لَهُۥ مُعَقِّبَـٰتٌ مِّنۢ بَيْنِ يَدَيْهِ وَمِنْ خَلْفِهِۦ يَحْفَظُونَهُۥ مِنْ أَمْرِ ٱللَّهِ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّىٰ يُغَيِّرُوا۟ مَا بِأَنفُسِهِمْ ۗ وَإِذَآ أَرَادَ ٱللَّهُ بِقَوْمٍ سُوٓءًا فَلَا مَرَدَّ لَهُۥ ۚ وَمَا لَهُم مِّن دُونِهِۦ مِن وَالٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Uning oldida ham, ortida ham ta'qib qilguvchilar bor. Ular uni Allohning amri ila hifz qilib tururlar. Albatta, to bir qavm o`zlarini o`zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o`zgartirmas. Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo`lmaydi va ular uchun undan o`zga valiy ham yo`q.Унинг олдида ҳам, ортида ҳам таъқиб қилгувчилар бор. Улар уни Аллоҳнинг амри ила ҳифз қилиб турурлар. Албатта, то бир қавм ўзларини ўзгартирмагунларича, Аллоҳ уларнинг ҳолини ўзгартирмас. Агар Аллоҳ бирор қавмга ёмонликни ирода қилса, бас, уни қайтариб бўлмайди ва улар учун ундан ўзга валий ҳам йўқ.Alauddin Mansour: Uning (yaʼni, har insonning) oldida ham, ortida ham taʼqib qilguvchi (farishtalar) boʻlib, ular Allohning amri bilan uni saqlab-muhofaza qilib tururlar. Aniqki, to biron qavm oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini oʻzgartirmas. Qachon Alloh biron qavmga yomonlik — balo yuborishni iroda qilsa, bas, uni qaytarib boʻlmas. Va ular uchun Undan oʻzga hokim yoʻqdir.Унинг (яъни, ҳар инсоннинг) олдида ҳам, ортида ҳам таъқиб қилгувчи (фаришталар) бўлиб, улар Аллоҳнинг амри билан уни сақлаб-муҳофаза қилиб турурлар. Аниқки, то бирон қавм ўзларини ўзгартирмагунларича Аллоҳ уларнинг аҳволини ўзгартирмас. Қачон Аллоҳ бирон қавмга ёмонлик — бало юборишни ирода қилса, бас, уни қайтариб бўлмас. Ва улар учун Ундан ўзга ҳоким йўқдир.
Avvalgi oyatda vasf qilingan shaxsning, yaʼni har bir odam bolasining
«oldida ham, ortida ham taʼqib qilguvchilar bor».
Yaʼni, uning har tarafida kuzatib yuruvchi farishtalar mavjud. Ushbu farishtalar haqida imom Buxoriy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ular sizlar uchun almashib, ketma-ket kelib turadilar. Kechasi bir xil farishtalar, kunduzi bir xil farishtalar keladi. Ular bomdod va asr namozida jam boʻladilar. Allohning huzuriga siz bilan tunni oʻtkazuvchilar koʻtarilganlarida, ulardan, Oʻzi sizlarning holingizni juda yaxshi bilsa ham:
«Bandalarimni qaysi holda tark qildingiz?» deb soʻraydi. Farishtalar:
«Ularning huzuriga borganimizda namoz oʻqiyotgan ekan, ularni tark qilganimizda ham namoz oʻqishayotgan edi», deyishadi», deganlar.
Boshqa bir hadisda esa: «Albatta, siz bilan birga, sizni xalo va jimoʼ paytidan boshqa vaqtda tark etmaydigan zotlar bor. Bas, ulardan hayo qilinglar va ularni hurmat etinglar», deyilgan.
Mazkur farishtalarning vazifalarini oyati karimaning keyingi jumlasi bayon qiladi:
«Ular uni Allohning amri ila hifz qilib tururlar».
Yaʼni, oʻsha farishtalar u bandani Allohning amri ila hifz qilib tururlar. Ushbu jumladagi «hifz» soʻzi «saqlash» va «yodlab— eslab qolish» maʼnolarini bildiradi. Bandaga biriktirilgan farishtalar ushbu ikki ishni bajaradilar. Yaʼni, bandani turli yomonliklardan saqlab turadilar hamda qilayotgan amallarini yozib, yodda saqlab boradilar.
Ushbu oyat va hadislarga hamda shu maʼnodagi yana boshqa hujjatlarga suyangan holda ulamolarimiz quyidagilarni taʼkidlaydilar:
Bandani turli hodisa va yomonliklardan himoya etish uchun farishtalar navbat bilan qoʻriqchilik qiladilar. Shuningdek, uning amallarini yozib borish uchun ham kechayu kunduz maʼlum farishtalar almashib turadilar. Ikkitasi oʻng va chap tarafda turadi: oʻng tarafda turgan farishta yaxshi amallarni, chap tarafda turgani gunoh amallarini yozib boradi. Yana ikki farishta old va orqadan uni qoʻrib turadilar. Demak, banda doimo toʻrt farishtaning oʻrtasida yuradi. Ular kunduzi va kechasi almashib turishadi.
Alloh, Oʻzi yuqorida zikr qilganidek, hamma narsalarni, hatto bandalar uchun oʻta maxfiy boʻlgan holatlarni ham juda aniqlik ila bilib turishiga qaramay, har bir bandaga toʻrttadan farishtani biriktirib qoʻygandir. Ulardan ikkitasi bandaning har bir qilgan amalini oʻsha vaqtning oʻzidayoq yozib qoʻyadi. Bu, har bir bandaga katta masʼuliyat yuklaydi. Farishtalardan ikkitasining bandani qoʻriqlab turishi esa, Alloh uni mukarram qilganini koʻrsatadi. Demak, har bir inson oʻsha ikromga loyiq boʻlib, oʻsha masʼuliyatni his etmogʻi kerak. Oʻzini oʻnglashga, tuzatishga, Allohning roziligini qozontiradigan amallarni bajarishga urinishi lozim. Chunki:
«Albatta, to bir qavm oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini oʻzgartirmas».
Yaʼni, banda bir yaxshilikka erishmoqchi boʻlsa, oʻsha yaxshilikka yetaklaydigan xislatlarni oʻzida mujassam etishi va unga erishish uchun urinishi lozim. Ana shundagina Alloh uning ishida yaxshi tomonga oʻzgarish hosil qiladi. Shuningdek, bandaning oʻzidan oʻtmasa, Alloh unga yomonlikni ravo koʻrmaydi:
«Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, bas, uni qaytarib boʻlmas va ular uchun Undan oʻzga valiy ham yoʻq».
Gʻamxoʻr doʻsti ham yoʻqki, biror chora koʻrsa.
Kelgusi oyatlarda Allohning quvvatda, ilmda va tadbirda tengi yoʻq Zot ekanini anglatish uchun tabiat manzarasi, undagi hodisalar zikr qilinadi. Buning barobarida inson his-tuygʻusi ham junbushga keltiriladi: