Saʼd Xandaq kuni (jarohatga) uchradi — Qurayshdan Hibbon ibnul-Ariqa deb ataladigan bir kishi uni (oʻq bilan) otdi, uni akhal (qoʻl tomiri)dan urdi. Paygʻambar ﷺ uni yaqindan yoʻqlab turish uchun masjidda bir chodir oʻrnatdilar. Rasululloh ﷺ Xandaqdan qaytib, qurolni qoʻyib gʻusl qilganlarida, Jibril (alayhissalom) — u zot boshlaridan changni qoqayotgan holda — kelib: «Sen qurolni qoʻyding(mi)? Allohga qasamki, men uni qoʻymadim. Ularga (qarshi) chiq», dedi. Paygʻambar ﷺ: «Qayoqqa?» dedilar. U Bani Qurayzaga ishora qildi. Rasululloh ﷺ ularning oldiga keldilar, ular u zotning hukmiga (boʻysunib) tushdilar. U zot hukmni Saʼdga qaytardilar. U (Saʼd): «Men ular haqida shunday hukm qilamanki: jangchilari oʻldirilsin, ayollari va zurriyot (bola-chaqa)lari asir olinsin va mol-mulklari taqsimlansin», dedi. Hishom otasidan, u
Oishadan (rivoyat qildi)ki, Saʼd: «Allohim, Sen bilasanki, menga, Sening yoʻlingda Rasulingni ﷺ yolgʻonchi qilib, uni (yurtidan) chiqargan bir qavmga (qarshi) jihod qilishdan koʻra suyukliroq narsa yoʻq. Allohim, men gumon qilamanki, Sen biz bilan ular orasidagi urushni tugatding (qoʻyding). Agar Quraysh (bilan boʻladigan) urushdan biror narsa qolgan boʻlsa, meni shu(ning uchun) tirik qoldir, Sening yoʻlingda ularga jihod qilay. Agar Sen urushni tugatgan boʻlsang, uni (jarohatimni) yana ochib (oqizib), oʻlimimni shunda qil», dedi. Shunda (jarohat) uning labba (boʻyin osti)sidan otilib (yorilib) ketdi. Masjidda Bani Gʻifordan boʻlgan bir chodir(dagilar)ni — ularga qon oqib kelguniga qadar — hech narsa choʻchitmadi (xabarsiz edilar). Ular: «Ey chodir ahli, bizga sizning tomoningizdan kelayotgan bu (qon) nima?» deyishdi. Birdan Saʼdning jarohati qon oqizib turardi. U shundan (jarohatdan) vafot etdi, roziyallohu anhu.