Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Muhojirlarning kambagʻallari Rasululloh ﷺ huzuriga kelib: «Boylik egalari yuksak darajalarni va abadiy neʼmatni olib ketdilar», dedilar. (Rasululloh ﷺ): «Bu qanday boʻldi?» dedilar. Ular: «Ular biz oʻqiganday namoz oʻqiydilar, biz tutganday roʻza tutadilar, ammo ular sadaqa beradilar, biz sadaqa bera olmaymiz; ular qul ozod qiladilar, biz qul ozod qila olmaymiz», dedilar. Shunda Rasululloh ﷺ: «Sizlarga shunday bir narsani oʻrgataymi, u bilan oʻzingizdan oʻtib ketganlarga yetib olasizlar va oʻzingizdan keyingilardan oʻzib ketasizlar, sizlar qilgan ishni qilganlardan boshqa hech kim sizlardan afzal boʻlmaydi?» dedilar. Ular: «Albatta, yo Rasululloh!» dedilar. (Rasululloh ﷺ): «Har bir namoz ortidan oʻttiz uch marta tasbeh (Subhanalloh), takbir (Allohu akbar) va tahmid (Alhamdulilloh) aytasizlar», dedilar.
Abu Solih dedi: Soʻng muhojirlarning kambagʻallari yana Rasululloh ﷺ huzuriga qaytib kelib: «Boylik egasi boʻlgan birodarlarimiz biz qilgan ishni eshitib, ular ham xuddi shunday qilibdilar», dedilar. Shunda Rasululloh ﷺ: «Bu Allohning fazlidir, uni Oʻzi xohlagan kishiga beradi», dedilar. Sumay dedi: Men oilamdan baʼzilariga bu hadisni aytib berdim. Shunda u: «Sen adashibsan, balki u (Nabiy ﷺ): ‹Allohga oʻttiz uch marta tasbeh aytasan, Allohga oʻttiz uch marta tahmid aytasan, Allohga oʻttiz uch marta takbir aytasan› deganlar», dedi. Men
Abu Solihning oldiga qaytib, unga buni aytdim. U qoʻlimdan ushlab: «Allohu akbar va subhanalloh va alhamdulilloh, va Allohu akbar va subhanalloh va alhamdulilloh — hammasidan oʻttiz uchtaga yetkazguningcha (shunday aytasan)», dedi.