Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
«Ana o‘shalardir Alloh hidoyat qilgan zotlar! Bas, ularning hidoyatiga ergashinglar!» (An’om: 90) Qamoqda yotgan mazlum kishini ko‘rsangiz, u o‘ziga Yusuf alayhissalomni o‘rnak qilib: “Shunday zot ham qamalganda, biz kim bo‘libmiz?!” — deydi. Farzandidan kuygan kishiga qarasangiz, Nuh alayhissalomning ham bir o‘g‘li kofir bo‘lgani esga tushadi va: “Bu ham biz uchun imtihon ekan” — deb o‘zini yupatadi. Eridan aziyat chekkan ayol, Fir’avnning xotini Asiyani eslab tasalli topadi. Xotinidan aziyat chekkan erkak esa, Lut alayhissalomning xotini ham nonko‘r bo‘lganini eslab yupanch topadi. Yurtidan quvilib hijratda yurgan mo‘min, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham qochib, quvilib yurganini eslaydi. Va hokazo… qanday musibatga duch kelmaylik, bizda eslab tasalli oladigan o‘tmishimiz bor. Alhamdulillah! Endi tasavvur qiling, agar o‘sha zotlar shunday hayot kechirmaganida biz kimga qarab tasalli olar edik? Nima bilan o‘zimizni ovutar edik? Ana shuning uchun ham Alloh u zotlarga bunday hayot kechirishni taqdir qildi. Aslida ularni izzat va ne’matlarda yashatishga qodir edi, ammo ular biz uchun ibrat va tasalli bo‘lsin, deb shunday hayotdan o‘tkazildi. Demak, ular go‘yoki bizga saboq bo‘lish uchun yashashdi! Endi biz-chi? Hamma narsani joyida qilib, xotirjam yeb-ichib, oxir-oqibat nom-nishonsiz yo‘qolishni xohlaymizmi? Yoki ular singari abadiy o‘rnak bo‘lib yashashni istaymizmi?