۞ قَالُوٓا۟ إِن يَسْرِقْ فَقَدْ سَرَقَ أَخٌ لَّهُۥ مِن قَبْلُ ۚ فَأَسَرَّهَا يُوسُفُ فِى نَفْسِهِۦ وَلَمْ يُبْدِهَا لَهُمْ ۚ قَالَ أَنتُمْ شَرٌّ مَّكَانًا ۖ وَٱللَّهُ أَعْلَمُ بِمَا تَصِفُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Agar bu o`g`irlagan bo`lsa, bundan oldin uning akasi ham o`g`irlagan edi», – dedilar. Yusuf buni ko`ngliga tugib qo`ydi, ularga oshkor qilmadi. U: «O`zingiz yomonroq turumdasiz. Alloh siz vasf qilayotgan narsani yaxshi bilguvchi Zotdir», – dedi.Улар: «Агар бу ўғирлаган бўлса, бундан олдин унинг акаси ҳам ўғирлаган эди», – дедилар. Юсуф буни кўнглига тугиб қўйди, уларга ошкор қилмади. У: «Ўзингиз ёмонроқ турумдасиз. Аллоҳ сиз васф қилаётган нарсани яхши билгувчи Зотдир», – деди.Alauddin Mansour: Ular: «Agar bu (Binyamin) oʻgʻrilik qilgan boʻlsa (ehtimol, chunki) ilgari uning birodari (Yusuf) ham oʻgʻrilik qilgan edi», dedilar. Bas, Yusuf bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi. Va: (oʻzicha) «Sizlar eng yomon-tuban martabadadirsizlar (yaʼni, bir vaqtlar oʻgʻilni otadan oʻgʻirlab ketgansizlar). Alloh sizlarning toʻqib chiqarayotgan gaplaringizni juda yaxshi bilguvchidir», dedi.Улар: «Агар бу (Бинямин) ўғрилик қилган бўлса (эҳтимол, чунки) илгари унинг биродари (Юсуф) ҳам ўғрилик қилган эди», дедилар. Бас, Юсуф бу гапни ичига солиб, уларга билдирмади. Ва: (ўзича) «Сизлар энг ёмон-тубан мартабададирсизлар (яъни, бир вақтлар ўғилни отадан ўғирлаб кетгансизлар). Аллоҳ сизларнинг тўқиб чиқараётган гапларингизни жуда яхши билгувчидир», деди.
Ular oʻzlarini oqlash uchun navbatdagi yolgʻonni gapirdilar. Avval Yusuf haqida otalariga yolgʻon toʻqib kelgan edilar. Endi Yusuf alayhissalomning oʻzlariga u kishi va ukalari haqida yolgʻon toʻqimoqdalar:
«Ular: «Agar bu oʻgʻirlagan boʻlsa, bundan oldin uning akasi ham oʻgʻirlagan edi», – dedilar».
Ular, kichik oʻgay uka oʻgʻrilik qilgan boʻlsa, bu ajablanarli emas, uning tugʻishgan akasi ham oldin oʻgʻrilik qilgan edi, bu ish ularning tabiatida bor, oʻzi, deyishmoqchi. Shu bilan oʻzlarini oqlashmoqchi. Ammo:
«Yusuf buni koʻngliga tugib qoʻydi, ularga oshkor qilmadi».
Ularning bu yolgʻonlarini Yusuf alayhissalom koʻngilga tugib qoʻydilar. Ularning yolgʻon gapirayotganlarini oshkor qilmadilar. Ularga:
«U: «Oʻzingiz yomonroq turumdasiz. Alloh siz vasf qilayotgan narsani yaxshi bilguvchi Zotdir», – dedi.
Yaʼni, siz buni ayblamoqdasiz, ammo, aslida, oʻzingiz bundan koʻra yomonroq holdasiz. Yolgʻon gapirib, birovni yomonotliq qilmoqdasiz. Holbuki, Alloh siz vasf qilayotgan ishlarni juda yaxshi biladi. Kim oʻgʻriyu kim toʻgʻriligini, kim yaxshiyu kim yomonligini Oʻzi yaxshi biladi.
Bu gapdan soʻng ular bir oz oʻzlariga keldilar. Otalariga Allohning nomi bilan qasam ichib bergan vaʼdalari yodlariga keldi.