لَا يُكَلِّفُ ٱللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۚ لَهَا مَا كَسَبَتْ وَعَلَيْهَا مَا ٱكْتَسَبَتْ ۗ رَبَّنَا لَا تُؤَاخِذْنَآ إِن نَّسِينَآ أَوْ أَخْطَأْنَا ۚ رَبَّنَا وَلَا تَحْمِلْ عَلَيْنَآ إِصْرًا كَمَا حَمَلْتَهُۥ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِنَا ۚ رَبَّنَا وَلَا تُحَمِّلْنَا مَا لَا طَاقَةَ لَنَا بِهِۦ ۖ وَٱعْفُ عَنَّا وَٱغْفِرْ لَنَا وَٱرْحَمْنَآ ۚ أَنتَ مَوْلَىٰنَا فَٱنصُرْنَا عَلَى ٱلْقَوْمِ ٱلْكَـٰفِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas. Foydasi ham o`z kasbidan, zarari ham o`z kasbidan. Ey Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin. Ey Robbimiz, bizdan oldingilarga yuklaganga o`xshash og`irlikni bizga yuklamagin. Ey Robbimiz, bizga toqatimiz yetmaydigan narsani yuklamagin. Bizni afv et, mag`firat qil va rahim et. Sen xojamizsan. Bas, kofir qavmlarga bizni g`olib qil.Аллоҳ ҳеч бир жонни тоқатидан ташқари нарсага таклиф қилмас. Фойдаси ҳам ўз касбидан, зарари ҳам ўз касбидан. Эй Роббимиз, агар унутсак ёки хато қилсак, (иқобга) тутмагин. Эй Роббимиз, биздан олдингиларга юклаганга ўхшаш оғирликни бизга юкламагин. Эй Роббимиз, бизга тоқатимиз етмайдиган нарсани юкламагин. Бизни афв эт, мағфират қил ва раҳим эт. Сен хожамизсан. Бас, кофир қавмларга бизни ғолиб қил.Alauddin Mansour: Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali oʻzi uchundir va (yomon) amali ham oʻzining boʻynigadir. Parvardigoro, agar unutgan yoki xato qilgan boʻlsak, bizni azobingga giriftor aylama! Parvardigoro, bizlarning zimmamizga bizdan ilgari oʻtganlarning buyinlariga qoʻygan yukingni yuklama! Parvardigoro, bizlarni toqatimiz yetmaydigan narsaga zoʻrlama! Bizlarni afv et, (gunohlarimizni) magʻfirat qil, (holimizga) rahm ayla! Oʻzing Xojamizsan! Bas, bu kofir qavm ustiga Oʻzing bizni gʻolib qil!Аллоҳ ҳеч бир жонни тоқатидан ташқари нарсага таклиф қилмайди. (Ҳар кимнинг) қилган (яхши) амали ўзи учундир ва (ёмон) амали ҳам ўзининг бўйнигадир. Парвардигоро, агар унутган ёки хато қилган бўлсак, бизни азобингга гирифтор айлама! Парвардигоро, бизларнинг зиммамизга биздан илгари ўтганларнинг буйинларига қўйган юкингни юклама! Парвардигоро, бизларни тоқатимиз етмайдиган нарсага зўрлама! Бизларни афв эт, (гуноҳларимизни) мағфират қил, (ҳолимизга) раҳм айла! Ўзинг Хожамизсан! Бас, бу кофир қавм устига Ўзинг бизни ғолиб қил!
Hamma narsani daqiq-daqiqlarigacha biluvchi Alloh har bir jon ham nimaga yaraydiyu nimaga yaramaydi–yaxshi biladi. Bandalariga mehribonligidan, imkoni va haqqi boʻlsa ham, hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi:
«Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas».
Allohning buyruqlari va qaytariqlari bandaning imkoni darajasi doirasida boʻladi. Ana oʻsha taklifga amal qilishiga qarab, boshqa hech bir narsaga qaramasdan, bandaning jazosi yoki mukofoti belgilanadi. Har bir bandaning:
«Foydasi ham oʻz kasbidan, zarari ham oʻz kasbidan.»
