ٱقْتَرَبَ لِلنَّاسِ حِسَابُهُمْ وَهُمْ فِى غَفْلَةٍ مُّعْرِضُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Odamlarga hisoblari yaqinlashib qoldi. Ular esa, g`aflatda, yuz o`giruvchi bo`lgan hollarida.Одамларга ҳисоблари яқинлашиб қолди. Улар эса, ғафлатда, юз ўгирувчи бўлган ҳолларида.Alauddin Mansour: Odamlarga hisob-kitoblari (yaʼni, Qiyomat qoyim boʻlishi) yaqinlashib qoldi. Ular esa gʻaflatda, (iymon keltirib, yaxshi amallar qilishdan) yuz oʻgirguvchidirlar.Одамларга ҳисоб-китоблари (яъни, Қиёмат қойим бўлиши) яқинлашиб қолди. Улар эса ғафлатда, (иймон келтириб, яхши амаллар қилишдан) юз ўгиргувчидирлар.
Kishilarga qiyomat va uning hisob-kitobi yaqinlashdi. Ulamolarimiz: Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Paygʻambar boʻlib kelishlarining oʻziyoq qiyomat yaqinlashganining eng katta alomati, deydilar. Chunki, u zot oxirgi Paygʻambardirlar, u zotdan keyin Paygʻambar kelmaydi. Qiyomat keladi.
Shu bilan birga, har bir keluvchi yaqindir, degan qoida ham bor. Kelishi kutilayotgan har bir narsa tezda keladi. Bularning eng kattasi qiyomatdir, unda boʻladigan hisob-kitobdir.
Har bir inson oʻlimni ham kutadi. Kim oʻlsa, qiyomati qoim boʻladi. Chunki, oʻlgandan keyin insonga qiyomatni kutishdan boshqa ish qolmaydi. Har bir insonning oʻlimi ham yaqindir. Ha,
«Odamlarga hisoblari yaqinlashib qoldi».
Mana shularning barchasi kishilarni hushyorlikka, hisob-kitob uchun yaxshilab tayyorgarlik koʻrishga undamogʻi lozim edi. Kishilar qiyomatda boʻladigan hisob-kitobga yordam beruvchi amallarni qilishlari kerak edi.
«Ular esa, gʻaflatda, yuz oʻgiruvchi boʻlgan hollarida.»
Ha, odamlar gʻaflatda yuribdilar. Ularning qiyomat bilan, hisob- kitob bilan ishlari yoʻq.
Ular Robbilaridan kelgan hidoyatdan, Paygʻambarlar va kitobdan yuz oʻgirib yuribdilar.