وَرَوَاهُ أَبُو هُرَيْرَة مَعَ اخْتِلَافٍ وَفِيهِ: " وَإِذَا رَأَيْتَ الْحُفَاةَ الْعُرَاةَ الصُّمَّ الْبُكْمَ مُلُوكَ الْأَرْضِ فِي خَمْسٍ لَا يَعْلَمُهُنَّ إِلَّا اللَّهُ. ثُمَّ قَرَأَ: (إِنَّ اللَّهَ عِنْدَهُ عِلْمُ السَّاعَةِ وَيُنَزِّلُ الْغَيْثَ) الْآيَة
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ: «Mendan soʻranglar», dedilar. Ammo (sahobalar) U Zotdan soʻrashga (uyalib) qoʻrqdilar. Shunda bir kishi kelib, U Zotning tizzalari yoniga oʻtirdi-da: «Ey Allohning Rasuli, Islom nima?» dedi. (Rasululloh): «Allohga hech narsani sherik qilmasliging, namozni toʻkis ado etishing, zakot berishing va Ramazon roʻzasini tutishingdir», dedilar. (U): «Rost aytding», dedi. (U): «Ey Allohning Rasuli, iymon nima?» dedi. (Rasululloh): «Allohga, Uning farishtalariga, kitobiga, (Unga) roʻbaroʻ boʻlishga, paygʻambarlariga iymon keltirishing, qayta tirilishga iymon keltirishing va qadarning barchasiga iymon keltirishingdir», dedilar. (U): «Rost aytding», dedi. (U): «Ey Allohning Rasuli, ehson nima?» dedi. (Rasululloh): «Allohdan goʻyo Uni koʻrib turgandek qoʻrqishingdir; chunki sen Uni koʻrmasang ham, U seni koʻrib turibdi», dedilar. (U): «Rost aytding», dedi. (U): «Ey Allohning Rasuli, (qiyomat) Soati qachon qoyim boʻladi?» dedi. (Rasululloh): «Bu haqida soʻralgan (kishi) soʻrovchidan koʻra bilimliroq emas; men senga uning alomatlari haqida aytaman: ayol oʻz xojasini tugʻayotganini koʻrsang — bu uning alomatlaridan; yalangoyoq, yalangʻoch, kar va soqovlar (johillar) yer yuzining podshohlari boʻlganini koʻrsang — bu uning alomatlaridan; qoʻy-echki boquvchilar bino (qurish)da bir-biridan oʻzib ketayotganini koʻrsang — bu uning alomatlaridan. (Bular) gʻaybga (oid) beshta (narsa) ichidaki, ularni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi», dedilar. Soʻng {Albatta (qiyomat) Soati (haqidagi) ilm Allohning huzuridadir; yomgʻirni U yogʻdiradi va bachadonlardagi narsani U biladi. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmaydi va hech bir jon qaysi yerda oʻlishini bilmaydi. Albatta Alloh Biluvchi, Ogohdir} (oyatini) oʻqidilar. (U) dedi: Soʻng u kishi oʻrnidan turdi. Rasululloh ﷺ: «Uni menga qaytaringlar», dedilar. (Uni) qidirildi, ammo topa olmadilar. Shunda Rasululloh ﷺ: «Bu Jibril edi — sizlar soʻramaganingizda, sizlarga (din)ni oʻrgatishni xohladi», dedilar.