Oxiratda oshna-ogʻaynichilik, vositachilik, nasli-nasabiga qarash yoki boshqa imtiyozlar oʻtmaydi. Har bir shaxs oʻzi uchun oʻzi javob beradi. Shunday ekan, har bir banda iymon-ixlos bilan Allohning amrini bajarishi va doimo uning oʻziga yolborib duo qilishi zarur:
«Ey Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin».
Moʻmin banda bor imkonini ishga solib Allohning farmoniga muvofiq ish yuritishga harakat qiladi. Bu borada koʻpgina toʻsiqlarni yengib, qiyinchiliklarga bardosh beradi. Lekin u farishta ham emas, baʼzi vaqtlarda bilmasdan xato qilib qoʻyadi yoki baʼzi narsalarni unutib, esdan chiqaradi. Shuning uchun ham, duoning avval-boshida mazkur narsalar uchun azobga tutmaslikni Alloh taoloning Oʻzidan soʻramoqda. Alloh taolo moʻmin bandalarining ushbu duosini qabul etgan.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Ummatimdan uch narsa–xato, esdan chiqqan ishlar va majbur qilinganlik koʻtarildi», deganlar.
«Ey Robbimiz, bizdan oldingilarga yuklaganga oʻxshash ogʻirlikni bizga yuklamagin».
Maʼlumki, Alloh taolo avval oʻtgan ummatlarga ular qilgan osiyliklari uchun qiyin-qiyin takliflar yuborgan.
Baʼzilariga tavba qilish uchun oʻzini oʻldirishni amr qilgan boʻlsa, boshqalarga najosatni ketkazish uchun kiyimini kesishni buyurgan. Shunga oʻxshash ogʻir ishlar Islom ummatiga ham boʻlmasligi soʻralmoqda:
«Ey Robbimiz, bizga toqatimiz yetmaydigan narsani yuklamagin».
Moʻminlar Allohning amri qanchalik boʻlsa ham bajarishga doim tayyorlar. Lekin Allohning rahmati kengligidan umidvor boʻlib, oʻzlarini kichik fahmlab, bu duoni qilishmoqda.
«Bizni afv et, magʻfirat qil va rahim et».
Moʻmin banda har qancha harakat qilsa ham, bandalik burchini toʻliq ado eta olmasligini yaxshi biladi. Shuning uchun, doimo oʻziga Allohning afvi, magʻfirati va rahmatini soʻrab turadi.
«Sen xojamizsan. Bas, kofir qavmlarga bizni gʻolib et.»
Haqiqatan, moʻmin bandaga Allohning Oʻzidan boshqa xoja yoʻq. Yordamchi yoʻq. Shuning uchun ham, moʻminlarning hayotlaridagi eng muhim narsalardan biri–kofir qavmlar bilan boʻladigan kurashda Uning Oʻzidan gʻoliblikka yordam soʻralmoqda.
«Baqara» surasining oxiridagi ikki oyat haqida bir qancha rivoyatlar kelgan. Jumladan:
Imom Nasaiy ibn Abbosdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh alayhissolatu vassalom Jabroil bilan oʻtirgan edilar. Yuqoridan bir ovoz eshitildi. Jabroil osmonga burilib qaradi-da:
«Bu–osmonning eshiklaridan biri, hech ochilmagan edi, bugun ochildi», dedi. Undan bir farishta tushdi va Paygʻambar alayhissolatu vassalomning huzurlariga kelib:
«Suyunchi, sendan avvalgi Paygʻambarlarga berilmagan ikki nur senga berildi, surai «Fotiha» va «Baqara» surasining oxiri. Ulardan oʻqigan har bir harfingga, albatta, (savob va javob) berilasan»,–dedi».
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Surai «Baqara»ning oxirgi ikki oyatini oʻqi, ular menga arshning ostidagi xazinadan berilgan», deganlar.
Boshqa bir hadisda: «Kim «Baqara» surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada oʻqisa, kifoya qiladi», deganlar...