Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Alloh taolo Qur'onda ko‘p suralarda: "U nima bilasizmi" tarzida oyatlarni keltiradi. Chunki bu uslub kishini aytilgan hukmlarni ortidan ko‘zda tutulgan maqsadga qarab olib kiradi. Ramazonda o‘zingizga savollar bering: "Ovqat yeyish hukmi nima?" — Ovqat halol. "Suv ichish hukmi nima?" — Suv ham halol. "Ayoli bilan birga bo‘lish hukmi nima?" — Ayoli ekinzori! Albatta halol. Unda nega Ramazonda o‘zingizni bu nematlardan mahrum qilib yuribsiz? Chunki Robbim aytdi! Endi halol narsalarni "Robbim aytdi" deb tark qilib, Ramazon asnosida yoki tugagach asli harom ovqatlarni iste’mol qilasizmi? Uni Robbingiz harom qilmadimi? Asli halol "suv"ni "Robbim aytdi" deb tark qilib, harom ichimliklarni ichayotganda Robbingiz aytgani qayerda qoladi?! Asli halol juftingizni "Robbim aytdi" deb tark qilib, endi harom ayolga kelganda "Robbingiz aytgani" qayerda qoladi?! Ko‘rdingizmi, Shayton qanday sizga o‘zligingizni, Robbingizni unuttirib, sizni bir-biriga zid, chalkash amallar bilan zanjirband qilgan? Ramazon sizni mana shu chalkash zanjirlardan ozod qilib, shaytoningizni kishanga soladigan oydir. Bu oyda o‘zligingiz va Robbingizni tanib oling! Ramazon sizga: "Robbim aytdi" degan aqidani eslatish uchun har yil takror-takror keladi. Siz qaysi Ramazoningizdan bu aqida bilan chiqdingiz? Ramazon haqida mana shunday fikrlamas ekansiz, uning haqiqatini haqiqatan ham tushinib yetmagansiz, va sizni och yoki chanqoqligingiz Allohga kerak emas! Ibnu Rajab rohimahulloh aytadilar: "Muboh narsalarni tark qilib (ro‘za tutib) Allohga yaqinlashish, albatta, harom narsalarni tark qilishsiz komil bo‘lmaydi. Kim mubohni tark qilib (ro‘za tutib) haromni qilib yursa, go‘yo farzlarni tark qilib, nafl ibodat bilan band bo‘lib yurgan kishiga o‘xshaydi! (Yani uning nafli Allohga kerak emas!) Shuning uchun Qur'onda ro‘za haqidagi (Baqara surasining 183–187) oyatlaridan so‘ng, 188-oyatida: "Va mollaringni o‘rtalaringda botil yo‘l bilan yemanglar" deyiladi." Ro‘za bilan odamlarni molini yeyish o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Go‘yo aytilmoqdaki: Ramazonda 1 oy halol luqmani tark qilib ro‘za tutib, endi undan chiqib odamlarning molini haromdan yeysizlarmi?!