Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...
Ramazon kunlaridan birida bomdod namozidan keyin uxlab qoldim va ehtilom bo‘lib, maniy chiqdi. Bu holat mening nazoratimdan tashqarida yuz berdi. Agar o‘sha kuni ro‘zani davom ettirib, kunni ro‘zador holatda yakunlasam, ro‘zam qabul bo‘ladimi? Ikkinchi savol: Bu turdagi tushlar iblisdandir, lekin u Ramazonda zanjirband qilingan-ku (unda qanday qilib ehtilom bo‘ldim)?
Ehtilom ro‘zani ochadimi?
Ramazon kunduzida ehtilom bo‘lish ro‘zani buzmaydi, chunki bu insonning ixtiyori va toqatidan tashqari ishdir va kishi uni to‘xtata olmaydi. Alloh azza va jalla aytadi:
﴿لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا﴾
«Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga buyurmaydi» (Baqara: 286).
Ibn Qudoma shunday degan: «Agar ehtilom bo‘lsa, ro‘zasi buzilmaydi, chunki bu uning ixtiyorisiz sodir bo‘lgan. Bu xuddi uxlayotganida tomog‘iga biror narsa kirib ketganiga o‘xshaydi», iqtibos tugadi («Mug‘niy», 3/22).
Doimiy Qo‘mitadan Ramazon kunduzida ehtilom bo‘lgan kishi haqida so‘raldi, ular shunday javob berdilar:
«Kim ro‘zador yoki haj va umraga ehrom bog‘lagan holda ehtilom bo‘lsa, unga gunoh ham, kafforat ham yo‘q va bu uning ro‘zasiga ta’sir qilmaydi. Agar maniy chiqargan bo‘lsa, unga janobatdan g‘usl qilish vojib bo‘ladi» (Doimiy Qo‘mita fatvolari, 10/274).
Ehtilom – bu: «uyquda jinsiy aloqani ko‘rish».
Bu Alloh odamlarni – erkak va ayollarni – yaratgan fitriy narsalardandir.
عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ أُمِّ الْمُؤْمِنِينَ أَنَّهَا قَالَتْ: «جَاءَتْ أُمُّ سُلَيْمٍ امْرَأَةُ أَبِي طَلْحَةَ إِلَى رَسُولِ اللهِ ﷺ فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ اللهَ لَا يَسْتَحْيِي مِنَ الْحَقِّ، هَلْ عَلَى الْمَرْأَةِ مِنْ غُسْلٍ إِذَا هِيَ احْتَلَمَتْ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: نَعَمْ، إِذَا رَأَتِ الْمَاءَ».
Mo‘minlarning onasi Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Abu Talhaning ayoli Ummu Sulaym Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, Alloh haqdan hayo qilmaydi. Agar ayol kishi ehtilom bo‘lsa, unga g‘usl lozimmi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, agar suvni ko‘rsa», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 282; Sahihi Muslim, 313).
Ehtilomdan murod – uxlayotgan kishining jinsiy aloqani tasavvur qilishidir.
...
«Tush shaytondandir» hadisining ma’nosi
Imom Buxoriy oʻz sahihida rivoyat qilgan hadisda:
أَنَّ أَبَا قَتَادَةَ الْأَنْصَارِيَّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ ﷺ وَفُرْسَانِهِ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ ﷺ يَقُولُ: «الرُّؤْيَا مِنَ اللهِ، وَالحُلْمُ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَإِذَا حَلَمَ أَحَدُكُمُ الْحُلُمَ يَكْرَهُهُ فَلْيَبْصُقْ عَنْ يَسَارِهِ، وَلْيَسْتَعِذْ بِاللهِ مِنْهُ، فَلَنْ يَضُرَّهُ».
Abu Qatoda Ansoriy (u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan va suvoriylaridan edi) aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Yaxshi tush Allohdan, yomon tush shaytondandir. Birortangiz o‘zi yoqtirmagan yomon tushni ko‘rsa, chap tomoniga tuflasin va un(ing yomonligi)dan Allohning panohini tilasin, shunda unga aslo zarar qilmaydi», deganlarini eshitdim» (Sahihi Buxoriy, 7005; Sahihi Muslim, 2261). Bundan maqsad shayton bunga undagan yoki sabab bo‘lgan degani emas.
Jinlarning itoatsizlari Ramazonda zanjirband qilinishi shaytonlarning vasvasa qilish va yomonlikka buyurishdan to‘xtashini anglatmaydi, lekin bu Ramazonda boshqa oylarga qaraganda kamroq bo‘ladi. Buning ta’siri seziladi va kuzatiladi.
Ibn Hajar dedi: «Yomon tushning shaytonga nisbat berilishi, u sodiq tushdan farqli o‘laroq, shaytonning yolg‘onchilik, qo‘rqitish va shu kabi xislatlariga mos kelgani uchundir. Sodiq tush esa, ulug‘lash ma’nosida Allohga nisbat beriladi, vaholanki, barcha narsa Alloh tomonidan yaratilgan va taqdir qilingandir...», iqtibos tugadi («Fathul Boriy», 12/393).
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid.