إِنَّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ يَهْدِيهِمْ رَبُّهُم بِإِيمَـٰنِهِمْ ۖ تَجْرِى مِن تَحْتِهِمُ ٱلْأَنْهَـٰرُ فِى جَنَّـٰتِ ٱلنَّعِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, iymon keltirganlar va yaxshi amallar qilganlarni Robbilari, iymonlari sababli, hidoyatga boshlaydir. Na'iym jannatlaridalar, ostlaridan anhorlar oqib turadir.Албатта, иймон келтирганлар ва яхши амаллар қилганларни Роббилари, иймонлари сабабли, ҳидоятга бошлайдир. Наъийм жаннатларидалар, остларидан анҳорлар оқиб турадир.Alauddin Mansour: Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarni esa iymon-eʼtiqodlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur — noz-neʼmat bogʻlarida ostlaridan daryolar oqib turur.Иймон келтириб, яхши амаллар қилган зотларни эса иймон-эътиқодлари сабабли Парвардигорлари ҳидоят қилур — ноз-неъмат боғларида остларидан дарёлар оқиб турур.
Iymon oʻz sohibini yaxshiliklarga boshlashi zarur. Sohibini yaxshiliklarga boshlagan iymongina iymon hisoblanadi. Boshqasi iymon emas. Iymonga kelib, yaxshi amallar qilganlarni esa, Alloh taoloning Oʻzi doimo hidoyatga yoʻllab turadi.
«Albatta, iymon keltirganlar va yaxshi amallar qilganlarni Robbilari, iymonlari sababli, hidoyatga boshlaydir.»
Ular ana oʻsha hidoyat, iymon va yaxshiliklari tufayli jannatga kiradilar.
«Naʼiym jannatlaridalar, ostlaridan anhorlar oqib turadir.»
Hol-ahvollari yaxshi boʻlganidan, ogʻizlaridan ham doimo yaxshi duolar chiqadi. Ularning duosi–chaqirigʻi oʻzlarini shu darajaga yetkazgan Robbilarini poklab yod etishdir:
«U yerdagi duolari: «Ey, bor Xudoyo, Seni poklab yod etamiz»dir».
Undoq saodatmand bandalarning jannatdagi bir-birlari bilan soʻrashishlari ham oʻziga xosdir:
«U yerdagi salomlashishlari «as-Salom»dir».
Iymon keltirganlari va amali solih qilganlari uchun Robbilarining hidoyatiga va jannati naʼiymga sazovor boʻlgan saodatmand bandalarning
«Oxirgi duolari esa: «Olamlarning Robbi Allohga hamd boʻlsin»dir».
Kelasi oyatlarda mushriklarning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vaʼda qilinayotgan azobni tezroq keltirishni talab qilishlari va oʻsha azobning kechiktirilishi behikmat emasligi, Allohning rahmati ham borligi bayon etiladi. Shuningdek, ularga musiybat yetganida oʻzlarini qanday tutishlari va musiybat koʻtarilganida nima qilishlari hikoya qilinadi. Ulardan oldingilarning holi nima boʻlgani eslatilib, bu dunyo hayoti sinovdan iborat ekanligi, undan keyin jazo yoki mukofot kelishi taʼkidlanadi.