أَوْ خَلْقًا مِّمَّا يَكْبُرُ فِى صُدُورِكُمْ ۚ فَسَيَقُولُونَ مَن يُعِيدُنَا ۖ قُلِ ٱلَّذِى فَطَرَكُمْ أَوَّلَ مَرَّةٍ ۚ فَسَيُنْغِضُونَ إِلَيْكَ رُءُوسَهُمْ وَيَقُولُونَ مَتَىٰ هُوَ ۖ قُلْ عَسَىٰٓ أَن يَكُونَ قَرِيبًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki ko`ngillaringizda katta ko`ringan boshqa biron maxluq (bo`lib olinglar)», deb ayt. Bas, ular: «Bizni kim qayta tiriltirur», derlar. Sen:«Sizlarni birinchi marta yo`qdan bor qilgan Zot», degin. Ular senga boshlarini qimirlaturlar va: «U qachon bo`lur?» derlar, Sen:«Shoyad yaqinda bo`lsa», degin.Ёки кўнгилларингизда катта кўринган бошқа бирон махлуқ (бўлиб олинглар)», деб айт. Бас, улар: «Бизни ким қайта тирилтирур», дерлар. Сен:«Сизларни биринчи марта йўқдан бор қилган Зот», дегин. Улар сенга бошларини қимирлатурлар ва: «У қачон бўлур?» дерлар, Сен:«Шояд яқинда бўлса», дегин.Alauddin Mansour: Yoki koʻngillaringizda (hayotligini tasavvur qilishi) juda qiyin boʻlgan boshqa biron maxluq boʻlinglar, (har holda Alloh sizlarni tiriltirur)». Hali ular: «Bizlarni kim qayta tiriltira olur?», deydilar. «Sizlarni ilk bor yaratgan zot», deb ayting! Hali ular: «U (kun) qachon boʻlur?», deb (soʻraydilar). «Shoyadki yaqin boʻlsa», deb ayting!Ёки кўнгилларингизда (ҳаётлигини тасаввур қилиши) жуда қийин бўлган бошқа бирон махлуқ бўлинглар, (ҳар ҳолда Аллоҳ сизларни тирилтирур)». Ҳали улар: «Бизларни ким қайта тирилтира олур?», дейдилар. «Сизларни илк бор яратган зот», деб айтинг! Ҳали улар: «У (кун) қачон бўлур?», деб (сўрайдилар). «Шоядки яқин бўлса», деб айтинг!
Mushriklar: goʻshtimiz chirib, oʻzimiz suyak va tuproqqa ajrasak, qanday qilib qayta tirilamiz, demoqdalar. Insonning suyagi va titilib tuproqqa aylangan goʻshtidan qayta odam yasash hech gap emas. Hatto, agar qoʻlingizdan kelsa:
«Tosh yoki temir boʻlib olinglar yoki koʻngillaringizda katta koʻringan boshqa biron maxluq (boʻlib olinglar)», deb ayt».
Ha, ey Paygʻambar, ularga shuni ayt, ular oʻlganlaridan keyin hatto tosh boʻlib olsalar ham, albatta qayta tiriltiriladilar. Temir boʻlib olsalar ham, albatta qayta tiriltiriladilar. Oʻz fikrlaricha katta koʻringan, inson oʻlganidan keyin falon narsaga aylansa, qayta tirilmasa kerak, deb oʻylagan narsaga aylanib olsalar ham, albatta qayta tiriltiriladilar.
«Ular: «Bizni kim qayta tiriltirur», derlar.»
Ular oʻzlaricha, biz oʻlsak, bizni qayta tiriltiradigan zot yoʻq, deb yuribdilar. Chunki, ular Allohni unutib qoʻyganlar. Oʻzlarini yoʻqdan bor qilgan Zotni esdan chiqarganlar. Sen ularning bu savoliga javoban:
«Sizlarni birinchi marta yoʻqdan bor qilgan Zot», degin».
Ha, sizlarni birinchi marta yaratgan, dunyoga keltirib, inson qilgan Zot oʻlganingizdan keyin, suyak va titilgan tuproqqa aylanganingizdan soʻng yana qayta tiriltiradi. Oʻlikni qayta tiriltirish avvalda yoʻqdan bor qilgan Zot uchun hech narsa emas.
Lekin ular bundan keyin ham haqiqatni anglab yetmaydilar. Oxiratda qayta tirilishga iymon keltirish oʻrniga:
«Ular senga boshlarini qimirlaturlar».
Istehzo va kibr ila boshlarini sarak-sarak qilurlar va:
«U qachon boʻlur?» – derlar».
Oʻsha qayta tirilish qachon boʻladi?–deb kesatib, yana gumrohlik qiladilar. Ularning qotib qolgan miyasi bunday narsalar faqat Allohga xos ish ekanini anglab yetishga qodir emas. Ular hamma narsa oʻzlarining havoyi nafsiga toʻgʻri kelishini xohlaydilar. Qayta tirilish qachon boʻlishini ularga sen aytib berishing kerak emish. Holbuki, bu sening ishing emas. Shuning uchun, ularga oʻzlariga mos muomala qilib:
«Shoyad yaqinda boʻlsa», degin».
Albatta, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bu ish qachon boʻlishini aniq bilmaydilar. Ammo, boʻlishi shubhasizligini juda yaxshi biladilar. Kofirlar ishonmay turgan qayta tirilish ular uchun juda yaqin boʻlishi mumkin.
Keyingi oyatda oʻsha hodisa boʻladigan kunning bayoni keladi: