Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Abu Jahl: «Muhammad oranglarda yuzini (yerga) tekkizib sajda qiladimi?» dedi. Unga: «Ha», deyildi. Shunda u: «Lot va Uzzo haqi! Agar uni shuni qilayotganini koʻrsam, albatta boʻyniga oyogʻimni qoʻyaman yoki yuzini tuproqqa botiraman», dedi. Soʻng u Rasululloh ﷺ namoz oʻqiyotgan paytlarida u zotning boʻyinlariga oyogʻini qoʻymoqchi boʻlib keldi. Lekin ularni faqat (Abu Jahlning) tovonlari uzra orqaga tisarilib, qoʻllari bilan (oʻzini) himoya qilayotgan holda koʻrishdi. Unga: «Senga nima boʻldi?» deyildi. U: «Men bilan uning orasida olovdan boʻlgan bir xandaq, dahshat va qanotlar bor edi», dedi. Shunda Rasululloh ﷺ: «Agar u menga yaqinlashganida edi, farishtalar uni aʼzo-aʼzo qilib uzib tashlagan boʻlardilar», dedilar. Soʻng Alloh azza va jalla nozil qildi —
Abu Hurayraning hadisidami yoki unga boshqa joydan yetgan narsami, bilmaymiz: «Yoʻq! Albatta inson tugʻyon qiladi, oʻzini boy (beparvo) deb bilgani uchun. Albatta qaytish Robbingadir. Bir bandani namoz oʻqiganida toʻsayotgan kimsani koʻrdingmi? Aytgin-chi, agar u toʻgʻri yoʻlda boʻlsa yoki taqvoga buyursa?! Aytgin-chi, agar u (yolgʻonga chiqarsa va yuz oʻgirsa)» — yaʼni Abu Jahl — «Alloh koʻrib turishini bilmasmidi?! Yoʻq! Agar (bu ishidan) qaytmasa, albatta (uni) peshona sochidan tutib (doʻzaxga) sudraymiz — yolgʻonchi, xato qiluvchi peshona sochidan. Bas, u oʻz toʻdasini chaqirsin! Biz ham zaboniya (doʻzax farishtalari)ni chaqiramiz. Yoʻq! Unga itoat etma!» (Alaq 6-19). Ubaydulloh oʻz hadisida ushbu (qoʻshimchani) qildi: Va uni buyurilgan narsaga (sajdaga) buyurdi. Ibn Abdulaʼlo esa: ‹u oʻz toʻdasini chaqirsin› — yaʼni oʻz qavmini (chaqirsin) degani, deb qoʻshimcha qildi.