۞ وَإِذِ ٱبْتَلَىٰٓ إِبْرَٰهِـۧمَ رَبُّهُۥ بِكَلِمَـٰتٍ فَأَتَمَّهُنَّ ۖ قَالَ إِنِّى جَاعِلُكَ لِلنَّاسِ إِمَامًا ۖ قَالَ وَمِن ذُرِّيَّتِى ۖ قَالَ لَا يَنَالُ عَهْدِى ٱلظَّـٰلِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ibrohimni Robbisi kalimalar ila sinab ko`rganda, u ularni batamom ado etganini esla! U zot: «Men, albatta, seni odamlarga imom qilmoqchiman» – dedi. U: «Zurriyotimdan hammi?» – dedi. U zot: «Zolimlar ahdimga hech qachon erisha olmaslar», – dedi.Иброҳимни Роббиси калималар ила синаб кўрганда, у уларни батамом адо этганини эсла! У зот: «Мен, албатта, сени одамларга имом қилмоқчиман» – деди. У: «Зурриётимдан ҳамми?» – деди. У зот: «Золимлар аҳдимга ҳеч қачон эриша олмаслар», – деди.Alauddin Mansour: Eslang: Ibrohimni Parvardigori bir necha soʻzlar bilan imtihon qilganida, ularni benuqson holda ado etdi. Shunda (Alloh taolo): «Albatta Men seni odamlarga imom qilguvchidirman», dedi. «Zurriyotimni ham-a?», deb soʻradi u. (Alloh taolo) aytdi: «Mening bu ahdim (sening zurriyoting orasidagi) zolim kimsalarga yetmaydi».Эсланг: Иброҳимни Парвардигори бир неча сўзлар билан имтиҳон қилганида, уларни бенуқсон ҳолда адо этди. Шунда (Аллоҳ таоло): «Албатта Мен сени одамларга имом қилгувчидирман», деди. «Зурриётимни ҳам-а?», деб сўради у. (Аллоҳ таоло) айтди: «Менинг бу аҳдим (сенинг зурриётинг орасидаги) золим кимсаларга етмайди».
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni sinagan «kalimalar» haqida tafsirchilarimiz turlicha fikrlar bildirganlar. Xulosa shuki, bu kalimalar buyruq va qaytariqlar majmuasidir. Yaʼni, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni bir qancha ishlarga amrlar qildi va bir qanchalaridan qaytardi. Ibrohim alayhissalom vafodor banda sifatida u kalimalarni kam-koʻstsiz ado etdilar. Mukofot tariqasida Alloh taolo u kishiga:
«Men, albatta, seni odamlarga imom qilmoqchiman»,–dedi. «Imom» soʻzi peshvo, oldindagi, boshlovchi shaxs maʼnolarini bildiradi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni odamlarga peshvo, boshliq, rahnamo qilmoqchi ekanini bildirdi. Shu paytda Ibrohim alayhissalomning insonlik tabiatlari oʻzini koʻrsatdi: oddiy bir inson sifatida bolalari, nabiralari, zurriyotlarini oʻyladilarda:
«Zurriyotimdan hammi?»–dedilar. Alloh subhonahu va taolo bu savolga bevosita javob bermadi, balki umumiy qoidani aytdi:
«Zolimlar ahdimga hech qachon erisha olmaydilar», – dedi».
«Zolimlar» kimlar?
Zulm, zolimlik turlicha boʻladi. Kufr, shirk va gunoh ishlar qilish bilan, diniy koʻrsatmalardan chiqish bilan oʻziga oʻzi zulm qilish ham zolimlik, oʻzga kishilarga nisbatan adolatsiz munosabatda boʻlib zulm qilish ham zolimlikdir.
Jumladagi «ahd» soʻzi imomlikka vaʼda maʼnosida kelyapti. Imomlik esa, namozdagi imomlikdan tortib, to Islom yurti rahbarligigacha boʻlgan masʼuliyatli ishdir. Shundan kelib chiqilsa, din nuqtai nazaridan, zolimlar musulmonlarga peshvolikka loyiq emaslar. Bu ishda naslu nasab, molu dunyo yoki boshqa dunyoviy sabablar eʼtiborga olinmaydi. Islom oʻlchoviga koʻra, yaʼni, ilohiy oʻlchov boʻyicha, faqat iymon, taqvo, amali solihlargina eʼtiborlidir. Ibrohim alayhissalomdek ulugʻ Paygʻambarning zurriyotlariga ham nasl-nasablari foyda bermas ekan, boshqalarga yoʻl boʻlsin.
Ibrohim alayhissalomga va u kishining solih amalli zurriyotlariga imomlik vaʼda qilingan oyatdan keyin, imomlikning koʻrinishlaridan biri haqida–Baytulloh va unga tegishli ishlar toʻgʻrisidagi oyatlar keladi: