Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Odamlar
Abu Hurayraning atrofidan tarqaldilar. Shunda Shom ahlidan boʻlgan Notil unga: ‹Ey shayx! Bizga Rasululloh ﷺ dan eshitgan bir hadisni aytib ber›, dedi. (
Abu Hurayra): ‹Ha, men Rasululloh ﷺ ning shunday deganlarini eshitganman: Qiyomat kuni odamlardan birinchi boʻlib hukm chiqariladigani shahid boʻlgan kishidir. U keltiriladi va (Alloh) unga Oʻz neʼmatlarini tanitadi, u ham ularni taniydi. (Alloh): «Bu (neʼmatlar) borasida nima qilding?» deydi. U: «Sening (yoʻling) uchun shahid boʻlgunimcha jang qildim», deydi. (Alloh): «Yolgʻon aytding! Sen ‹botir› deyilishi uchun jang qilding, bas, (shunday) deyildi ham», deydi. Soʻng (Alloh) uning haqida amr beradi va u yuztuban sudralib, doʻzaxga tashlanadi. Yana bir kishi — ilm oʻrgangan, uni (boshqalarga) oʻrgatgan va Qurʼon oʻqigan kishi — keltiriladi va (Alloh) unga Oʻz neʼmatlarini tanitadi, u ham ularni taniydi. (Alloh): «Bu borada nima qilding?» deydi. U: «Ilm oʻrgandim, uni oʻrgatdim va Sening (yoʻling) uchun Qurʼon oʻqidim», deydi. (Alloh): «Yolgʻon aytding! Sen ‹olim› deyilishi uchun ilm oʻrganding, ‹u qori› deyilishi uchun Qurʼon oʻqiding, bas, (shunday) deyildi ham», deydi. Soʻng (Alloh) uning haqida amr beradi va u yuztuban sudralib, doʻzaxga tashlanadi. Yana bir kishi — Alloh unga (rizqni) keng qilib bergan va har turdagi moldan ato etgan kishi — keltiriladi va (Alloh) unga Oʻz neʼmatlarini tanitadi, u ham ularni taniydi. (Alloh): «Bu borada nima qilding?» deydi. U: «Sen sarflanishini suygan hech bir yoʻlni qoldirmay, undan Sening (yoʻling) uchun sarfladim», deydi. (Alloh): «Yolgʻon aytding! Sen ‹u saxiy› deyilishi uchun shunday qilding, bas, (shunday) deyildi ham», deydi. Soʻng (Alloh) uning haqida amr beradi va u yuztuban sudraladi, soʻng doʻzaxga tashlanadi›, dedi».