildilar. Qon toʻkdilar. Zulm oʻtkazdilar. Keyinroq kelib esa, barcha musulmon davlatlarni masihiy davlatlar oʻz mustamlakasiga aylantirdi. Jahonda buyuk jugʻrofiy kashfiyotchilar sifatida nomi mashhur boʻlgan ovrupalik shaxslar aslida musulmon yurtlarni bosib olishga tayyorgarlik koʻrish aygʻoqchilari ekanligi, ular safarga chiqishdan oldin papaga nasoro dini uchun yangi joylar va yangi qavmlar topib berishni vaʼda qilib, uning duosi va iznini olganliklari maʼlum va mashhurdir.
Hozir ham shu hol davom etmoqda. Oyati karimada kelgan vasfga ega boʻlgan nasorolar moʻmin-musulmon boʻlib, kundan-kunga saflari koʻpayib bormoqda. Ularning akslari esa, «Qarshimizda bitta dushman qoldi, u ham boʻlsa, Islomdir», demoqdalar. Oxirgi oyatda aytilganidek, ularning joyi jahannamdir, inshaalloh.
Ahli kitob va mushriklarning holi bu boʻlsa, musulmonlar nima qilishlari kerak? Shu savolga keyingi oyatlarda javob keladi. Bu oyatlarning asosiy maqsadi musulmonlarni faqat Allohning hukmi ostida yashashga targʻib qilishdir. Har bir ishda ilohiy taʼlimotlarga asoson chora koʻrishga undashdir. Ushbu ishlarga oid oyatlar majmuasining har biri moʻminlar uchun mahbub nido–«Ey, iymon keltirganlar!» nidosi ila boshlanadi. Birinchi boʻlib halol-harom haqida soʻz ketadi: