فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bir «namozxonlar»ga vayl bo`lsinki.Бир «намозхонлар»га вайл бўлсинки.Alauddin Mansour: Bas, «namozxon»larga halokat boʻlgayki,Бас, «намозхон»ларга ҳалокат бўлгайки,
Yaʼni, namozning maʼnolarini, hikmatlarini, inson vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qoʻzgʻashini unutganlarning holiga voy, joyi jahannam.
Alloh taolo «Ankabut» surasida: «Albatta, namoz fahsh va munkar ishlardan qaytaradi», degan. Kim namoz oʻqisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan boʻladi.
Ushbu oyatlar maʼnosi haqida mufassirlarimiz bir qancha taʼviyllar aytganlar.
Abul Oliya: «Bular namozni oʻz vaqtida oʻqimaydiganlar, rukuʼ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», degan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shundoq namozxonki, u oʻzi oʻqigan namozidan savob umid qilmaydi va uni oʻqimasa, iqobidan qoʻrqmaydi», deganlar.
Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida soʻralganda, ular namozni oʻz vaqtidan orqaga suradiganlar, deganlar.
Mufassirlarimiz ushbu jumladagi kelishik qoʻshimchalarga ham alohida eʼtibor berganlar. Oyatda «An solatihim saahuun»–«namozlarini unutuvchilar», deyilmoqda, «fii solatihim»–«namozlarida» deyilmayapti. Shundan oyatda munofiqlar haqida soʻz ketayotgani kelib chiqadi. Chunki, moʻmin kishi ham namoz ichida baʼzi narsalarni unutishi mumkin. Lekin unutish bilan unutishning farqi bor. Munofiqning namozni unutishi oʻqimaslik, unga eʼtiborsizlik qilishi ila boʻladi. Moʻmin esa, namozning ichida biror narsani unutib xatoga yoʻl qoʻysa, sahv sajdasi qilib, darhol toʻgʻrilaydi.
Ushbu oyatda zikr qilinganlar munofiqlar ekanligiga kelasi ikki oyat ham dalildir.