Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...
E’tikofning savobi qanday?
Birinchidan:
E’tikof mashru’dir va Alloh jalla va a’loga yaqinlashtiruvchi amaldir. 48999-raqamli savolga murojaat qiling.
Agar bu sobit bo‘lsa, nafl ibodatlar bilan Alloh taologa yaqinlashishga targ‘ib qiluvchi ko‘plab hadislar kelgan. Bu hadislar o‘z umumiyligi bilan barcha ibodatlarni, jumladan, e’tikofni ham o‘z ichiga oladi.
Bu hadislardan biri Alloh subhanahu va taoloning hadisi qudsiydagi so‘zidir:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: إِنَّ اللهَ قَالَ: «مَنْ عَادَى لِي وَلِيًّا فَقَدْ آذَنْتُهُ بِالْحَرْبِ، وَمَا تَقَرَّبَ إِلَيَّ عَبْدِي بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيَّ مِمَّا افْتَرَضْتُ عَلَيْهِ، وَمَا يَزَالُ عَبْدِي يَتَقَرَّبُ إِلَيَّ بِالنَّوَافِلِ حَتَّى أُحِبَّهُ، فَإِذَا أَحْبَبْتُهُ كُنْتُ سَمْعَهُ الَّذِي يَسْمَعُ بِهِ، وَبَصَرَهُ الَّذِي يُبْصِرُ بِهِ، وَيَدَهُ الَّتِي يَبْطُشُ بِهَا، وَرِجْلَهُ الَّتِي يَمْشِي بِهَا، وَإِنْ سَأَلَنِي لَأُعْطِيَنَّهُ، وَلَئِنِ اسْتَعَاذَنِي لَأُعِيذَنَّهُ»
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh shunday deydi: «Kim Mening valiyimga dushmanlik qilsa, Men unga urush e’lon qilaman. Bandam unga farz qilgan narsalarimdan ko‘ra suyukliroq narsa bilan Menga yaqinlashmaydi. Bandam Menga nafllar bilan yaqinlashaveradi va nihoyat Men uni yaxshi ko‘rib qolaman. Qachon Men uni yaxshi ko‘rsam, uning eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, ushlaydigan qo‘li, yuradigan oyog‘i bo‘laman. Mendan so‘rasa, unga albatta berajakman. Mendan panoh tilasa, uni albatta panohimga olajakman» (Sahihi Buxoriy, 6502).
Ikkinchidan:
E’tikofning fazilati va unga beriladigan savoblar haqida bir qancha hadislar rivoyat qilingan, biroq ularning barchasi zaif yoki to‘qimadir.
Imom Abu Dovud aytadi: «Men Ahmaddan (ya’ni, Imom Ahmad ibn Hanbaldan): «E’tikofning fazilatlari borasida biror hadis bilasizmi?» – deb so‘radim. U zot: «Yo‘q, zaif hadislardan boshqa hech narsa bilmayman», – deb javob berdilar». Iqtibos tugadi («Masoil Abi Dovud», 96-bet).
Quyida o‘sha hadislardan ba’zilarini keltiramiz:
1. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam e’tikof o‘tirgan kishi haqida shunday deganlar: «E’tikof gunohlardan man etadi va unga barcha yaxshi amallarni qilgan kishiniki kabi savoblar yoziladi» (Ibn Moja, 1781; «Zaif Ibn Moja»da zaif deyilgan).
2. Tabaroniy, Hokim va Bayhaqiylar rivoyat qilib, zaif deb baholagan hadisda Ibn Abbosdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kim Allohning Yuzini istab bir kun e’tikof o‘tirsa, Alloh u bilan do‘zax o‘rtasida uchta xandaq paydo qiladiki, ular orasidagi masofa ikki ufq oralig‘idan ham kengroq bo‘ladi» (Bu hadis ham «Silsilati zaifa» asari 5345-raqam ostida zaif deb baholangan. Ikki ufq – mashriq va mag‘ribdir.
3. Daylamiy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kim iymon bilan va savob umidida e’tikof o‘tirsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi». («Zaiful-jome’» asari, 5442-raqam ostida zikr qilinib, zaif deyilgan).
4. Bayhaqiy rivoyat qilib, zaif degan hadisda Husayn ibn Ali roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, u zot shunday deganlar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kim Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirsa, bu ikki haj va ikki umraga teng bo‘ladi». (Bu hadisni «Silsilatuz-zaifa» muallifi, 518-raqam ostida zikr qilib, «to‘qima hadis» degan).
Alloh bilguvchiroqdir.