QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Al-Kahf surasi · Oyatсураси · Оят82

وَأَمَّا ٱلْجِدَارُ فَكَانَ لِغُلَـٰمَيْنِ يَتِيمَيْنِ فِى ٱلْمَدِينَةِ وَكَانَ تَحْتَهُۥ كَنزٌ لَّهُمَا وَكَانَ أَبُوهُمَا صَـٰلِحًا فَأَرَادَ رَبُّكَ أَن يَبْلُغَآ أَشُدَّهُمَا وَيَسْتَخْرِجَا كَنزَهُمَا رَحْمَةً مِّن رَّبِّكَ ۚ وَمَا فَعَلْتُهُۥ عَنْ أَمْرِى ۚ ذَٰلِكَ تَأْوِيلُ مَا لَمْ تَسْطِع عَّلَيْهِ صَبْرًا

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo`lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishini iroda qildi. Bu, Allohning rahmati ila bo`ldi. Men o`zimcha qilganim yo`q. Mana shu, sen sabr qila olmagan narsaning ta'viylidir».Деворга келсак, у шаҳардаги икки етим боланики бўлиб, унинг остида икковларининг хазинаси бор эди. Уларнинг оталари солиҳ одам эди. Бас, Роббинг икковларининг вояга етишини ва хазиналарини чиқариб олишини ирода қилди. Бу, Аллоҳнинг раҳмати ила бўлди. Мен ўзимча қилганим йўқ. Мана шу, сен сабр қила олмаган нарсанинг таъвийлидир».Alauddin Mansour: Endi devor esa shu shahardagi ikki yetim bolaniki boʻlib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otalari juda yaxshi kishi edi. Bas, Parvardigoring ular voyaga yetib, Parvardigoringning rahmat-marhamati boʻlmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarning birontasini) oʻz-oʻzimcha qilganim yoʻq. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning taʼvilidir».Энди девор эса шу шаҳардаги икки етим боланики бўлиб, унинг остида улар учун бир хазина бор эди. Уларнинг оталари жуда яхши киши эди. Бас, Парвардигоринг улар вояга етиб, Парвардигорингнинг раҳмат-марҳамати бўлмиш хазиналарини чиқариб олишларини ирода қилди. Мен бу (ишларнинг биронтасини) ўз-ўзимча қилганим йўқ. Мана шу сен сабр қилишга тоқатинг етмаган нарсаларнинг таъвилидир».

302-sahifa · 16-juz · 31-hizb302-саҳифа · 16-жуз · 31-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
وَأَمَّاva ... kelsakва ... келсакٱلْجِدَارُdevorgaдеворгаفَكَانَbas, u ediбас, у эдиلِغُلَـٰمَيْنِikki bolanikiикки боланикиيَتِيمَيْنِyetimетимفِى-da-даٱلْمَدِينَةِshaharшаҳарوَكَانَva bor ediва бор эдиتَحْتَهُۥuning ostidaунинг остидаكَنزٌۭxazinaхазинаلَّهُمَاikkovlariningикковларинингوَكَانَva ediва эдиأَبُوهُمَاikkovlarining otalariикковларининг оталариصَـٰلِحًۭاsolih odamсолиҳ одамفَأَرَادَbas, iroda qildiбас, ирода қилдиرَبُّكَRobbingРоббингأَن-ni-ниيَبْلُغَآikkovlari yetishiniикковлари етишиниأَشُدَّهُمَاvoyaga (balogʻatga)вояга (балоғатга)وَيَسْتَخْرِجَاva chiqarib olishlariniва чиқариб олишлариниكَنزَهُمَاxazinalariniхазиналариниرَحْمَةًۭrahmat ilaраҳмат илаمِّن-dan-данرَّبِّكَ ۚRobbingРоббингوَمَاva emasва эмасفَعَلْتُهُۥmen uni qildimмен уни қилдимعَنْ-cha-чаأَمْرِى ۚoʻz ishim (amrim)ўз ишим (амрим)ذَٰلِكَmana shuмана шуتَأْوِيلُtaʼvilidirтаъвилидирمَاnarsaningнарсанингلَمْemasэмасتَسْطِعsen qila oldingсен қила олдингعَّلَيْهِungaунгаصَبْرًۭاsabrсабр
TafsirТафсир

