وَعَنِ الْأَشْعَثِ بْنِ قَيْسٍ - رضى الله عنه - أَنَّ رَسُولَ اَللَّهِ - صلى الله عليه وسلم -قَالَ: { "مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ, يَقْتَطِعُ بِهَا مَالَ امْرِئٍ مُسْلِمٍ, هُوَ فِيهَا فَاجِرٌ, لَقِيَ اَللَّهَ وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ } مُتَّفَقٌ عَلَيْه ِ 1 .
Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ: «Kim — yolgʻon ekanini bila turib — bir musulmon kishining molini (nohaq) oʻzlashtirib olish uchun (qasddan) qasam ichsa, Allohga, U Zot oʻziga gʻazabnok holda yoʻliqadi», dedilar. (Roviy) dedi: Shunda al-Ashʼas ibn Qays kirib: «Abu Abdurahmon (Abdulloh) sizlarga nima hadis aytyapti?» dedi. Ular: «Shunday-shunday», dedilar. U: «Abu Abdurahmon rost (aytdi); (bu) mening haqimda nozil boʻlgan. Men bilan bir kishi orasida Yamanda (bir parcha) yer (nizosi) bor edi. Men u bilan Paygʻambar ﷺ ga (daʼvolashib) shikoyat qildim. (Paygʻambar): ‹Senda bayyina (dalil-guvoh) bormi?› dedilar. Men: ‹Yoʻq›, dedim. (Paygʻambar): ‹Unday boʻlsa, uning qasami (hal qiladi)›, dedilar. Men: ‹Unday boʻlsa, u (yolgʻon) qasam ichadi-ku›, dedim. Shunda Rasululloh ﷺ shu (payt)da: ‹Kim — yolgʻon ekanini bila turib — bir musulmon kishining molini (nohaq) oʻzlashtirib olish uchun qasam ichsa, Allohga, U Zot oʻziga gʻazabnok holda yoʻliqadi›, dedilar», dedi. Shunda {Albatta Allohning ahdini va (oʻz) qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar...} — oyatning oxirigacha — (oyati) nozil boʻldi.