- عن أبي قتادة رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم: سئل عن صوم يوم الاثنين فقال: "ذلك يوم ولدت فيه، ويوم بعثت أو أنزل علي فيه" ((رواه مسلم)).
Abu Qatoda al-Ansoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ dan oʻzlarining roʻzalari (qanday boʻlgani) toʻgʻrisida soʻralib, shunda Rasululloh ﷺ gʻazablandilar. Shunda Umar: «Biz Allohni Rabb deb, Islomni din deb, Muhammadni Rasul deb, oʻz bayʼatimizni (sodiq) bayʼat deb rozi boʻldik», dedi. (Rovi) dedi: Soʻng u zotdan butun yil (uzluksiz) roʻza tutish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «(Bunday kishi) roʻza ham tutmadi, iftor ham qilmadi», yoki: «Roʻza ham tutgani yoʻq, iftor ham qilgani yoʻq», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng ikki kun roʻza tutib, bir kun iftor qilish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «Bunga kimning kuchi yetadi?» dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng bir kun roʻza tutib, ikki kun iftor qilish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «Qaniydi, Alloh bizga buning uchun kuch-quvvat ato qilsa», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng bir kun roʻza tutib, bir kun iftor qilish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «Bu — birodarim Dovud alayhissalomning roʻzasidir», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng dushanba kuni roʻza tutish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «Bu — men tugʻilgan kun va menga (vahiy) yuborilgan (yoki: menga nozil qilingan) kundir», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng u zot: «Har oydan uch kun (roʻza) va Ramazondan Ramazongacha (roʻza) — butun yil roʻza (tutgan) kabidir», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng Arafa kuni roʻza tutish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «(Bu) oʻtgan yil va keladigan yilning (gunohlariga) kafforat boʻladi», dedilar. (Rovi) dedi: Soʻng Oshuro kuni roʻza tutish toʻgʻrisida soʻraldi. U zot: «(Bu) oʻtgan yilning (gunohlariga) kafforat boʻladi», dedilar. Shuʼbaning rivoyatidagi bu hadisda (rovi) dedi: «Dushanba va payshanba kuni roʻza tutish toʻgʻrisida ham soʻraldi», (deyilgan), ammo biz payshanbani zikr etishni — uni vahm (xato) deb bilganimiz uchun — tilga olmadik.