وَأَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ طَرَفَىِ ٱلنَّهَارِ وَزُلَفًا مِّنَ ٱلَّيْلِ ۚ إِنَّ ٱلْحَسَنَـٰتِ يُذْهِبْنَ ٱلسَّيِّـَٔاتِ ۚ ذَٰلِكَ ذِكْرَىٰ لِلذَّٰكِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo`lagida namozni to`kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir.Кундузнинг икки тарафида ва кечанинг бир бўлагида намозни тўкис адо қил! Албатта, яхшиликлар ёмонликларни кетказади. Бу эса, эсловчиларга эслатмадир.Alauddin Mansour: Kunduzning har ikki tarafida va kechadan bir boʻlagida namozni toʻkis ado qiling! Albatta, yaxshi amallar yomonlik-gunohlarni ketkazur. Bu quloq tutguvchilar uchun eslatmadir.Кундузнинг ҳар икки тарафида ва кечадан бир бўлагида намозни тўкис адо қилинг! Албатта, яхши амаллар ёмонлик-гуноҳларни кетказур. Бу қулоқ тутгувчилар учун эслатмадир.
Ulamolarimiz oyati karimadagi «Kunduzning ikki tarafida» ado qilinadigan namoz bomdod, peshin va asr namozlari, «kechaning bir boʻlagida» ado etiladigan namoz shom va xufton namozlari, deyishgan.
Darhaqiqat, namoz haqiqiy ruhiy ozuqa, bandaning oʻz Robbi va haqiqiy yordamchisi Alloh taolo bilan bevosita bogʻlanishidir.
Namoz ogʻir va nozik paytlarda kishiga madad beruvchi omildir.
Namoz dinning ustunidir. Usiz hech bir ahamiyatli ishni koʻngildagidek oxirigacha yetkazib boʻlmaydi.
«Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi.»
Moʻmin kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi. Namoz oʻsha yaxshiliklarning gultojidir.
Ushbu oyatda ogʻir va ahamiyatli ishlarni qilishda, Allohning amriga boʻysunishda, koʻrsatgan yoʻli va yoʻllagan dinida mustaqiym turishdek masʼuliyatli ishda namoz va yaxshilik qilish ila oldinga yoʻl ochishga undash bor. Xuddi shu maʼno Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham oʻz ifodasini topgandir.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Abu Zarr al- Fiforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qayerda boʻlsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlik ortidan yaxshilik qil. Uni yuvadi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil!» deganlar.
«Bu esa, eslovchilarga eslatmadir.»
Zotan, namoz ham zikr–eslashdir. Yaxshiliklar ham shunday.
Allohning yoʻlida, Uning dinida mustaqiym turish uchun sabr ham kerak. Shuning uchun, kelasi oyatda sabrga chaqiriladi: