وَعَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسلم: «من بَايَعَ إِمَامًا فَأَعْطَاهُ صَفْقَةَ يَدِهِ وَثَمَرَةَ قَلْبِهِ فَلْيُطِعْهُ إِنِ اسْتَطَاعَ فَإِنْ جَاءَ آخَرُ يُنَازِعُهُ فاضربوا عنق الآخر» . رَوَاهُ مُسلم
Abdulloh ibn Amr ibn al-Os (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: «Biz bir safarda Rasululloh ﷺ bilan birga edik. Bir manzilga tushdik. Bizdan baʼzimiz chodirini tuzatardi, baʼzimiz ot otib (mergonlik) musobaqasi qilardi, baʼzimiz chorvasi bilan mashgʻul edi. Shu payt Rasulullohning ﷺ jarchisi: ‹Namozga jamoa boʻlinglar!› — deb chaqirdi. Shunda biz Rasulullohning ﷺ huzuriga toʻplandik. U zot dedilar: «Mendan oldin oʻtgan har bir paygʻambarning zimmasida ummatini ular uchun oʻzi bilgan eng yaxshi narsaga yoʻllash va ular uchun oʻzi bilgan eng yomon narsadan ogohlantirish (vazifasi) bor edi. Albatta, sizlarning bu ummatingizning ofiyati (salomatligi) uning avvaliga qoʻyilgan, oxiriga esa balo va sizlar inkor qiladigan ishlar yetadi. (Bir) fitna keladi, uning baʼzisi baʼzisini yengillashtiradi; (yana) fitna keladi, moʻmin: ‹Bu meni halok qiladi›, — deydi. Soʻng u (fitna) koʻtariladi, (yana) fitna keladi, moʻmin: ‹Mana shu, mana shu (meni halok qiladi)!› — deydi. Kim doʻzaxdan uzoqlashtirilishni va jannatga kirishni xohlasa, ajali Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan holida kelsin va odamlarga oʻziga muomala qilinishini istagan narsasi bilan muomala qilsin. Kim bir imomga bayʼat qilib, unga qoʻlini berib, qalbi mevasini (samimiyatini) bersa, kuchi yetguncha unga itoat qilsin. Agar boshqa bir kishi (xalifalikni) talashib kelsa, u boshqasining boʻynini uringlar!» Men unga yaqinlashib: «Senga Alloh haqqi (qasam), buni Rasulullohdan ﷺ oʻzing eshitdingmi?» — dedim. Shunda u ikki qoʻli bilan ikki qulogʻiga va qalbiga ishora qilib: «Uni ikki qulogʻim eshitdi va qalbim yodlab oldi», — dedi. Men unga: «Mana shu amakingning oʻgʻli Muoviya bizni mol-mulkimizni oʻzaro nohaq yeyishimizga va oʻzimizni oʻldirishimizga buyuryapti. Holbuki Alloh: {Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizning mol-mulkingizni oʻzaro nohaq yemanglar, magar oʻzaro rozilik bilan boʻlgan savdo-sotiq boʻlsa (mustasno). Va oʻzlaringizni (bir-biringizni) oʻldirmanglar. Albatta Alloh sizlarga rahmlidir} (Niso 29), — deyapti-ku», — dedim. U bir muddat jim qoldi, soʻng: «Allohga itoatda unga itoat qil, Allohga maʼsiyatda esa unga (boʻysunmay) osiy boʻl», — dedi.