وَإِذْ جَعَلْنَا ٱلْبَيْتَ مَثَابَةً لِّلنَّاسِ وَأَمْنًا وَٱتَّخِذُوا۟ مِن مَّقَامِ إِبْرَٰهِـۧمَ مُصَلًّى ۖ وَعَهِدْنَآ إِلَىٰٓ إِبْرَٰهِـۧمَ وَإِسْمَـٰعِيلَ أَن طَهِّرَا بَيْتِىَ لِلطَّآئِفِينَ وَٱلْعَـٰكِفِينَ وَٱلرُّكَّعِ ٱلسُّجُودِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Uy»ni odamlar uchun masaba va omonlik joyi qilganimizni esla. Va Ibrohimning maqomini namozgoh tuting. Va Ibrohim va Ismoilga: «Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku' va sajda qiluvchilar uchun poklab qo`yinglar», deb amr qildik.«Уй»ни одамлар учун масаба ва омонлик жойи қилганимизни эсла. Ва Иброҳимнинг мақомини намозгоҳ тутинг. Ва Иброҳим ва Исмоилга: «Уйимни тавоф қилувчилар, муқим турувчилар, рукуъ ва сажда қилувчилар учун поклаб қўйинглар», деб амр қилдик.Alauddin Mansour: Eslang: «Baytullohni odamlar uchun ziyoratgoh va tinch joy qildik va Ibrohimning (Kaʼbatullohni bino qilayotgan vaqtida) turgan oʻrnini namozgoh qilib oling, (dedik) va Ibrohim bilan Ismoilga: «Mening baytimni tavof qilguvchilar, oʻsha Yerda ibodat qilib turuvchilar, rukuʼ-sajda qiluvchilar uchun pok tuting», deb buyurdik.Эсланг: «Байтуллоҳни одамлар учун зиёратгоҳ ва тинч жой қилдик ва Иброҳимнинг (Каъбатуллоҳни бино қилаётган вақтида) турган ўрнини намозгоҳ қилиб олинг, (дедик) ва Иброҳим билан Исмоилга: «Менинг байтимни тавоф қилгувчилар, ўша Ерда ибодат қилиб турувчилар, рукуъ-сажда қилувчилар учун пок тутинг», деб буюрдик.
Oyatdagi «masaba» soʻzi Qurʼoni Karimning moʻʼjizaligiga, hamda arab tilining boyligiga dalolat qiladi. Tilimizdan bu soʻzning aynan maʼnosini bera oladigan soʻzni topa olmay, oʻzini yozib qoʻydik. Masaba–odamlar qayta-qayta kelib toʻymaydigan joy, deganidir. Kaʼbatullohga necha bor kelsa ham, odam har gal toʻymay qolaverishi, yana kelgisi kelaverishining boisi ham shu oyati karima sharofati bilan boʻlsa kerak.
«Uy»ni odamlar uchun masaba va omonlik joyi qilganimizni esla».
Alloh bu yerni omonlik yurti ham qilib qoʻygan, kim bu yerga kelsa, omon boʻladi. Hanafiy mazhabi ulamolari: «Jinoyatchi Baytullohga kirib olsa, uni tutib jazolab boʻlmaydi», deyishgan.
Maʼlumki, arab mushriklari ham, biz Ibrohim alayhissalomning nabiralarimiz, deb faxrlanishar edi. Xoʻsh, ular bu muqaddas dargohning hurmatini joyiga qoʻydilarmi? Yoʻq, ular Islomga qarshi turdilar, musulmonlarni haydab chiqardilar, omonlik yoʻrigʻini oyoqosti qilib, ularni xavf-xatar ostiga qoʻydilar, koʻplarini oʻldirdilar yoki oʻldirmoqchi boʻldilar.
«Va Ibrohimning maqomini namozgoh tuting.»
Ibrohim alayhissalomga kelinlari–Ismoil alayhissalomning xotinlari, Baytullohni qurishda ishtirok eta turib, bir tosh uzatgan edilar, u kishi oʻsha tosh ustida turib Kaʼbatullohni qurganlar. Shunda oʻsha toshga oyoq izlari tushib qolgan. Shu tosh hozirda ham mavjud. «Maqomi Ibrohim» shu tosh va uning atrofidir. Rivoyatlarda kelishicha, Ibrohim alayhissalom Baytullohni qurib boʻlganlaridan soʻng, oʻsha yerda namoz oʻqiganlar. Musulmonlarga Alloh taolo oʻsha joyni namozgoh qilib olishni buyurmoqda. Shunga binoan, tavofdan keyin hamisha oʻsha yerda ikki rakʼat namoz oʻqiladi.
Imom Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayhi Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki:
«Rasululloh alayhissalom Hajarul Asvadni istilom qilib, uch marta tez (pahlavon yurish bilan) va toʻrt marta oddiy yurish bilan tavof qildilar. Soʻngra, maqomi Ibrohimga oʻtib, «Vattaxizuu mimmaqomi Ibrohima musallo»ni oʻqidilar va u joyni oʻzlari bilan Kaʼbaning orasida qoldirib namoz oʻqidilar».
Ibrohim alahissalomning nabirasiman, deyayotgan mushriklar Baytullohga butu sanamlarini oʻrnatib, ularga choʻqinar edilar. Alloh taolo esa:
«Va Ibrohim va Ismoilga: «Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, rukuʼ va sajda qiluvchilar uchun poklab qoʻyinglar», deb amr qildik», demoqda.
Yaʼni, Baytullohni atrofdan kelib tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, rukuʼ va sajda qiluvchilar uchun poklab qoʻyishni buyurgan edik, demoqda. Bu eslatma arab mushriklarining bunday muqaddas baytni maʼnaviy najas boʻlmish uch yuz oltmishdan ortiq but bilan, shirk aqiydasi bilan iflos qilganliklari naqadar yomon ish ekanini koʻrsatadi.
Yana Ibrohim alayhissalom va Baytulloh haqidagi soʻz davom etadi.