Amr ibn Abasa as-Sulamiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men johiliyatda boʻlgan paytimda, odamlar zalolatda, ular hech narsa (haq yoʻl) ustida emaslar va butlarga sigʻinmoqdalar, deb oʻylar edim. Soʻng men Makkada bir kishi haqida — u (peygʻambarlik) xabarlarini bermoqda, deb eshitdim. Shunda men ulovimga mindim va uning oldiga keldim. Rasululloh ﷺ oʻsha paytda yashirinib yurardilar, qavmlari u zotga nisbatan dadil (jurʼatli) edilar. Men muloyimlik bilan harakat qilib, nihoyat Makkada u zotning huzuriga kirdim va u zotga: «Sen kimsan?» dedim. U zot: «Men Nabiyman», dedilar. Men: «Nabiy nima?» dedim. U zot: «Meni Alloh yuborgan», dedilar. Men: «Seni nima bilan yuborgan?» dedim. U zot: «Meni qarindoshlik aloqalarini ulash, butlarni sindirish va Allohni yagona deb tanish — Unga hech narsa sherik qilinmasligi (uchun) yubordi», dedilar. Men u zotga: «Bu (ish)da kim sen bilan birga?» dedim. U zot: «Bir hur (ozod kishi) va bir qul», dedilar. (Rovjy) dedi: Oʻsha kunda u zotga iymon keltirganlardan
Abu Bakr va Bilol u zot bilan birga edi. Men: «Men senga ergashaman», dedim. U zot: «Sen bu kuning bilan bunga qodir boʻlolmaysan. Mening holimni va odamlarning holini koʻrmayapsanmi? Lekin ahlingga qayt, qachon mening gʻolib boʻlganimni eshitsang, mening oldimga kel», dedilar. (Amr) dedi: Men ahlimning oldiga ketdim, Rasululloh ﷺ Madinaga keldilar, men esa ahlim ichida edim. U zot Madinaga kelganida men xabarlarni surishtirib, odamlardan soʻray boshladim, nihoyat mening oldimga Yasrib ahlidan — Madina ahlidan bir nechta kishi keldi. Men: «Madinaga kelgan u kishi nima qildi?» dedim. Ular: «Odamlar unga shoshilib (kelmoqdalar), qavmlari uni oʻldirmoqchi boʻldilar, lekin bunga qodir boʻlolmadilar», deyishdi. Shunda men Madinaga keldim va u zotning huzuriga kirdim hamda: «Yo Rasululloh, meni tanidingizmi?» dedim. U zot: «Ha, sen Makkada menga yoʻliqqan kishisan», dedilar. (Amr) dedi: Men: «Ha, shunday», dedim. Soʻng: «Yo Nabiyalloh, Alloh sizga oʻrgatgan, men esa bilmaydigan narsalardan menga xabar bering. Menga namoz haqida xabar bering», dedim. U zot: «Subh namozini oʻqi, soʻng quyosh chiqib koʻtarilgunga qadar namozdan tiyil, chunki u chiqar paytida shaytonning ikki shoxi orasidan chiqadi va oʻsha paytda kofirlar unga sajda qiladilar. Soʻng namoz oʻqi, chunki soʻyani nayza (boʻyiga teng) qisqargunga qadar namozga (farishtalar) guvoh boʻladilar, hozir boʻladilar. Soʻng namozdan tiyil, chunki oʻsha paytda jahannam qizdiriladi. Soʻng (quyoshdan keyingi) soya kelganida namoz oʻqi, chunki namozga guvoh boʻladilar, hozir boʻladilar, toki asrni oʻqiguningcha. Soʻng quyosh botgunga qadar namozdan tiyil, chunki u shaytonning ikki shoxi orasidan botadi va oʻsha paytda kofirlar unga sajda qiladilar», dedilar. (Amr) dedi: Men: «Yo Nabiyalloh, taharat haqida menga ayting», dedim. U zot: «Sizlardan biror kishi taharat suvini yaqinlashtirib (taharat qilar ekan), ogʻzini chayib, burniga suv tortib (qaytarib) chiqarsa, albatta, uning yuzi, ogʻzi va burni xatolari toʻkilib tushadi. Soʻng Alloh buyurganidek yuzini yuvsa, albatta, uning yuzi xatolari soqolining uchlaridan suv bilan toʻkilib tushadi. Soʻng qoʻllarini tirsaklarigacha yuvsa, albatta, qoʻllari xatolari barmoq uchlaridan suv bilan toʻkilib tushadi. Soʻng boshiga masʼh tortsa, albatta, boshi xatolari soch uchlaridan suv bilan toʻkilib tushadi. Soʻng oyoqlarini toʻpiqlargacha yuvsa, albatta, oyoqlari xatolari barmoq uchlaridan suv bilan toʻkilib tushadi. Agar u turib namoz oʻqisa, Allohga hamd aytib, Unga sano aytib, Unga loyiq (sifat)lar bilan Uni ulugʻlab va qalbini Alloh uchun boʻshatsa, albatta, gunohlaridan onasi uni tuqqan kunidagidek (pok) holda qaytadi», dedilar.
Amr ibn Abasa bu hadisni Rasululloh ﷺ ning sahobasi
Abu Umomaga aytib berdi. Shunda
Abu Umoma unga: «Ey
Amr ibn Abasa, nima deyotganingni oʻylab koʻr — bir maqomning oʻzida bu kishiga (shuncha) ato qilinishini (aytyapsanmi)?» dedi. Amr: «Ey
Abu Umoma, men keksaydim, suyagim qaridi, ajalim yaqinlashdi, Allohga va Rasulullohga yolgʻon toʻqishimga hech qanday ehtiyojim yoʻq. Agar men buni Rasululloh ﷺ dan bir marta, yoki ikki marta, yoki uch marta — toki yetti martagacha sanadi — eshitgan boʻlsam edi, uni hech qachon aytmagan boʻlardim, lekin men buni undan ham koʻproq eshitganman», dedi.