وَٱسْتَفْزِزْ مَنِ ٱسْتَطَعْتَ مِنْهُم بِصَوْتِكَ وَأَجْلِبْ عَلَيْهِم بِخَيْلِكَ وَرَجِلِكَ وَشَارِكْهُمْ فِى ٱلْأَمْوَٰلِ وَٱلْأَوْلَـٰدِ وَعِدْهُمْ ۚ وَمَا يَعِدُهُمُ ٱلشَّيْطَـٰنُ إِلَّا غُرُورًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ulardan kimiga kuching yetsa, ovozing ila qo`zg`at, ularning ustiga otliq va piyoda askaringni tort, ularga mollarda va bolalarda sherik bo`l va va'dalar qil», dedi. Shayton ularga g`ururdan boshqani va'da qilmas.Улардан кимига кучинг етса, овозинг ила қўзғат, уларнинг устига отлиқ ва пиёда аскарингни торт, уларга молларда ва болаларда шерик бўл ва ваъдалар қил», деди. Шайтон уларга ғурурдан бошқани ваъда қилмас.Alauddin Mansour: Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing bilan qoʻzgʻat, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, topgan mol-davlat va bola-chaqalarida ularga sherik boʻl (yaʼni, ularni haromdan mol-dunyo va bola-chaqa orttirishga unda), ularga (yolgʻon) vaʼdalar qil». Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov-yolgʻon narsalarnigina vaʼda qilur.Улардан кучинг етган кимсани овозинг билан қўзғат, уларнинг устига отлиқ ва пиёда (лашкарингни) торт, топган мол-давлат ва бола-чақаларида уларга шерик бўл (яъни, уларни ҳаромдан мол-дунё ва бола-чақа орттиришга унда), уларга (ёлғон) ваъдалар қил». Дарҳақиқат, шайтон уларга фақат алдов-ёлғон нарсаларнигина ваъда қилур.
Ushbu oyatda Alloh taolo shaytonga tahdid ila, qoʻlingdan kelganini qil, degan maʼnoda amr siygʻasida, buyruq maylida qattiq gaplar aytganligi koʻrinib turibdi. Odam bolalaridan qaysi biriga kuchi yetsa, bor imkonini ishga solib, ularga qarshi igʻvo va vasvasa jangi ila yoʻldan urishga harakat qilishi mumkinligini aytmoqda:
«Ulardan kimiga kuching yetsa, ovozing ila qoʻzgʻat, ularning ustiga otliq va piyoda askaringni tort».
Naʼra tort, hayqir, otliq va piyoda askar tort, xullas, qoʻlingdan kelgan vositayu uslublarning hammasini qoʻllab, odam bolasidan kimga kuching yetsa, magʻlub etib, oʻzingga qaratib olaver, deyilmoqda.
Albatta, shaytonning ovoz askarlari juda koʻp. Odamlarni yoʻldan ozdirib, shaytonga magʻlub qiluvchi ovozlar ayniqsa hozir juda ham koʻpaygan. Shuningdek, shaytonning otliq va piyoda askarlari ham juda koʻp. Ular ham turli uslublar ila odam bolalarini yoʻldan urib, shayton yoʻliga yurgizishga tinmay harakat qiladilar.
«...ularga mollarda va bolalarda sherik boʻl...»
Haromdan topilgan mol va bolaga, albatta, shayton sherikdir. Shuningdek, baʼzi haloldan topilgan mol va bolalarga ham odamlar shaytonni sherik qilib oladilar. Misol uchun, johiliyatda arablar mollarining bir qismini soxta xudolarga ataganlar yoki bolalarini ham oʻsha soxta xudolariga nazr qilganlar. Har ikki holatda ham shaytonning sherikligi bor.
«...va vaʼdalar qil», dedi.»
Yaʼni, oʻzingga ergashtirish uchun odam bolalariga ularning havaslarini keltiruvchi turli vaʼdalar qil.
Shu yerga kelganda, Alloh taoloning shaytonga tahdidi tugaydi va oyat soʻngida shaytonning vaʼdasi qanaqa boʻlishini eslatadi:
«Shayton ularga gʻururdan boshqani vaʼda qilmas».
Yaʼni, shaytonning hamma vaʼdasi faqat aldamchilikdan iboratdir. Notoʻgʻri yoʻllarga va ishlarga boshlar ekan, ularni toʻgʻri deb taqdim etadi. Oqibatini ham chiroyli qilib koʻrsatadi. Shaytonning eng xatarli va inson zotini gʻururga ketkazuvchi vaʼdasi: yoshligingda oʻynab qol, gunohni hozirdan oʻylama, gunohing baribir kechiriladi, degan vaʼdadir.
Keyingi oyatda yana Allohning shaytonga xitobining davomi keladi: