Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Mo‘min Alloh yo‘lida musibatlanishdan cho‘chimaydi. Chunki Alloh taolo musibatga qo‘shib, albatta, yengillikni ham jo‘natadi! Buning bir tasdig‘i: Yusuf alayhissalom akalaridan zulm chekib, ota-onasidan judo bo‘lgach, qul sifatida olib ketildi. Kechagina otasining eng erkatoyi bo‘lgan bola, bugun qul bo‘lib sotuvda turibdi — unda qanday kechinmalar o‘tayotganini tasavvur qiling! Lekin Allohning rahmatini qarang: «Uni Misrdan sotib olgan kishi xotiniga aytdi: “Unga yaxshi qaragin! Shoyad, bizga foydasi tegsa yoki uni farzand qilib olsak.”» (Yusuf, 21) Alloh taolo hasadgo‘y akalari qo‘lidan olib, endi uni saroyda erkatoy qilib qo‘ydi! Aks holda, ular Yusuf alayhissalom ulg‘ayguncha yana qancha fitna qilishlari mumkin edi! Xuddi shuningdek, Muso alayhissalom ham daryoga tashlab yuborilganida oqib ketayotgandi. Bu musibatga ham yengillik qo‘shildi: «(Fir’avn xotini aytdi): “Uni o‘ldirmanglar! Shoyad, bizga foydasi tegsa yoki uni farzand qilib olsak.”» (Qasos, 9) Endi «Qachon Fir’avn ushlab olib ketar ekan?» deb xavotirda yashashdan qutulib, uning qasrida qo‘riqchilar himoyasida ulg‘aydilar! Ikki payg‘ambar, ammo bir xil taqdir: «Shoyad, bizga foydasi tegsa yoki uni farzand qilib olsak!» Sizningcha, bu tasodifmi?! Allohning yo‘lida chiqib, qul bo‘lib sotilsangiz ham, daryoda oqib ketsangiz ham xotirjam bo‘ling — musibatga qo‘shilib, albatta, yengillik keladi!