Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Alloh taolo Muso alayhissalamga aytadi: «Albatta, Biz sen (ketganing)dan so‘ng qavming (Banu Isroil)ni fitnaladik va Somiriy ularni adashtirdi.» (Toha: 85) Oyatning qisqacha mazmuni shuki: Muso alayhissalam Alloh bilan muloqot qilib ketgandan so‘ng, anchagina vaqt o‘tmasdan Banu Isroil buzoqqa sig‘inib ketdi. Buning sababi — Somiriy degan odam ularga buzoq yasab, undan ovoz chiqarib, «mana ilohlaring» deb xalqni yo‘ldan urdi! Endi ichlarida Muso alayhissalam turgan xalq, bir muddat murabbiy sahnadan g‘oyib bo‘lgach, buzoqqa sig‘inib, bu murabbiylarining o‘rnini kazzob Somiriy egallagan bo‘lsa, bugun yillab ahli ilmlar xalqdan g‘oyib bo‘lsa va somiriylar sahnada davru-davron sursa, qanday odamlar adashmasin?! Xalq adashganining birinchi sababi — ahli ilmlarning sahnadan g‘oyib bo‘lishidir. Mana bu ahli ilmlarga katta mas‘uliyat yuklaydi! Sahnaga chiqib xalqqa aralashish va somiriylardan zarur ogohlantirish lozim! Ikkinchidan, olimlar sahnadan g‘oyib bo‘lgani ham albatta xalqga uzur emas. Chunki oyatga etibor bering: «Qavmingni fitnaladik» Ya‘ni, odamlar kitob-sunnatga ergashadimi yoki bir qallobning baland parvoz gaplariga ergashadimi — mana bu xalqga kelgan imtihondir! Xalq ham haqiqatan izlanishi kerak. Garchi buzoqni gapirtirib yuborsa-da, ularga emas — kitob-sunnatga ergashish xalq zimmasidagi vojibdir. Allohu a‘lam.