al-Mugʻiyra ibn Shuʼba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Muso Rabbisidan: ‹Jannat ahlining martabasi eng past (quyi)si kim?› deb soʻradi. (Alloh): ‹U — jannat ahli jannatga kiritilganidan keyin keladigan bir kishidir. Shunda unga: «Jannatga kir» deyiladi. U: «Ey Rabbim, qanday (kiray) — odamlar oʻz manzillariga joylashib, oʻz ulushlarini olib boʻlibdilar-ku?» deydi. Shunda unga: «Senga dunyo podshohlaridan bir podshohning mulki kabi (mulk) boʻlishiga rozimisan?» deyiladi. U: «Rozi boʻldim, ey Rabbim» deydi. (Alloh): «Senga shu, va uning oʻxshashi, va uning oʻxshashi, va uning oʻxshashi, va uning oʻxshashi (boʻlsin)» deydi. U beshinchisida: «Rozi boʻldim, ey Rabbim» deydi. Shunda (Alloh): «Bu senga, va uning oʻn baravari (boʻlsin); hamda nafsing istagan va koʻzing lazzatlangan (har) narsa senga (boʻlsin)» deydi. U: «Rozi boʻldim, ey Rabbim» deydi›, dedi. (Muso): ‹Ey Rabbim, ularning martabasi eng yuqorisi-chi?› dedi. (Alloh): ‹Mana oʻshalar — Men (Oʻzim) iroda qilgan (zotlar)dirki, ularning karomatini (sharafini) Oʻz qoʻlim bilan ekdim va uning ustiga muhr bosdim. Bas, (ularga shunday neʼmat tayyorlanganki,) uni na bir koʻz koʻrgan, na bir quloq eshitgan va na bir inson qalbiga kelgan›, dedi», dedi. (Roviy) dedi: Va uning tasdigʻi Alloh azza va jallaning kitobida(dir): {Bas, ular qilayotgan (yaxshi) amallariga mukofot sifatida ular uchun yashirib qoʻyilgan koʻz quvvatlarini (quvonchlarini) hech bir jon bilmas} — oyat.