Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Bugun ahli ilmlardan ummatga zaruriy masalalarni muhokama qilish, ta’lim berish talab qilinsa, ko‘pchilik yuqoridagi gap bilan qutulib qoladi. “Shoshmang, birodar!” Yosin surasining 14-oyatini o‘qing: «Eslang! Biz ularga ikki payg‘ambar jo‘natdik, odamlar ularni yolg‘onchiga chiqardilar. Shunda u ikkisini (payg‘ambarlarni) uchinchi payg‘ambar bilan quvvatladik.» Haqni bir-ikki odam aytishi — ado bo‘ldi, degani emas! Odamlar ularni yolg‘onchiga chiqarib: «Sen aytgan gaplar rost bo‘lsa, nega shuncha ahli ilmlar sukut qilyapti?» — deb bahona qilishadi. Imom Al-Muallimiy rahimahulloh aytadilar: «Ulamolardan yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradiganlari o‘zi barmoq bilan sanarlik! Ulamolarning aksari sukutda! Ammo oxirgi asrlarni gapirmay qo‘yavering, podshohlar xalq ichida munkar ishlarni keng yoyib yubordi. Biror kishi jasorat qilib gapirgisi yo‘q! Ulamolardan birortasi gapirsa ham, avom xalqning gapi tayyor: “Bu gaplaringni hech bir olim aytmagan, sen adashgansan!” Ulamolar esa: “Sen bizning ijmoni buzyapsan, jim tur” — deydilar. Hokim podshohlar esa: “Bu odam fitna chiqarishni, qo‘zg‘olon ko‘tarmoqchi bo‘lishni (davlat to‘ntarishini) reja qilmoqda! Bu odam haq emas! Uni yo‘qotish yoki to‘xtatish kerak!” — deydilar. (Yoki saroy malaylari ularning nomidan shuni aytadilar). Qolgan xalq esa, agarchi unga qarshi bo‘lmagan, haqiqatan rostlikni istaganlari bo‘lsa ham, bundan nariga o‘tmaydi: “Bechora! O‘zini xatarga qo‘ydi-da... Boshqalar yuribdi-ku, sekinroq gapirsa bo‘lardi,” — deyishdan ortiq narsa qilmaydi. Ana shunday qilib, din tamoman g‘arib bo‘lib qolaveradi! Inna lillahi va inna ilayhi roji‘un! “Alif, lam, miym. Odamlar ‘iymon keltirdik’ deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi? Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni imtihondan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolg‘onchilarni ham bilajak.” (Ankabut, 1–6) “Bo‘shashmanglar! Xafa bo‘lmanglar! Sizlar, agar mo‘min bo‘lsalaringiz, ustunsizlar.” (Oli Imron, 139) Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir: agar unga yaxshilik yetsa, shukr qiladi, bu unga yaxshilikdir. Agar unga zarar yetsa, sabr qiladi, bu ham unga yaxshilikdir. Bu faqat mo‘mingagina xosdir.” (Muslim rivoyati) Yuqoridagi oyat va hadislarni tadabbur qilgan kishi fitnalardan najot bilan chiqishini Allohdan so‘raymiz. Chunki shuhratga havas qilgan havaskor muxlislar kim, oxiratga havas qilgan muxlislar kimligi ajralib chiqishi uchun mo‘minlar albatta imtihon qilinadi. Lekin, ming afsuski, ko‘pchilik musibat ko‘rgan kishiga qarab: “Unga Allohning balosi keldi,” yoki “U sababli butun ummat zarar ko‘rdi,” deb gumon qiladi. Yana: “Agar bizning gapimizga kirganida edi, bunday bo‘lmas edi,” deydiganlar ham topiladi. Holbuki, Alloh taolo bizni bunday kishilardan bo‘lishdan qaytargan: “Ey iymon keltirganlar! Kufr keltirganlarga va yer yuzida sayr qilayotgan yoki g‘azot qilayotgan birodarlari haqida: ‘Agar ular bizning huzurimizda bo‘lganlarida o‘lmas edilar va qatl qilinmas edilar,’ deydiganlarga o‘xshamang. Buni Alloh ularning qalblarida hasrat qilsin uchun aytadilar. Alloh tiriltiradi ham, o‘ldiradi ham. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘ruvchi zotdir. Agar sizlar Alloh yo‘lida qatl qilinsangiz ham yoki o‘lsangiz ham, Allohdan bo‘ladigan mag‘firat va rahmat ular jamlaydigan narsadan yaxshiroqdir.” (Oli Imron, 156–157) Albatta, musibatlar ko‘pincha qilingan gunohlar sababli kelishini hech kim inkor eta olmaydi. Lekin musibat kelganda uni ko‘rib: “Senga Allohning balosi keldi,” deb hukm chiqarish mo‘minning ishi emas. Aslida ofiyatdagi imtihon — balodagi imtihondan og‘irroqdir. Chunki balo kelganda inson Allohga yolvorib, gunohini e’tirof etadi. Ammo ofiyatda yurgan kimsa ofiyatni imtihon deb bilib, shukronasini qila olishi ancha qiyin. Demak, haqiqiy imtihon — ofiyatdagilarga keladi. Kim nima fikr bildiradi, hatto kim qanday xayol qiladi — barchasi imtihondir.