Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Muoviya raziyallohu anhu bir kuni minbarga chiqdilar. Shunda Abu Muslim degan kishi aytdi: «Nega Baytul-moldan beriladigan maoshlarni qisib qo‘ydingiz?! Bu sizning ham, otangizning ham peshona teridan kelgan emas-ku!» Bu gap Muoviyaning qattiq g‘azabini qo‘zg‘atdi. U zot minbardan tushib odamlarga: «Joylaringizda turinglar!» — deb aytdilar va bir muddat ko‘rinmay, qaytib kelib dedilar: «Abu Muslim meni g‘azabimni chiqardi. Lekin men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman: “G‘azab shaytondandir, shayton esa olovdandir. Olovni esa faqat suv bilan o‘chiradilar. Kimning g‘azabi chiqsa, g‘usl qilsin!” deganlar. Men kirib g‘usl qilib chiqdim. Abu Muslim rost aytdi! Haqiqatda Baytul-mol mening va otamning mehnatidan emas. Kelinglar, maoshlardan olinglar!» Agar o‘sha paytda g‘azab bilan qaror qabul qilsalar, Abu Muslim ham yana g‘azab bilan javob qilsa, nima bo‘lishini bir tasavvur qiling! Ikki kishi orasidagi oddiy ixtilof ehtimol ikki toifa o‘rtasidagi urushga aylanar edi. Bugungi ixtiloflarning sabablari ham shunda: insonlar hech ikkilanmasdan, g‘azab vaqtida qaror qabul qilishlari. Shuning uchun Alloh taolo Maryamga dedi: «Agar bashardan birortasini ko‘rsang, ayt: “Men sukut qilishni nazr qildim. Bugun biror inson bilan gaplashmayman!”» (Maryam: 26) Ya’ni: «Iso alayhissalomni qayerdan orttirib kelding?» — degan og‘ir savolga eng yaxshi javob — sukut edi.