Taom soʻrasak, qizgʻanchiqlik qilib bermagan shaharliklarning bazoʻr turgan devorini tiklab qoʻyganim ham senga mantiqsizlik boʻlib koʻrindi. Hech boʻlmasa, haq olsang boʻlar edi, deb malomat qilding. Sen sirni tushunmay, sirtdan hukm chiqarib shunday deding. Aslida, bu ishda mantiq va hikmat bor edi. Nuragan oʻsha eski devor shahardagi ikki yetim bolaga tegishli edi. Devorning ostiga esa, ikkovlariga meros xazina koʻmilgan edi. Devor yiqilsa, xazina ochilib, goʻdak bolalar undan mahrum boʻlishlari mumkin edi. Ularning otalari ahli solih boʻlib oʻtgan edi. Shuning uchun, Alloh uning yetim farzandlariga ham yaxshilikni ravo koʻrdi. Ikkovlari voyaga yetib, xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Menga devorni tiklab qoʻyishni bildirdi. Men shunday qildim. Endi ikki yetim bolaning xazinalari ular voyaga yetgunlaricha ochilmay turadi. Bu ishlar hammasi Allohning rahmati ila boʻldi. Men oʻzimcha qilganim yoʻq. Sen boʻlsa, ortida hikmati bor shu ishlarni koʻrib, chidab tura olmay, shartni buzding, turli gaplar aytding.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda: «Birodarim Musoga Allohning rahmati boʻlsin, sabr qilganida, Alloh bizga ularning qissalarini aytib berar edi. U (Muso) oʻz sherigi bilan turganida, ajoyibotlarni koʻrar edi», deganlar.

Shu joyda Muso alayhissalom bilan solih banda qissasi tamom boʻladi.

Ushbu qissa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham oʻziga xos uslubda kelgan. Aynan hadisi sharifdan Muso alayhissalomga ustozlik qilgan zot Xizr alayhissalom ekanliklarini bilib olamiz. Biz avval Qurʼoni Karimdagi qissani oʻrganib olish maqsadida hadisi sharifdagi maʼlumotlarni aralashtirmay turgan edik. Faqat, oʻrni kelganda ikkita iqtibos keltirdik, xolos. Mazkur qissa eng moʻʼtabar hadis kitoblarimizda turli rivoyatlar-la kelgan. Biz muhaddislarning imomi, moʻminlarning hadis ilmidagi amiri, imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayhi oʻzlarining «Sahih» kitoblarida keltirgan rivoyatlardan birini keltiramiz. U kishi «Kitobut Tafsir»da, «Alloh taoloning: «Bir kuni Muso oʻz yigitiga: «To ikki dengiz qoʻshiladigan yerga yetmagunimcha yoki uzoq muddat kezmagunimcha yurishdan toʻxtamayman», deganini esla», degan qovli haqidagi Bob» sarlavhali bobda quyidagilarni rivoyat qiladilar:

Saʼid ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi: «Men ibn Abbosdan:

«Navfal al-Bakoliy: «Hizr alayhissalomga hamsuhbat boʻlgan Muso Bani Isroilga Paygʻambar boʻlgan Muso emas», demoqda, shu toʻgʻrimi?»–deb soʻradim. Ibn Abbos (gʻazablanib):

«Allohning dushmani yolgʻon gapiribdi, menga Ubay ibn Kaʼb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi rivoyatlarini aytib bergan edi»,–dedi:

«Muso alayhissalom Bani Isroilga xutba qilib turgan ekanlar, shunda u kishidan:

«Odamlarning orasida eng bilimdoni kim?»– deb soʻrashdi. Muso alayxissalom:

«Men»,–deb javob berdilar. Alloh taolo Muso alayhissalomga tanbeh berdi, chunki u kishi «Olloh bilimdonroq», demadilar. Keyin, Alloh taolo:

«Ikki dengiz qoʻshilgan joyda Mening bir bandam yashaydi, u sendan bilimdonroq», deb vahiy qildi.

Muso alayhissalom:

«Ey Robbim, men ul zotni qanday toparman?»–dedilar. Olloh taolo:

«Bir baliqni savatga solib, koʻtarib olasan, qayerda oʻsha baliqni yoʻqotsang, shu joyda Xizrni koʻrasan»,– dedi. Muso alayhissalom bir baliqni savatga solib, yoʻlga tushdilar, xizmatkorlari Yushaʼ ham birga erdi. Yura-yura bir tepalik yoniga kelib, boshlarini yerga qoʻydilar-da, uyquga ketdilar. Savatdagi baliq esa, tirilib, harakatga keldi-da, dengizga tushib, suzib ketdi. Alloh taolo baliq suzib oʻtgan yoʻnalishdagi suvni oqishdan toʻxtatib, binoning yoʻlagiga oʻxshatib qotirib koʻydi. Muso alayhissalom uygʻonganlarida xizmatkor yigit baliqning yoʻqolganini aytishni unutdi. Ular yana bir kecha-kunduz yoʻl yurishdi. Ertasi kuni Muso alayhissalom hamrohlariga: «Yeguligimizni keltir, safarimizda biroz mashaqqat tortdik»,–dedilar. Darhaqiqat, Muso alayhissalom Alloh taolo bormoqni buyurgan oʻsha baliq yoʻqolgan joygacha hech mashaqqat chekmagan erdilar, ammo keyingi bir kechayu kunduzda qattiq qiynaldilar. Muso alayhissalomning hamrohlari: «Esingizdami, bir tepalik oldida uxlagan erdik. Oʻsha yerda men baliqni yoʻqotgan erdim, lekin sizga aytishni unutibman. Albatta, buni menga shayton unuttirgan»,–dedi. Baliq esa, sirli suratda dengizga tushib gʻoyib boʻlgan edi. Muso alayhissalom va ul kishining xizmatkorlari uning qanday qilib gʻoyib boʻlganini bilolmay taajjubda qolishdi. Keyin, Muso alayhissalom: «Mana shu biz istagan narsadur»,–dedilar-da, Xizr alayhissalomni izlab xizmatkorlari bilan orqalariga qaytdilar. Ular yura-yura, nihoyat, ikki dengiz birlashgan joydagi tepalik yoniga kelishdi. Shu yerda kiyimiga oʻralib olgan bir kishini uchratishdi. Muso alayhissalom salom berdilar. Xizr alayhissalom ul kishiga javoban:

«Sizning yeringizda qayerdan ham tinchlik (salom) boʻlsin?!»– dedilar.

«Men Musoman», dedilar Muso alayhissalom.

«Bani Isroilning Musosimisan?»–dedilar Xizr alayhissalom.

«Ha, oʻzingiz bilgan ilmdan menga ham oʻrgatsangiz, deb keldim», dedilar Muso alayhissalom. Xizr aliyxissalom:

«Sen men bilan sabr qilib yura olmaysan. Ey Muso, menda Alloh taolo bildirgan shunday ilm borki, uni sen bilolmassan va senda Alloh taolo bildirgan shunday ilm borki, uni men bilolmayman», dedilar. Muso alayhissalom:

«Xudo xohlasa, mening sabrli erkanligimni koʻrasiz, sizga osiylik qilmayman», dedilar. Xizr alayhissalom:

«Undoq boʻlsa, men bilan yurgin-da, to oʻzim aytmagunimcha biror narsaning sababini soʻrama», dedilar. Soʻng, ikkovlari dengiz sohili boʻylab yurib ketishdi. Ittifoqo, bir kema sohilga kelib toʻxtadi. Ular kemachi bilan gaplashib, oʻzlarini birga olib ketishga uni koʻndirishdi. Ammo, kemadagilar Xizr alayhissalomni tanib qolib, bepul olib ketishga rozi boʻlishdi. Kema yoʻlga chiqqach, koʻp oʻtmay Xizr alayhissalom bolta bilan kemaning bir yogʻochini koʻchirib oldilar. Muso alayhissalom ul kishiga:

«Bu qavm-ku, bizni kemalariga bepul chiqarib oldilar, siz boʻlsangiz kemalarini choʻktirish uchun uni teshib qoʻydingiz, taajjub ish qildingiz», dedilar. Shunda Xizr alayhissalom:

«Men senga men bilan birga sabr qilib yura olmaysan, deb aytuvdim-ku!»–dedilar. Muso alayhissalom darhol uzr aytib:

«Unutgan narsam uchun menga tanbeh berib, koʻzlagan ishimni qiyinlashtirmang», dedilar. (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Muso alayhissalomdan sodir boʻlgan dastlabki xato esdan chiqarish sababli edi», dedilar.) Keyin, bir chumchuq kelib kema chetiga qoʻndi-da, tumshugʻi bilan dengizdan bir tomchi suv oldi. Shunda Xizr alayhissalom Muso alayhissalomga:

«Allohning ilmi oldida men bilan sening ilming mana shu chumchuq dengizdan olgan bir qatrachalikdur, xolos!»–dedilar. Keyin, ikkovlari kemadan tushib sohil boʻylab ketayotgan edilar, nogahon, Xizr alayhissalomning koʻzlari oʻrtoqlari bilan oʻynab yurgan bir bolaga tushib, borib uni oʻldirdilar. Muso alayhissalom Xizr alayhissalomga:

«Begunoh bir pokiza bolani oʻldirdingiz, qanday yomon ish qildingiz!»–dedilar. Xizr alayhissalom:

«Men senga men bilan yurishga hech toqat qilolmaysan, deb aytmaganmidim!»–dedilar. Bu tanbeh avvalgisidan qattiqroq va tahdidliroq erdi. Muso alayhissalom:

«Agar yana biror narsa haqida sizdan soʻrasam, mayli meni oʻzingiz bilan olib yurmang, unda ayb oʻzimda boʻladi», deb iltimos qildilar.

Ikkovlari yoʻlda davom etib bir qishloqqa kirishdi, qishloq ahlidan taom soʻrashgan edi, ular mehmon qilishdan bosh tortishdi. Xizr alayhissalom oʻsha yerda yiqilay deb turgan bir devorni koʻrib, qayta tiklab qoʻydilar. Buni koʻrib Muso alayhissalom:

«Bu qavmning huzuriga kelib taom soʻradik, berishmadi, mehmon ham qilishmadi, agar xohlasangiz, mana shu ishingizga haq olishingiz mumkin edi», deb kuyundilar. Xizr alayxissalom:

«Mana bu endi sen bilan mening firogʻimiz sababdur! Lekin men senga oʻzim aytib bergunimgacha sen sabr qilolmagan ishlarning maʼnosini aytib berayin: boyagi kema xususiga kelsak, u bechorahol kishilarniki boʻlib, ular boradirgan joyda yaroqli kemalarni tortib oladigan zolim podshoh bor edi. Haligi bolaning ota-onasi esa, moʻmin kishilar boʻlib, kufr va osiylik birlan ularga koʻp ozor berar erdi. Shu sababdan, Alloh taolo uning oʻrniga pokiza va mehribon farzand ato qilishni iroda qildi. Mana bu devor masalasiga kelsak, uning ostida xazina bor, u ikki yetim bolaga tegishli. Ularning marhum otalari solih kishi boʻlgan boʻlib, undan qolgan ushbu xazinani Alloh taolo ular voyaga yetgach yuzaga chiqarmoqni iroda qildi. Men bu ishlarni oʻzim uchun qilganim yoʻq. Mana shular sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning taʼviylidur», dedilar. Rasululloh alayhissalom:

«Qani endi, Muso alayhissalom sabr qilgan boʻlsalar, Alloh taolo bizga ikkovlari haqidagi qissalarni bayon qilib berar edi», dedilar».

Ulamolarimiz bu qissadan koʻplab hikmatlar, ibratlar chiqarganlar. Ularning barchasini eslab yozish koʻp vaqt va koʻp joyni talab qiladi. Shuning uchun, bir-ikkitasini aytib oʻtsak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Birinchisi, dunyodagi har qanday inson ilmining cheklanganidir. Muso alayhissalom ulul azm Paygʻambarlardan boʻlishlariga qaramay, Kalimulloh–Alloh bilan bevosita kalomlashgan–soʻzlashgan zot boʻlishlariga qaramay, oʻz zamonlaridagi bandalardan biri bilganlarini bilmadilar. Unga shogird tushdilar.

Ikkinchisi, bu dunyoda sodir boʻladigan ishlarning asl mohiyatini faqat Alloh taoloning Oʻzigina biladi.

Uchinchisi, moʻmin banda oʻziga yetgan, sirtdan musiybat boʻlib koʻrinayotgan ishlardan sabrsiz boʻlmasligi lozim. Keyin oʻsha ish uning oʻzi uchun foydali boʻlib chiqishi ehtimoli borligini unutmasligi kerak.

Toʻrtinchisi, oʻtgan qissada, yaʼni, ikki bogʻ egasi va uning moʻmin doʻsti qissasida dunyo hayoti matohlari kishini fitnaga uchratib, yoʻldan ozdirishi mumkinligi aytilgan edi. Muso alayhissalom va solih banda qissalari esa, dunyo hayotidagi baʼzi bir hodisalar ham kishini fitnaga uchratib yoʻldan ozdirishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Va hokazo...

Endi navbat Zulqarnayn qissasiga keldi. Bu qissani bayon etuvchi oyati karimalarni oʻrganishga kirishishdan oldin aytib oʻtish kerakki, Zulqarnaynning shaxsi, qayerda va qachon yashagani, borgan joylari, qilgan ishlari haqida juda koʻp gaplar bor. Turli-tuman fikrlar, farazlar va taxminlar ham koʻp. Ulardan ayrimlari tafsir kitoblarimizda ham keltirilgan. Bu gap-soʻzlar qissachi va tarixchi odamlarning oʻrganib topgan maʼlumotlaridir. Ularni hech kim aynan Qurʼonda zikr etilgan Zulqarnayn haqida deb uzil-kesil aytolmaydi. Aytsa ham, asossiz, taxmin ila aytgan boʻladi. Misol uchun, baʼzilar qissadagi Zulqarnayndan murod makedoniyalik Iskandar, deganlar. Bu gap toʻgʻri emas. Chunki, makedoniyalik Iskandar Allohning yagonaligiga ishongan moʻmin boʻlgan emas. Qurʼondagi Zulqarnayn esa, moʻmin odamdir. Shuning uchun, bunga oʻxshash taxminiy gaplarni bir tomonga qoʻyib, Allohning kalomidagi maʼlumotlargagina yuz tutib, qissadan koʻzlangan maqsaddan foydalanishga oʻtganimiz maʼqul.