Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Bugungi kunda islomga mansub ba’zi jamoatlar va shaxslarning fikrlashi xuddi tovuq boqayotgan kishining fikrlashiga o‘xshaydi. Tovuq boqmoqchi bo‘lgan odam: — “Tovuq kuniga bittadan tuxum qo‘yadi, bu tuxumlardan jo‘jalar chiqadi, har biri yana tuxum beradigan tovuq yoki xo‘roz bo‘ladi. Bir yil ichida faloncha tovuq yig‘ilarkan, katta daromad kelar ekan” — deb xayol qiladi va quvonib, tovuq fermasi ochadi. Lekin bechora hisobga olmaydi: gohida bir kasallik kelib, bir yil jamlagan hamma tovuqlari bir kunda qirilib ketishi, yoki bir bo‘ri, tulki kirib hammasini yakson qilib tashlashi mumkin. Bundan tashqari yana boshqa ofatlar ham bor. Ammo u bularni hisobdan chiqarib qo‘yadi! Bugun musulmonlarning ayrimlari ham xuddi shunday o‘ylashadi. Ba’zilar: “Islomni tarqatishda islomiy advokatlar, islomiy militsiya xodimlari, islomiy tabiblar, islomiy siyosatchilar, deputatlar va hokazolar bo‘lsa, islom o‘z-o‘zidan tarqalib rivoj topadi” — deya gumon qiladilar. Yana ba’zilar bundan-da xom xayol qilib: “Yevropada va Amerikada har soatda faloncha odam islomga kirmoqda, shu ketishda falon yilda butun Yevropa va Amerika musulmon bo‘lib ketadi” — deydilar. Lekin unutilayotgan taraf shuki: qandayki tovuqqa balo kelganidek, odamlarga ham balo kelishi mumkin. Shayton inson va shayton jinnilar bir kunda butun jamiyatga iflos aqidalarini yoyib, yig‘ilgan barcha mehnat va sarmoyani bir pul qilib qo‘yishi hech gap emas! Demak, faqat kadrlar tayyorlash bilan ish bitmaydi. Ularni ofatlardan himoya qilish rejasi ham bo‘lishi zarur. Aks holda, bu kadrlar tayyor bo‘lsa ham, oxir-oqibat bo‘riga yem bo‘lib ketadi!