Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, U Zot O‘zining kalimasini oliy qildi, kofirlarning so‘zlarini esa past qilib qo‘ydi — bu haqiqatni bizning hayotimizda yana bir bor isbot qildi! Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, hayotimizni imtihon bo‘ronlari bilan ham lazzatli, ham ma’noli qilib qo‘ydi. Zero, mo‘minning hayoti haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mo‘minning hayoti misoli go‘yoki bir maysa (o‘simlik) misolidir: shamollar uni bir yiqitadi, bir tik qiladi. Munofiqlarning (bir rivoyatda fojir va kofirlarning) hayoti esa xuddi qayrilmaydigan, qotib qolgan daraxt misolidir. Hatto uning qo‘porilib (halok bo‘lishi) bir martada bo‘ladi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Ya’ni, mo‘min kishi hayotda kofir va zolimlarning bo‘ronlari, turli imtihonlar ta’sirida bir maysa singari goh o‘ngga, goh chapga yiqiladi. Ammo bo‘ronlar tinishi bilan yana qad rostlab, ulg‘ayishda davom etadi, iymonini mustahkamlaydi. Munofiq esa, shamollar kelmayotganidan xursand bo‘lib, xotirjam o‘tiraveradi yoki «menga shamollar ta’sir qilmayapti» deydi. Lekin biryo‘la o‘lim shamoli kelib, tavba qilishga ham imkon qoldirmasdan uni tomiri bilan qo‘porib ketadi. Allohim, bizni “archalar”dan qilmaganingga behisob shukrlar bo‘lsin!