Muhammad ibn Jubayr ibn Mutʼim otasidan, u esa bobosi (
Jubayr ibn Mutʼim — roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. U dedi: Rasululloh ﷺ ning huzurlariga bir aʼrobiy (badaviy) kelib: «Yo Rasululloh, jonlar tashvishga tushdi, oilalar och qoldi, mol-mulklar tugadi, chorvalar halok boʻldi. Biz uchun Allohdan yomgʻir soʻrang, zero biz Allohga (yetishish uchun) sizni shafoatchi qilamiz va sizga (yetishish uchun) Allohni shafoatchi qilamiz» dedi. Rasululloh ﷺ: «Shoʻring qursin, nima deyotganingni bilasanmi?» dedilar va Rasululloh ﷺ Allohni poklab tasbeh aytdilar va shu darajada tasbeh aytishda davom etdilarki, hatto buning (alomati) sahobalarining yuzlarida bilinib qoldi. Soʻng dedilar: «Shoʻring qursin, Allohni Uning maxluqotlaridan birortasiga shafoatchi qilib boʻlmaydi. Allohning shaʼni bundan ulugʻroqdir. Shoʻring qursin, Alloh kimligini bilasanmi? Albatta, Uning Arshi osmonlari ustida mana shunaqadir», — deb barmoqlari bilan uning ustidagi gumbazga oʻxshatib koʻrsatdilar, — «Va albatta, u (Arsh) ot egari uning ustidagi suvori sababli gʻijirlaganidek, U sababli gʻijirlaydi.» Ibn Bashshor oʻz rivoyatida: «Albatta, Alloh Arshining ustidadir, Arshi esa osmonlarining ustidadir» dedi va hadisni davom ettirdi. Abdulaʼlo, Ibn Musanno va Ibn Bashshor (buni) Yaʼqub ibn Utba va Jubayr ibn Muhammad ibn Jubayrdan, u otasidan, u bobosidan (deb) rivoyat qildilar. Abu Dovud aytdi: bu hadis Ahmad ibn Saidning isnodi bilan rivoyat qilingani sahihdir. Unga (bu fikrda) bir jamoa muvofiq boʻlgan, ular orasida Yahyo ibn Maʼin va Ali ibn al-Madiniy bor. Uni
Ibn Ishoqdan bir jamoa ham, Ahmad aytganidek, rivoyat qilgan. Menga yetishicha, Abdulaʼlo, Ibn Musanno va Ibn Bashshor (buni) bitta nusxadan eshitgan edilar.