Yuklanmoqda…
Yuklanmoqda…
Sahobiy Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlardan keyin fitnalar keladi. Unda mol-dunyo ko‘payadi va Qur’onlar ochilib, hatto mo‘min ham, munofiq ham, erkak ham, ayol ham, yosh ham, katta ham, qullar ham, hurlar ham — hamma Qur’on o‘qiydi! So‘ngra bir kishilar chiqib: ‘Men shuncha Qur’on o‘qiyapman, nega menga odamlar ergashmayapti?! Ularga boshqacha yangilik kiritmasam bo‘lmaydi!’ — deb yangi bid’at chiqaradi. Ana shu bid’atidan ogoh bo‘linglar! Albatta, u zalolatdir! Yana men sizlarni hakim (hikmatli) odamning qoqilishidan ogohlantiraman! Chunki shayton gohida hikmatli odamning so‘ziga zalolat kalimasini tashlaydi. Ba’zan esa munofiq haq gapni gapiradi.” Roviy aytadi: “Men Muozga aytdim: Alloh sizga rahm qilsin! Hakim insonning so‘ziga shayton zalolat qo‘shganini va munofiqning haqni gapirayotganini men qayerdan bilaman?” Muoz aytdilar: “Hakimning shubhali bo‘lib, hamma tarafga tarqalib ketadigan, odamlar ‘Bu nimasi?’ deb taajjub qiladigan so‘zlaridan bilasan. Ya’ni shunday so‘zlari bor-ki, shayton uni og‘ziga tashlab gapirtiradi. Ammo bu narsa seni hakimdan butunlay uzoqlashtirib qo‘ymasin! Chunki u ehtimol tavba qiladi va sen uning so‘zidan haqni toparsan. Albatta, haqning ustida nur bo‘ladi!” (Imom Abu Dovud rivoyati, 4611 — mavquf sahih asar; Imom Lalikaiy, “Usul al-e‘tiqod”, 116) Izoh: Bugungi kunda odamlarning muammolarining yechimi mana shu asarda yotadi. Kishilar ahli ilmlarning xatolarini kavlab, shayton ularning tilidan chiqarib yuborgan biror xato so‘zni eshitib olib, ularga umrbod qarshi bo‘lib qoladilar. Natijada kimdan ilm olishni bilmay, dovdirab qoladilar va oxir-oqibat bir munofiqni topib oladilar. Shayton gohida munofiqqa haq gapni ayttiradi, toki uni odamlarga ishonchli qilib ko‘rsatib, haqiqiy hakimlardan burib qo‘yish uchun! Yoki hovlisidan xatmu Qur’on xona ochib olgan bir qoriga ergashib, undan ham battar zalolatga botib yuraveradilar. Shuning uchun Muoz roziyallohu anhuning so‘zlarini bir necha marta takror o‘qing! Chunki unda bugungi fitnalar davriga hamon kuchli ibrat va ogohlantirish bor.