Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Ramazon bandaga "Tavbai nasuha" (haqiqiy tavba)ni o‘rgatadi. Gunohlardan tavba qila olmayotgan bo‘lsangiz, Ramazon sizning asl holatingizni fosh qiladi. Chunki bu oyda "Shayton qo‘ymadi" deb bahona qila olmaysiz. O‘z holingizga qo‘ymaydigan darajadagi shaytonlar zanjirband. Demak, muammo aslida o‘z nafsingizda ekan. Bu oyda banda iftorgacha yoki Ramazon tugaguncha bo‘ladigan "yolg‘on tavba"ni emas, haqiqiy tavbani o‘rganib chiqishi lozim. Ibnu Taymiyya rohimahulloh Abdulloh ibn Muborakdan naql qilib aytadilar: "Gunohlarda bardavom kishi shundaydirki, bugun xamr ichib, so‘ngra bir oy yoki kerak bo‘lsa 30 yil uni tark qiladi. Lekin qachon unga qodir bo‘lsa, yana ichish niyatida yuradi." Ibnu Taymiyya rohimahulloh aytadilar: "Buning misoli Ramazondagina ma’siyatlarni tark qiladigan kishi. Bu mutlaqo tavba qiluvchi emas. Bor-yo‘g‘i Ramazonda tark qilmoqda, xolos. Agar tarki Alloh uchun bo‘lsa, albatta savob oladi. Lekin bu mutlaqo o‘tgan gunohlari kechiriladigan tavba qiluvchi bo‘lmaydi. Balki bu odam gunohlarida qaysar, bardavom kishidir." Gunohlari to‘la-to‘kis kechiriladigan bandalari haqida Alloh taolo aytadi: "Ular bilib turib gunohlarida bardavom bo‘lmaydilar." (Oli Imron: 135) Ramazon — Allohning rahmati yog‘iladigan mavsum. Agar shu oyda ham gunohlarni mutlaqo tark qilishga azmu qaror qila olmayotgan bo‘lsangiz, Alloh sizga rahmatini ravo ko‘rmayotgani va tavba qilishingizga tavfiq bermay qo‘yishidan qo‘rqishingiz lozim. Chunki tavba birinchi navbatda Allohdan sizga beriladi, so‘ngra siz unga tavba qila olasiz. Alloh taolo aytadi: "So‘ngra ular tavba qilishlari uchun (Alloh) ularga tavbani berdi.." (Tavba: 118) Banda tavba qilishi uchun uch bosqichdan o‘tadi: 1. Alloh unga tavba qilish fursatini berishi. (Bu uchun banda Allohga talpinishi lozim.) 2. Banda azmu qaror bilan Allohga tavba qilishi. 3. Alloh uning tavbasini qabul qilishi. Demak, sizning tavbangiz Allohning sizga bergan tavbasi qurshovida. Ramazon oyida yog‘iladigan rahmatlarga yuzlanib, bu tavba qo‘rg‘oniga kirib olish lozim. Agar Ramazondan ushbu azmu qaror (tavba) bilan chiqsangiz, undan keyin uchrab turadigan gunohlar Allohning va’dasi bilan kechiriladi: "Ana o‘shalar uchun mukofotlari Robbilaridan mag‘firat va ostlaridan anhorlar oqib turadigan jannatlar bo‘lib, ular unda abadiy qoladilar. Amal qiluvchilar ajri qanday go‘zal!" (Oli Imron: 136)