۞ مَّثَلُ ٱلْجَنَّةِ ٱلَّتِى وُعِدَ ٱلْمُتَّقُونَ ۖ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَـٰرُ ۖ أُكُلُهَا دَآئِمٌ وَظِلُّهَا ۚ تِلْكَ عُقْبَى ٱلَّذِينَ ٱتَّقَوا۟ ۖ وَّعُقْبَى ٱلْكَـٰفِرِينَ ٱلنَّارُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Taqvodorlarga va'da qilingan jannatning misoli (budir): ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Bu, taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa, do`zaxdir.Тақводорларга ваъда қилинган жаннатнинг мисоли (будир): остидан анҳорлар оқади, мевалари ва соялари доимийдир. Бу, тақво қилганларнинг оқибатидир. Кофирларнинг оқибати эса, дўзахдир.Alauddin Mansour: Taqvo egalari uchun vaʼda qilingan jannatning misoli (budir): uning ostidan daryolar oqur, mevalari va soyalari boqiydir. Bu taqvo-parhez bilan oʻtgan zotlarning oqibat-kelajagidir. Kofirlarning oqibati esa doʻzaxdir.Тақво эгалари учун ваъда қилинган жаннатнинг мисоли (будир): унинг остидан дарёлар оқур, мевалари ва соялари боқийдир. Бу тақво-парҳез билан ўтган зотларнинг оқибат-келажагидир. Кофирларнинг оқибати эса дўзахдир.
Jannatning vasfida boshqa koʻpgina oyatlar ham kelgan. Ular bilan oʻz oʻrnida tanishdik va yana tanishamiz. Ushbu oyati karima ham jannatni qisqacha taʼriflab oʻtmoqda.
«Taqvodorlarga vaʼda qilingan jannatning misoli (budir)...»
Demak, jannat faqat taqvodorlarga vaʼda qilingan ekan. Boshqalarga emas. Oʻsha jannatning vasfi bundoqdir:
«ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir».
Yaʼni, taqvodorlarga Alloh taolo tomonidan vaʼda qilingan jannatning daraxtlari ostidan anhorlar oqib turadi. Bu, eng oliy navli bogʻu boʻstonning vasfidir. Bu dunyoda ham daraxti ostidan anhorlar oqib turgan bogʻ, anhori yoʻq bogʻdan necha chandon ustun turishi hammaga maʼlum. Jannatnikining vasfiga til ojizligini ham hamma biladi.
Taqvodorlarga vaʼda qilingan jannatning yana bir sifati mevalari doimiyligidir. Bu dunyoning bogʻlari har qancha yaxshi boʻlgan chogʻida ham mevasi doimiy emasligi maʼlum. Har yili bir necha haftalik mavsumida mevasi boʻlib, bir uzib olingandan keyin tamom boʻladi. Yanagi yilning mavsumini kutishga toʻgʻri keladi. Jannatning mevalari esa doimiy boʻlishi ushbu oyati karimada taʼkidlanmoqda. Jannatning mevalari mavsumiy emas. Doimiydir. Jannatiylar qachon xohlasalar, huzurlarida tayyor boʻlib turadi.
Shuningdek, jannatning soyalari ham doimiydir. Kunning maʼlum soatida soya boʻlib, keyin soyasi yoʻqolmaydi. Yoki daraxtlari serbarg boʻlganda soyali boʻlib, maʼlum vaqtdan keyin barglari toʻkilib, soyasiz boʻlib qolmaydi.
Bu maʼnolarni toʻlaroq anglash uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan ikkitasini keltirmoqchimiz.
Imom Buxoriy va imom Muslim Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan, quyosh tutilganda oʻqilgan namoz toʻgʻrisidagi hadisda, jumladan, shunday deyiladi:
«Odamlar:
«Ey, Allohning Rasuli, biz sizni bu maqomingizda bir narsani olganingizni, soʻngra ortga tisarilganingizni koʻrdik?» deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Menga jannat koʻrsatildi. Undan bir shingil meva tanovul qildim. Agar uni olganimda, dunyo boqiy turgunicha yer edingizlar», dedilar».
Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Jannatda bir daraxt bor, agar uchqur ot mingan odam astoydil yuz yil yursa ham, uning soyasidan chiqa olmaydi», deganlar.
Endi keladigan oyati karimada vahiyga, shirkka, Paygʻambarga tegishli masalalarga ahli kitoblarning munosabatlari muolaja qilinadi: