بَدِيعُ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۖ وَإِذَا قَضَىٰٓ أَمْرًا فَإِنَّمَا يَقُولُ لَهُۥ كُن فَيَكُونُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U osmonlaru yerni paydo qiluvchidir. Biror ishni qilmoqchi bo`lganida, unga: «Bo`l!» desa, bo`laveradir.У осмонлару ерни пайдо қилувчидир. Бирор ишни қилмоқчи бўлганида, унга: «Бўл!» деса, бўлаверадир.Alauddin Mansour: (U) Yeru osmonlarni paydo qilguvchidir. Biror ishni hukm qilsa unga faqatgina «Boʻl» deydi, xolos. Bas, u ish boʻladi.(У) Еру осмонларни пайдо қилгувчидир. Бирор ишни ҳукм қилса унга фақатгина «Бўл» дейди, холос. Бас, у иш бўлади.
Kofirlarning Alloh subhonahu va taologa nisbatan qilgan eng katta beodobliklari, tuhmatlari shuki–
«Ular: «Alloh Oʻziga farzand tutdi», derlar».
Alloh taoloning Oʻzi bu tuhmatni hadisi qudsiylaridan birida «soʻkish» deb baholagan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom:
«Alloh taolo, odam bolasi meni yolgʻonchi qildi, shuni qilmasa boʻlardi. Odam bolasi meni soʻkdi, shuni qilmasa boʻlardi. Meni yolgʻonchi qilgani–uni qanday boʻlsa shunday qilib qayta tiriltira olmaydi, deb oʻylaydi. Meni soʻkkani–bolasi bor, deyishi. Men xotin yoki bola olishdan pokdirman, deb aytdi», deganlar.
Kofirlar ushbu oyati karimada kelganidek, «Alloh oʻziga farzand tutdi», deydilar.
Bu oyatlar tushayotgan paytda musulmonlar bilan yuzma-yuz toʻqnashib turgan uch toifa kofirlarning barchasi ham ulkan jinoyatga borib, Allohga tuhmat qilishardi: Yahudiylar:
«Uzayr - Allohning oʻgʻli», deyishardi; Nasorolar:
«Iyso Masih - Allohning oʻgʻli», deyishardi; kofirlarning uchinchi guruhi boʻlmish mushriklar:
«Farishtalar - Allohning qizlari», deyishardi.
Hozirgi zamon musulmon ulamolaridan shayx Abul Hasan Nadaviy hazratlari bu oyati karimaning ulkan moʻʼjizasi haqida quyidagi maʼnoni yozganlar. Oyatda: «Ular: «Alloh Oʻziga farzand tutdi», derlar», deyilyapti. Bu jumladan Allohning nasli bor, yaʼni, undan farzand tugʻildi, degan maʼno kelib chiqmaydi. Oʻzidan tugʻilmagan shaxsni asrandi farzand qilib oldi, degan maʼno chiqadi. Tarixni yaxshiroq oʻrganib koʻrilsa, diniy mahzablarga chuqurroq nazar solinsa, nasoro mazhablaridan baʼzilari: «Iyso Allohning tutingan, asrandi oʻgʻli», deb eʼtiqod qilishar ekan. Qurʼoni Karim ilohiy kitob boʻlmaganida, bu nozik taraflarni kim bilardi?!
Kofirlarning bu boʻxtoniga qarshi oyatning davomida va keyingi oyatda Alloh taolo beshta raddiya bilan javob qilmoqda:
«U pokdir. Balki osmonlaru yerdagi barcha narsalar Unikidir. Hamma Unga boʻysunuvchidir. U osmonlaru yerni paydo qiluvchidir. Biror ishni qilmoqchi boʻlganida, unga: «Boʻl!» desa, boʻlaveradir».
1. «Subhonahu» soʻzining oʻzi, Alloh pok boʻldi, yuqori boʻldi, ularning aytganlari bekor, degan maʼnolarni anglatadi. Shuning uchun ham, biz uni: «U pok boʻldi», deb tushunsak ham boʻladi.
2. «Balki osmonlaru yerdagi barcha narsalar Unikidir».
Yaʼni, hamma narsaga ega boʻlib turgan zotning farzandga hojati boʻlarmidi?
3. «Hamma Unga boʻysunuvchidir».
Yaʼni, hamma Allohning bandasidir, farzandi emas. Hamma Unga boʻysunib turganda, Uning farzandga hojati qolarmidi?!
4. «U osmonlaru yerni paydo qiluvchidir».
Yaʼni, ularni yoʻqdan paydo qiluvchi Zot. Osmonlaru yerning nimaligini inson haligacha toʻla anglab yetgani yoʻq. Alloh esa, ularni yoʻqdan bor qilgan. Shunday ulugʻ Zot, albatta, farzandga hojatmandlikdan pok va yuqoridir.
5. «Biror ishni qilmoqchi boʻlganida, unga: «Boʻl!» desa, boʻlaveradir».
Yaʼni, Alloh farishtalarni yaratishnimi, Uzayr yo Iyso alayhissalomlarning dunyoga kelishlarinimi–nimani iroda qilsa, «Boʻl!» deydi. Va aytganiday boʻladi. Tamom. Boshqa gapga, har xil taxminu boʻhtonlarga hojat yoʻq.
Islomiy tasavvurdan boshqa tasavvurlar va falsafalarning katta xatosi Xoliq (yaratuvchi) bilan maxluq (yaratilmish) orasidagi farqni tushunmaslikdadir. Islom nazariyasi boʻyicha, maxluqlar tamom boshqa, Xoliq tamom boshqadir. Xoliqning aslo oʻxshashi yoʻq, Uni tasavvurga sigʻdirib ham boʻlmaydi, maxluqqa qiyosan taʼriflanmaydi ham. Yaʼni, Allohning xotini ham, farzandi ham boʻlishi mumkin emas.
Hozirgi kunda «Allohning farzandi bor» degan eʼtiqodga asoslanuvchi dinga ishonuvchilardan koʻplari dinlarini tark etmoqda. Baʼzi mazhablarning boshliqlari bu eʼtiqoddan voz kechishni taklif etmoqdalar.
Kofirlarga ergashmaslikning sabablaridan yana birini quyidagi oyati karimadan bilib olamiz: