قَالَ هَـٰذَا رَحْمَةٌ مِّن رَّبِّى ۖ فَإِذَا جَآءَ وَعْدُ رَبِّى جَعَلَهُۥ دَكَّآءَ ۖ وَكَانَ وَعْدُ رَبِّى حَقًّا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U: «Bu, Robbim rahmatidandir. Agar Robbimning va'dasi kelsa, buni yer barobar qilur. Robbimning va'dasi haqdir», dedi.У: «Бу, Роббим раҳматидандир. Агар Роббимнинг ваъдаси келса, буни ер баробар қилур. Роббимнинг ваъдаси ҳақдир», деди.Alauddin Mansour: «Bu Parvardigorim tomonidan boʻlgan bir marhamatdir. Endi qachon Parvardigorim (Yaʼjuj va Maʼjuj chiqadi, deb) vaʼda qilgan vaqt kelganida (yaʼni, Qiyomat qoyim boʻlishiga yaqin qolganida), Oʻzi u (toʻsiqni) tep-tekis qilib qoʻyur. Parvardigorimning vaʼdasi haqdir», dedi u.«Бу Парвардигорим томонидан бўлган бир марҳаматдир. Энди қачон Парвардигорим (Яъжуж ва Маъжуж чиқади, деб) ваъда қилган вақт келганида (яъни, Қиёмат қойим бўлишига яқин қолганида), Ўзи у (тўсиқни) теп-текис қилиб қўюр. Парвардигоримнинг ваъдаси ҳақдир», деди у.
Bu haqiqiy moʻminning gapi edi. Haqiqiy moʻmin yetti iqlimning podshohi boʻlib, tarixda hech kimning qoʻlidan kelmagan ishni qilganida ham:
«Bu, Robbimning rahmatidandir», deydi.
Hech qachon, men qildim, mendan boshqa odam qila olmas edi, demaydi. Shu bilan birga, oʻzi qilgan ishning bebaqoligi, Alloh taolo xohlasa, uni bir zumda barbod etishi mumkinligini doimo tan olib yuradi.
Shu joyda Zulqarnayn qissasi tugaydi. Qissaning soʻngida yoʻllari Saddi Zulqarnayn bilan toʻsilgan Yaʼjuj va Maʼjujlar haqida turli gaplar juda ham koʻp. Baʼzilar: ular moʻgʻul-tatarlar, deydilar. Avval bir necha bor takrorlaganimizdek, bu gaplarning hammasi ulamolarning ijtihodlaridir. Yaʼjuj va Maʼjuj haqida «Anbiyo» surasida ham: «To Yaʼjuj va Maʼjuj ochilib, ular har bir tepalikdan shoshib tushganida», degan oyati karima bor.
Shuningdek, imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu Sufyoni Savriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalari ummul moʻminiyn Zaynab binti Jahsh onamiz quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyqularidan yuzlari qizargan hollarida: «Arablarning holiga yaqinlashgan yomonlikdan voy boʻlsin, bugun Yaʼjuj va Maʼjuj radmi–saddidan mana shuncha ochildi», deb turdilar, bosh va koʻrsatkich barmoqlarini xalqa qilib koʻrsatdilar. Men: «Ey, Allohning Rasuli, ichimizda ahli solihlar boʻla turib halok boʻlamizmi?»–dedim. U kishi: «Ha, agar yomonlik koʻpaysa», dedilar».
Shuningdek, imom Muslim, imom Termiziy, imom Ibn Moja, imom Ahmad va imom Abu Dovudning rivoyatlarida ham Yaʼjuj va Maʼjuj haqida xabarlar kelgan.
Aqoid ilmi ulamolarimiz Yaʼjuj va Maʼjuj haqidagi oyati karima va hadisi shariflarni mukammal oʻrganishib, quyidagi xulosani aytadilar:
«Yaʼjuj va Maʼjuj juda ham koʻp sonli bir qavm boʻlib, ularning chiqishlari qiyomatning alomatlaridan bir alomatdir. Ular yer yuzini fasodga va xarobga toʻlgʻazadilar. Ularning qachon chiqishini esa, Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi».
Ushbu gaplardan boshqasi oʻrinsizdir.
Zulqarnayn qissasidan ulamolarimiz koʻplab hikmat va ibratlarni chiqarganlar.
Biz esa, ushbu qissada inson bu dunyoda kahf egalariga oʻxshab siyosiy istibdodga, iymon uchun qiyin-qistov va quvgʻin fitnasiga, ikki bogʻ egasiga oʻxshab molu dunyo, zebu ziynat fitnasiga, Muso alayhissalomga oʻxshab ilmu maʼrifat fitnasiga uchrashi mumkin boʻlganidek, hukm va hukmronlik, turli moddiy va maʼnaviy ustunlik imkoniyatlari fitnasiga ham uchrashi mumkinligi koʻrsatilganiga ishora qilmoqchimiz. Ana shunday sinov davrida moʻmin banda Zulqarnayndan oʻrnak olishi lozimligi Qurʼon taʼlimotidir. Alloh taolo Zulqarnaynga magʻribu mashriq va yana boshqa taraflarning saltanatini bersa ham, hovliqib ketmadi. Oʻsha yerdagi qavmlar ustidan xohlagan hukmini chiqarish ixtiyorini bersa ham, yaxshilarga yaxshilik qilishga, yomonlarni azoblashga qaror berdi. Xohlaganini azoblab, xohlaganini mukofotlamadi. Oʻzining ishlarini Allohning lutfi-marhamati ila boʻlmoqda deb, toʻgʻri tushundi. Yurtidagi kishilarni turli yomonliklardan himoya etishga harakat qildi.
Keyingi oyatda Zulqarnayn qissasiga xotima yasaladi: