Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi:
Saʼd ibn Hishom ibn
Omir Alloh yoʻlida gʻazot qilishni niyat qildi. U Madinaga keldi va u yerdagi mol-mulkini sotib, (uning puliga) qurol-yarogʻ va ot olib, oʻlgunigacha rumliklarga qarshi jihod qilishni istadi. Madinaga kelganida madinaliklardan baʼzi kishilar bilan uchrashdi, ular esa uni bu (niyat)dan qaytarib, oltita kishi Allohning Paygʻambari ﷺ hayotlik chogʻida shu (ishni) niyat qilganlarini va Allohning Paygʻambari ﷺ ularni undan qaytarib: «Sizlar uchun menda (oʻrnak boʻladigan) namuna yoʻqmi?» — deganlarini unga aytishdi. Ular buni unga soʻzlab berishgach, u (Saʼd) taloq qilgan xotiniga qaytdi va uni qaytarib olganiga guvohlar keltirdi. Soʻngra
Ibn Abbosning oldiga kelib, undan Rasululloh ﷺ ning vitri haqida soʻradi.
Ibn Abbos: «Rasululloh ﷺ ning vitri haqida yer yuzidagi eng biluvchi kishini koʻrsataymi?» — dedi. U: «U kim?» — dedi. (
Ibn Abbos): «U
Oisha. Uning oldiga borib, undan soʻragin, soʻng mening oldimga kelib, uning senga bergan javobini menga xabar qil», — dedi. Men uning oldiga joʻnab, Hakim ibn Aflahning oldiga keldim va undan meni uning oldiga olib borishini soʻradim. U: «Men uning oldiga yaqinlashmayman, chunki men uni mana shu ikki guruh (fitnasi) haqida bir narsa demaslikka man qilgan edim, u esa ularda (oʻz fikrida) davom etishdan boshqa narsani rad etdi», — dedi. (Saʼd) dedi: Men unga qasam ichirdim, shunda u keldi va biz
Oishaning oldiga joʻnadik. Biz undan (kirishga) ruxsat soʻradik, u bizga ruxsat berdi, biz uning oldiga kirdik. U: «Hakimmisan?» — dedi va uni tanidi. U: «Ha», — dedi. (
Oisha): «Sen bilan birga kim bor?» — dedi. U: «
Saʼd ibn Hishom», — dedi. (
Oisha): «Qaysi Hishom?» — dedi. U: «Ibn
Omir», — dedi. Shunda (
Oisha) unga rahmat soʻradi va yaxshi (gap) aytdi.
Qatoda: «U Uhud kuni (shahid) boʻlgan edi», — dedi. Men: «Yo moʻminlarning onasi! Menga Rasululloh ﷺ ning axloqlari haqida xabar bergin», — dedim. U: «Qurʼon oʻqimaysanmi?» — dedi. Men: «Albatta (oʻqiyman)», — dedim. U: «Darhaqiqat, Allohning Paygʻambari ﷺ ning axloqlari Qurʼon edi», — dedi. (Saʼd) dedi: Men turib ketib, oʻlgunimcha hech kimdan hech narsa soʻramaslikka ahd qildim, soʻng menga (yana savol) koʻrindi va: «Menga Rasululloh ﷺ ning (tungi) namozlari haqida xabar bergin», — dedim. U: «{Yo, (kiyimga) burkanib olgan!} (Muzzammil 1) ni oʻqimaysanmi?» — dedi. Men: «Albatta», — dedim. U: «Darhaqiqat, Alloh azza va jalla shu suraning boshida tun namozini farz qildi, shunda Allohning Paygʻambari ﷺ va sahobalari bir yil davomida (uni) oʻqib turdilar. Alloh bu suraning xotima (oxiri)ni osmonda oʻn ikki oy (nozil qilmay) ushlab turdi, nihoyat Alloh bu suraning oxirida yengillikni nozil qildi va tun namozi farzdan keyin nafl boʻlib qoldi», — dedi. (Saʼd) dedi: Men: «Yo moʻminlarning onasi! Menga Rasululloh ﷺ ning vitri haqida xabar bergin», — dedim. U: «Biz unga misvoki va tahorat suvini hozirlab qoʻyar edik. Alloh kechadan Oʻzi istagan paytda u zotni (uygʻotib) turgizar edi. U zot misvok ishlatib, tahorat qilib, toʻqqiz rakʼat namoz oʻqir, faqat sakkizinchisida oʻtirar, Allohni zikr qilib, Unga hamd aytib, Unga duo qilar, soʻng salom bermay turib (oʻrnidan) qoʻzgʻalar, soʻng turib toʻqqizinchi (rakʼat)ni oʻqir, soʻng oʻtirib, Allohni zikr qilib, Unga hamd aytib, Unga duo qilar, soʻng bizga eshittirib salom berar edi. Salom berganidan keyin oʻtirgan holda ikki rakʼat (yana) oʻqir edi. Mana shu oʻn bir rakʼat, ey oʻgʻilcham! Allohning Paygʻambari ﷺ keksayib, vazni ogʻirlashgach, etti (rakʼat) bilan vitr qilar va (qolgan) ikki rakʼatda avvalgisi kabi qilar edi. Mana shu toʻqqiz (rakʼat), ey oʻgʻilcham! Allohning Paygʻambari ﷺ bir namozni oʻqisalar, unga davom etishni yaxshi koʻrar edilar. Agar tun namozidan uyqu yoki ogʻriq u zotni gʻolib qoʻysa, kunduzi oʻn ikki rakʼat oʻqir edilar. Men Allohning Paygʻambari ﷺ ning butun Qurʼonni bir kechada oʻqiganlarini ham, bir kechani tonggacha namoz oʻqib chiqqanlarini ham, Ramazondan boshqa biron oyni toʻliq roʻza tutganlarini ham bilmayman», — dedi. (Saʼd) dedi: Men
Ibn Abbosning oldiga joʻnab, unga (
Oishaning) hadisini soʻzlab berdim. U: «(
Oisha) rost aytdi. Agar men unga yaqin boʻlganimda yoki uning oldiga kirar boʻlganimda, men uning huzuriga borib, undan ogʻzaki (eshitib) olar edim», — dedi. (Saʼd) dedi: Men: «Agar sen uning oldiga kirmasligingni bilganimda, senga uning hadisini soʻzlab bermas edim», — dedim.