Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Umar ibn Abdul’aziz rahimahulloh bir kishi oldidan o‘tib qolsalar, u odam qo‘lida toshlarni aylantirib (ya’ni ermak qilib o‘ynab) duo qilar ekan: «Allohim, meni huril iynlardan uylantirgin.» Shunda Umar ibn Abdul’aziz aytdilar: «Sen hurilarga qanday ham yomon sovchi ekansan! Qo‘lingdagi toshlarni tashlab, ixlos bilan duo qilsang bo‘lmaydimi?!» (Hilyatul-Avliyo kitobidan) Ulamolarimiz aytadilar: bugungi kunda bu “toshlar” o‘rniga yangi ermak chiqdi! Ko‘plarimiz namozni tugatar-tugatmas, qo‘limizga telefonni olib titkilaymiz, og‘zimiz esa zikr aytib turadi. Nahotki biz ham shunday yomon sovchi bo‘lsak?! Yoki darsda, ma’ruzada o‘tirib telefon kavlab: «Ha, eshitayapman» deymiz. Alloh taolo esa aytadi: «Alloh biror kishiga ikki qalb qilgan emas» (Ahzob: 4) Ya’ni, bir vaqtning o‘zida ikki xil vazifani ado etish mumkin emas. Ibodat va lag‘u (behuda mashg‘ulot) bir qalbda jam bo‘lmaydi!