أَوْ إِطْعَـٰمٌ فِى يَوْمٍ ذِى مَسْغَبَةٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki ocharchilik kunida taom berishdir.Ёки очарчилик кунида таом беришдир.Alauddin Mansour: Yoki ocharchilik kunida taom bermoqdir.Ёки очарчилик кунида таом бермоқдир.
Dovon oshish, yaʼni havoyi nafsning toʻsiqlarini yengib, Alloh taologa yoqadigan ish qilish ocharchilik paytlarida namoyon boʻladi. Toʻqchilik-serobchilik vaqtida odam riyokorlik, manmanlik va kimoʻzarga urinaveradi. Ammo, ocharchilik boʻlib, har kim oʻz qornini, ertangi kunini oʻylab, bu shiddatli zamon qachon tugashini bilmay hayron boʻlib qolgan paytda muhtojlarga taom berish esa, haqiqiy dovon oshish hisoblanadi, ana oʻsha ishni amalga oshirganlar Alloh taoloning roziligini topadilar. Ushbu oyatlarda mazkur qiyinchilik kunlarida taom berishga eng muhtoj toifalardan ikkitasi: qarindosh yetimlar va tuproqqa qorilib qolgan miskinlar alohida zikr qilinmoqda.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Men bilan yetimning kafili jannatda mana bundoq birgamiz»,–deb koʻrsatgich va oʻrta barmoqlarini birlashtirib koʻrsatgan ekanlar. Koʻrinib turibdiki, muhtoj kishilarga yordam berish ulkan savobli ish. Fursati borlar bunga amal qilishlari kerak.
Haqiqiy ehson och-yalangʻoch, muhtoj kishilarga yordam berish bilan boʻladi. Ammo bunday yaxshiliklarning hammasi doimo iymon bilan hamroh boʻlmogʻi darkor. Shuning uchun, keyingi oyatda bunga ishora qilingan.