وَعَنِ ابْنِ عُمَرَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنَّمَا يَلْبَسُ الْحَرِيرَ فِي الدُّنْيَا مَنْ لَا خَلَاقَ لَهُ فِي الْآخِرَة»
Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: U: «Umar Atorid at-Tamimiyning bozorda ipak chiziqli bir hulla (kiyim)ni sotuvga qoʻyganini koʻrdi — u podshohlar huzuriga borib turadigan va ulardan (sovgʻa) oladigan kishi edi — shunda Umar: ‹Yo Rasululloh! Men Atoridning bozorda ipak chiziqli bir hulla sotuvga qoʻyganini koʻrdim. Uni sotib olib, sizning huzuringizga arab elchilari kelganda kiysangiz (yaxshi boʻlardi)›, dedi» — (rivoyatchi) deydi: Menimcha, u: «Va uni juma kuni kiysangiz», ham dedi — «shunda Rasululloh ﷺ unga: ‹Bu dunyoda ipakni faqat oxiratda nasibasi yoʻq kishi kiyadi›, dedilar. Shundan keyin Rasululloh ﷺ ga ipak chiziqli hullalar keltirildi. U zot Umarga bir hulla, Usoma ibn Zaydga bir hulla yubordilar va Ali ibn Abu Tolibga ham bir hulla berib: ‹Buni boʻlak-boʻlak qilib, ayollaringga roʻmol qilib ber›, dedilar. (Rivoyatchi) deydi: Umar hullasini koʻtarib kelib: ‹Yo Rasululloh! Kecha Atorid hullasi haqida shularni aytgan boʻla turib, buni menga yuboribsiz›, dedi. U zot: ‹Men buni senga kiyishing uchun yuborgan emasman, balki uni sotib (foyda) olishing uchun yuborganman›, dedilar. Usomaga kelsak, u hullasini kiyib chiqdi. Rasululloh ﷺ unga shunday bir nazar bilan qaradilarki, u (Usoma) Rasululloh ﷺ qilgan ishini maʼqul koʻrmaganlarini fahmladi-da: ‹Yo Rasululloh! Nega menga bunday qarayapsiz? Axir buni menga oʻzingiz yuborgan edingiz-ku›, dedi. U zot: ‹Men buni senga kiyishing uchun yuborgan emasman, balki uni boʻlak-boʻlak qilib ayollaringga roʻmol qilib berishing uchun yuborganman›, dedilar», dedi.