Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
«Ilmni Allohdan boshqa uchun talab qildik, u esa faqat Alloh uchun bo‘lishdan boshqasiga unamadi!» Salaflardan kelgan ushbu so‘zning ostida juda ko‘p chuqur ma’nolar yotadi. Inson amalni boshlash bosqichida to‘liq ixlosga ega bo‘lmasligi mumkin. Lekin amal davomida mujohada — nafsga qarshi kurashish orqali bu kamchiliklar asta-sekin to‘g‘rilanadi. Shuning uchun «niyatim qachon xolis bo‘lsagina boshlayman» deb kutib o‘tirmang! Amalning o‘zi ixlosni tarbiyalaydi. Rasululloh ﷺ aytadilar: «Robbingiz jannatga kishanlarda olib kiriladigan kishilardan ajablanadi!» (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, kofirlar majburlab zanjirlanadi, islomga kirishga boshqa chora qolmagani uchun qabul qilishadi. Lekin vaqt o‘tib, islomning go‘zalligini ko‘rib, chin dildan musulmon bo‘lib ketishadi va jannatiy bo‘ladilar. Imom Ahmadga: «Hadis talabini Alloh uchun qilganmisiz?» — deb so‘ralganda, u zot dedilar: «Alloh uchun sof bir amal qilish juda noyob holat. Men esa menga sevimli bo‘lgani uchun hadis talab qildim!» E’tibor bering: Hatto Imom Ahmad ham avvaldanoq «men faqat Alloh uchun qildim» deya olmadi. Go‘yo hadis talabi u zot uchun shaxsiy sevimli mashg‘ulot — «hobby» edi. Lekin hadis ilmi u zotni Alloh sari yetakladi. Shuningdek, sahobalar ham Badr jangidan avval jihod uchun emas, karvonni talon-taroj qilish niyatida chiqqan edilar. Lekin Alloh ularni jihodga yo‘naltirib yubordi. Xulosa: Bu masala nihoyatda katta va muhim. Odamlarga boshidanoq: «Qilsang xolis qil, bo‘lmasa yig‘ishtir!» — deb shart qo‘yish katta xato bo‘ladi. Qanday niyat bilan boshlashidan qat’i nazar, siz ixlosni o‘rgatishda, tarbiyalashda davom eting!